Top.Mail.Ru
“X-variant” mojarosiga to‘liq nuqta qo‘yildimi?

“X-variant” mojarosiga to‘liq nuqta qo‘yildimi?

23:18 / 19.05.2026 8.42k

Avvalroq tarix fanidan o‘tkazilgan “Milliy sertifikat” imtihonlari oldidan “x-variant” sotilgani haqida xabar bergandik. Imtihondan oldin audiochatda o‘qib eshittirilgan 50 ta savoldan 33 tasi hamda 2-aprel kuni mavjud bo‘lgan fayldagi testlardan 31 tasi 4, 5 va 7-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan imtihonlarda tushgani haqidagi xabar esa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.


Bilim va malakalarni baholash agentligi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, audiochatda o‘qilgan savollarning 33 tasi imtihon savollari bilan mazmunan o‘xshash ekanligini qisman tasdiqlagandi.


Muhokamalar bu bilan tugamadi. Keyinroq xalqtaliminfo.uz'da mazkur mavzuga doir yana bir nechta maqolalar e’lon qilindi. Shundan so‘ng, Bilim va malakalarni baholash agentligi tahririyat bilan bog‘lanib, bir qancha savollarimizga javob berib, tarix fanidan o‘tkazilgan “Milliy sertifikat” imtihonining tahliliy natijalarini ham tahririyat ixtiyoriga topshirdi.


Agentlikning ta’kidlashicha, milliy sertifikat uchun o‘tkaziladigan  barcha test natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalar rasmiy tekshiruvlar va statistik tahlil natijalariga asoslangan holda qabul qilinadi. Milliy sertifikat imtihonlarining test natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanib, imtihon natijalari klassik va zamonaviy test nazariyalari asosida statistik tahlil qilib boriladi.


Test sinovi natijalarining klassik test nazariyasi asosida statistik tahlili haqida


Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan milliy sertifikat imtihonlari o‘tkazilgandan so‘ng test sinovi natijalarining tahlili amalga oshiriladi va u asosida test topshiriqlarining statistik xarakteristikalari aniqlanadi.


Bu statistik xarakteristikalar test topshiriqlarining qiyinlik darajalari, test ballarining dispersiyalari (o‘zgaruvchanligi, farqlanishi), topshiriqning boshqa topshiriqlar bilan, shuningdek, umumiy ballar yig‘indisi bilan korrelyatsiyasi (bog‘liqligi)dan iborat.

Test topshiriqlarini qiyinlik darajalarini aniqlash usullaridan biri test topshiriqlarini empirik sinovdan o‘tkazib, to‘g‘ri javoblar salmog‘ini aniqlashdan iborat. Test ballari (yoki to‘g‘ri javoblar)ning dispersiyalari test topshiruvchilarning tayyorgarlik darajasini aniqlashga, bilim darajalari bo‘yicha ajratish imkoniyatlari haqida xulosa qilishga imkon beradi.


Shuningdek, test variantlari va test topshiriqlarining asosiy statistik xarakteristikalari qatoriga o‘rta qiymat, gistogrammalar qurish, moda va mediana kabi ko‘rsatkichlarni hisoblash hamda test ballarining umumiy dispersiyasi (standart og‘ishi) ham kiradi.

Test sinovlari natijalari asosida aniqlangan test ballari taqsimoti gistogrammasi qurilib, uning normal taqsimotga yaqinligi baholanadi. Gistogrammaning normal taqsimotga yaqinligi testning sifatini, test sinovlarining obyektiv o‘tkazilganligini bildiradi.