“Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak, ko‘zbo‘yamachilik emas” — Hilola Umarova
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblandi. Bu ayblov PISA 2025 tadqiqotida barcha Prezident maktablarining ishtirok etayotgani bilan izohlanmoqda.
PISA — Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi bo‘lib, turli davlatlarda 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonligini (o‘qish, matematika va tabiiy fanlar) hamda bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini baholovchi dasturdir.
Ushbu dastur 1997-yilda joriy etilgan bo‘lib, har uch yilda bir marta o‘tkaziladi, birinchi marta 2000-yilda o‘tkazilgan. 2022-yilda esa nihoyat O‘zbekiston ham ilk bor PISA xalqaro tadqiqotida ishtirok etgandi.
Unda O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilar matematika fanidan jami 364 ball to‘plashgan.
Bu natijalarni boshqa mamlakatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu ancha past ko‘rsatgich ekanligini bilish qiyin emas. PISA 2022 tadqiqotida jami 81 ta davlat ishtirok etgan bo‘lsa, O‘zbekiston ana shu mamlakatlar orasida 72-o‘rinni egallagandi.
Undan tashqari PISA 2022 tadqiqotining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha, ya’ni o‘qish savodxonligi — 336 ball (81 ta mamlakat orasida 80-o‘rin), tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha — 355 ball (81 ta mamlakat orasida 80-o‘rin).
O‘zbekiston PISA 2025 tadqiqotida ham ishtirok etishi belgilangan bo‘lib, joriy yil 5-maydan boshlab O‘zbekistonda PISA 2025 xalqaro sinovlariga start berilgandi.
Joriy yilning yanvar oyida PISA 2025 tadqiqotida ishtirok etadigan maktablar va ularning sonini tasdiqlash to‘g‘risida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i imzolanganligi haqida xalqtaliminfo.uz manbasi xabar bergandi. Aynan shu vaqtda esa ijtimoiy tarmoqlarda PISA 2025 tadqiqotida ishtirok etadigan maktablarning aniq ro‘yxati haqidagi ma’lumotlar tarqalgandi.
Undagi ma’lumotlarni ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, PISA 2025 tadqiqotida jami 233 ta ta’lim muassasasi qatnashib, ulardan 17 tasi Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, 4 ta xususiy maktab, 1 ta maktab-internati, 1 ta harbiy musiqa akademik litseyi, 1 ta respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi hamda 209 tasini oddiy umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etishini ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu sonlarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan e’lon qilingan raqamlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, o‘rtada deyarli farqlar yo‘qligini ko‘rish mumkin.
PISA ko‘zbo‘yamachilik uchun o‘tkazilyaptimi?
Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert, pedagog Shokir Tursun o‘zining X hamda Telegram sahifasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda aybladi. U bu fikrini PISA 2025 tadqiqotida barcha Prezident maktablari “tasodifiy” tanlab olinganligi bilan izohlagan.
O'zbek