O‘zbekistondagi tarix darsliklari Rossiya talabiga ko‘ra qayta tahrirlanadimi?
Bundan 7 oy avval Rossiya Federatsiyasi Maorif vaziri Sergey Kravtsov Davlat Dumasi yalpi majlisida so‘zga chiqib, MDHning ayrim davlatlaridagi tarix darsliklarida Rossiyaga nisbatan, ayniqsa, sovet davriga oid mavzularni yoritishda salbiy munosabat mavjudligini aytgandi.
“Tarix darsliklariga kelsak, bu yerda bir qator davlatlar tarixini ko‘rib chiqishda tarixiylik va xolislik tamoyillariga rioya qilmagan, tarixiy materialni bayon etishda ma’lum murakkabliklar va muammolar mavjud. Avvalo, bu bizning umumiy o‘tmishimizga, Sovet Ittifoqi tarkibidagi respublikalar hududlari bo‘lgan davrga tegishli bo‘lib, ular umuman olganda Rossiyaga nisbatan salbiy xarakterga ega,” - degan Kravsov.
O‘shanda Rossiya Maorif vazirligi MDH davlatlaridagi ayrim vazirliklar bilan bilan birgalikda tarixiy o‘tmishga yagona yondashuvni ishlab chiqish ustida ish olib borayotgani ma’lum qilingandi.
Ammo Kravtsov bu qaysi davlatlar ekanligini aniq aytmagan. U Rossiya Maorif vazirligi ish olib borilayotgan bu mamlakatlar bilan “yagona ma’rifiy, madaniy va ma’naviy makon” barpo etilayotganini aytgan.
Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasi rasmiylari MDH davlatlaridagi tarix darsliklarida, ayniqsa Sovet davriga oid mavzularda Rossiyaga nisbatan tanqidiy yondashuv bor deb hisoblayapti.
Shuning uchun ular ayrim davlatlar bilan “umumiy tarix”ni birga muhokama qilib, darsliklardagi yondashuvni “kelishib olish” niyatida. Sergey Kravtsov nazarda tutayotgan “ayrim davlatlar” aynan qaysilar ekani ochiqlanmagan, lekin Rossiya bu ishni “madaniy va ma’naviy makon qurish” deb atamoqda. O‘zbekiston bu ro‘yxatda bormi – noma’lum.
Rossiya Maorif vaziri boshqa davlatlarning maktab darsliklarida tarix buzib talqin qilinganini avvalroq, ya’ni 2025-yil mart oyida Armaniston, Abxaziya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston hamda O‘zbekiston tarix fani o‘qituvchilari ishtirok etgan “Tarixiy haqiqat” nomli tarixchi-pedagoglar forumida ham aytgandi.
O‘shanda u ayrim davlatlarning maktab darsliklarida tarix buzib talqin qilinganini, holbuki Rossiyaning tarix darsliklarida Rossiyani boshqa mamlakatlarga qarshi qo‘yish yoki tajovuzkorlik yo‘q, deb ta’kidlagandi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bunga rasmiy munosabat bildirmagan bo‘lsa-da, vazir E‘zoza Karimova 2025-yil 21-noyabr kuni Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashib, turli xil loyiha va istiqboldagi rejalar haqida suhbatlashishgan.
O'zbek