O‘quvchiga nisbatan axloqsiz harakat qilgan maktab maslahatchisi ishdan olinadi — "Kelajak" markazi
Avvalroq Sirdaryoda 16 yoshli o‘quvchi qizga nisbatan maktab maslahatchisi tomonidan shahvoniy mazmundagi xabarlar yuborilgani bilan bog‘liq holatdan so‘ng, maslahatchiga besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar bergandik.
Holat bo‘yicha Sirdaryo viloyati “Kelajak” markazi rasmiy munosabat bildirib, maktab maslahatchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur xodim 5 yil mobaynida, xususan, Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabida bir necha yil turli lavozimlarda faoliyat yuritgan va 2026-yilning mart oyida maktab maslahatchisi boʻlib ish boshlagan.
Voqea sodir boʻlgach, maktab ma’muriyati tomonidan maktab maslahatchisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida buyruq tayyorlangan, lekin xodim mehnatga layoqatsizlik varaqasini ochtirgani sababli buyruq bekor qilingan. Hozirda maktab maslahatchisini lavozimidan ozod qilingan.
Voqea yuzasidan Sirdaryo viloyati “Kelajak” markazi direktori tomonidan hududiy va Shirin shahar “Kelajak” markazlari mas’ullari, Shirin shahar 3-sonli umumta’lim maktabi direktori, o‘quvchi hamda uning qonuniy vakili ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, tushuntirish ishlari ham olib borilgan.
Undan tashqari respublikaning barcha hududlarida maktab maslahatchilari bilan axloqiy-ma’rifiy masalalar yuzasidan suhbat o‘tkazilmoqda.
“Kelajak” markazlari oʻquvchilarga nisbatan pedagog-kadrlar yoki boshqa mas’ul lavozim egalari tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan har qanday axloqqa zid, noqonuniy yoki nomunosib xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va bunday holatlar yuz berganda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda chora koʻrilishi tarafdori", - deyiladi “Kelajak” markazi rasmiy bayonotida.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang