1-sinflar uchun “Prezident sovg‘asi”ni hududlarga tarqatish boshlandi, maktablarga qachon yetkaziladi?
Yangi 2026–2027-o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qolar ekan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladigan “Prezident sovg‘alari”ni hududlarga yuborishni boshladi. 5-avgust kuni tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlarga ushbu jarayon, maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi hamda yangi darsliklar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilida mamlakatdagi 10 225 ta umumta’lim maktabida 550 mingdan ortiq o‘qituvchi 6,7 milliondan ziyod o‘quvchiga ta’lim beradi. Bolalarning qariyb 795 ming nafari bu yil birinchi sinfga qadam qo‘yadi. Joriy yilning 5-avgust holatiga ko‘ra, ulardan 680 ming nafari yoki rejaning 85 foizi maktablarga qabul qilingan.
Ana shu o‘quvchilar uchun har yili an’anaviy tarzda topshiriladigan “Prezident sovg‘asi” jamlanmasi ham tayyorlandi. Bu yilgi jamlanma 12 turdagi o‘quv qurolidan iborat bo‘lib, unga o‘quv sumkasi, 12 ta daftar, ruchka, ikki dona oddiy qalam, 12 rangli qalamlar to‘plami, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, ikki dona o‘chirg‘ich, 12 rangli akvarel bo‘yoqlari, yelim hamda qalamdon kiritilgan.
O'zbek