Top.Mail.Ru
Nega maktab maslahatchisi lavozimiga talabalar qabul qilinyapti? “Kelajak” markazi izoh berdi

Nega maktab maslahatchisi lavozimiga talabalar qabul qilinyapti? “Kelajak” markazi izoh berdi

13:00 / 14.05.2026 1.85k

Avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2026-yil 8-yanvardagi 7-sonli buyrug‘iga ko‘ra maktab maslahatchisi lavozimiga oliy, bakalavr diplomiga ega bo‘lgan nomzodlar qabul qilinishi belgilangan bo‘lsa-da, Respublika “Kelajak” markazi oliy ta’lim tashkilotlarining 4-bosqich (kunduzgi) hamda sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 5-bosqich talabalariga ham maktab maslahatchisi lavozimi uchun nomzod sifatida ariza yuborishga rozilik bergani haqida xabar bergandik.


Holat bo‘yicha, Respublika “Kelajak” markazi xalqataliminfo.uz'ga rasmiy izoh berib, bu tashabbus yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy faoliyatga yo‘naltirish hamda bandligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilganligini ma’lum qildi.


Respublika “Kelajak” markazi rasmiysining aytishicha, tasdiqlangan nizomga ko‘ra, maktab maslahatchisi lavozimiga oliy (bakalavr) ma’lumotga ega talabgorlar qabul qilinishi belgilangan.


Test va suhbat bosqichlari o‘quv yili yakuniga to‘g‘ri kelayotgani sababli, hozirgi jarayonda 4-kurs bitiruvchi talabalari arizalari ham qabul qilinmoqda. Ular faqat talabgor sifatida tanlovning test va suhbat bosqichlarida ishtirok etishlari mumkin. Jumladan, test sinovlari may oyida, suhbatlar esa iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Pedagogika  oliy ta’lim muassasalarida bu yil 41 mingga yaqin talaba bitiradi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy faoliyatga yo‘naltirish hamda bandligini ta’minlash maqsadida ularga tanlov jarayonlarida oldindan ishtirok etish imkoniyati yaratilgan.

Biroq lavozimga yakuniy ishga qabul qilish oliy ta’lim muassasasini tamomlab, diplom olgandan so‘ng amalga oshiriladi. Shu sababli amaldagi nizom talablari saqlanib qoladi”, - deydi “Kelajak” markazi mas’ul xodimi.

Maktab maslahatchisi lavozimiga talabalarning nomzod sifatida ishtirok etishi borasida huquqshunos, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi vakili Sherzodbek Tolibov ham o‘z fikr va tavsiyalarni bildirib, talabalar duch keladigan asosiy risklarga to‘xtalib o‘tdi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Kelajak” markazining maktab maslahatchisi lavozimi uchun e’lon qilingan rasmiy malaka talablari hamda talabalarga berilgan imkoniyat o‘rtasida jiddiy bahs-munozaralar paydo bo‘lmoqda.

Bir qarashda tizimda qarama-qarshilik (kolliziya) bordek tuyuladi: rasmiy Nizom oliy ma’lumot va diplom so‘ramoqda, yangi e’lon esa talabalarga ma’lumotnoma (spravka) bilan hujjat topshirishga ruxsat beryapti.

Keling, ushbu vaziyatning ijobiy tomonlari va hech kim aytmayotgan huquqiy xavflarini bir joyda tahlil qilamiz.

Bu qanday imkoniyat?

Ta’lim vazirligi bitiruvchi kurs (kunduzgi 4-kurs yoki sirtqi 5-kurs) talabalariga hali diplom olishga ulgurmagan bo‘lsalar-da, tanlovda qatnashish huquqini berdi. Bu kadrlarni oldindan seleksiya qilish va eng faol yoshlarni oliygohni bitirishi bilanoq ish bilan ta’minlash uchun tashlangan juda to‘g‘ri qadamdir.

Tanlov jarayonlari (hujjat qabul qilish, test, suhbat) ma’lum vaqt olganligi sababli, talaba rasman ish boshlaguncha o‘qishni tugatishga ulguradi.

Kolliziya va yashirin xavf (risk) nimada?

Asl muammo va huquqiy ziddiyat mana shu yerda boshlanadi. Tasavvur qiling: Bitiruvchi talaba diplom o‘rniga ma’lumotnoma yuklab, tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tdi va tavsiyanoma (rekomendatsiya) oldi. 

Ishga kirish uchun maktab direktoriga ariza yozdi. Ammo to‘satdan u oliygohda yakuniy davlat imtihonidan yiqildi yoki diplom himoyasidan o‘ta olmay, diplomsiz qoldi. Bunday vaziyatda nima bo‘ladi?