O‘quvchilarning bilim darajasi ularning oilaviy sharoitiga bog‘liqmi?
Inson qanday oilada tug‘ilganidan qat’i nazar, sifatli ta’lim olishi, o‘z hayotini yaxshilash imkoniga ega bo‘lishi lozim. Biroq amaliyot buning aksini ko‘rsatmoqda, ya’ni ta’lim va kambag‘allik o‘rtasida murakkab va o‘zaro bog‘liqlik mavjud. Kambag‘allik bolalarning ta’lim natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, o‘z navbatida past ta’lim natijalari esa kelajakda yuqori daromad topish imkoniyatlarini ham cheklaydi. Shu sababli, ta’lim insonning ijtimoiy holatini o‘zgartirishga yordam beradigan eng muhim vositalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi tomonidan olib borilgan tadqiqotda ham aynan shu masalaning muhim jihatlaridan biriga e’tibor qaratiladi. Unda asosan kambag‘allikning bolalarning akademik ko‘rsatkichlariga qanday ta’sir qilishi tahlil qilingan.
Tadqiqot doirasida oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati va o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganilgan. Bunda aholining qayerda va qanday sharoitda yashashi, o‘quvchining jinsi kabi omillar ham hisobga olingan. Shuningdek, oilalarning daromad darajasiga qarab bolalar ta’limiga qilinayotgan xarajatlar, uy sharoitlari hamda ota-onalarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki ham solishtirilgan.
Tahlil uchun bir nechta yirik tadqiqot manbalaridan foydalanilgan. Xususan, xalqaro PISA 2022 tadqiqoti, 2024-yilgi Uy xo‘jaliklari daromadlari va xarajatlari kuzatuvi hamda UNICEF va Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) ma’lumotlari asos qilib olingan.
Tadqiqot mualliflari mavjud ma’lumotlar asosida faqat tavsifiy tahlil o‘tkazish mumkinligini ta’kidlaydi. Ya’ni barcha holatlarda qat’iy sabab-oqibat bog‘liqligini aniqlash imkoni yo‘q, chunki irsiy omillar kabi bevosita kuzatib bo‘lmaydigan boshqa ta’sirlar ham mavjud bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, mavjud ma’lumotlar ta’lim va ijtimoiy tengsizlik o‘rtasidagi muhim tendensiyalarni ko‘rsatib bergan.
PISA natijalari nimani ko‘rsatdi?
Tadqiqotda o‘quvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishini baholash uchun PISA tadqiqotida qo‘llaniladigan maxsus indeks — oilaning ijtimoiy-iqtisodiy statusi indeksi ishlatilgan. Bu indeks ota-onaning ta’lim darajasi, ota-onaning kasbiy maqomi hamda uy sharoitidagi ta’lim va madaniy resurslar kabi bir nechta omillar asosida shakllantiriladi.
Masalan, uyda kitoblar mavjudligi, o‘quvchining o‘qish uchun alohida joyi borligi yoki internetdan foydalanish imkoniyati shular jumlasiga kiradi. Mazkur indeks orqali o‘quvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi ularning ta’lim natijalariga qanday ta’sir qilayotganini aniqroq baholash mumkin.
PISA natijalari o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha bilimlarini turli darajalarda baholaydi. Bu darajalardan biri — 2-daraja — o‘quvchilarning jamiyatda faol ishtirok etishi uchun zarur bo‘lgan minimal bilim va ko‘nikmalarni ifodalaydi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yomonroq bo‘lgan oila farzandlarining ushbu darajaga erishish ko‘rsatkichlari eng yuqori daromadli oilalar farzandlariga nisbatan qariyb uch barobar past. Bunda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti yaxshilangan sari o‘quvchilarning akademik natijalari ham sezilarli ravishda yuqorilab boradi.
O'zbek