Top.Mail.Ru
6 mln so‘mlik vazir ustamasi oladigan pedagoglar kvotasi tasdiqlandi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

6 mln so‘mlik vazir ustamasi oladigan pedagoglar kvotasi tasdiqlandi

14:04 / 08.01.2025 10.16k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning respublika bo‘yicha cheklangan soni va nomzodlarni saralash bo‘yicha reglament tasdiqlandi.


Unga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan Respublika bo‘yicha 2025-yilda har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning cheklangan soni (yillik) 1 500 nafar etib belgilandi.


Bunda yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida, ya’ni 6 mln 352 ming so‘m miqdorda har oylik ustama to‘lanadi.


Vazir jamg‘armasi hisobidan ustama to‘lanadigan pedagoglar kvotasi 2024-yilda 1250 ta etib belgilangan bo‘lsa, joriy yilda mazkur ko‘rsatkich 1500 taga yetdi.


Shuningdek, mazkur ustamalarga Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchilari ham da’vogarlik qilishi mumkin.


Kvotalar qanday taqsimlandi?


  • 1 400 ta kvota — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga;


  • 100 ta kvota — Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar pedagog kadrlariga ajratildi.


Bunda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab o‘qituvchilarining vazir ustamasiga da’vogarlik qilishi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar imkoniyatini cheklamaydi.


Ya’ni, yuqoridagi ma’lumotlardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, vazir ustamasini belgilashda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab o‘qituvchilari uchun alohida kvota ajratilgan.


Nomzod pedagoglar ro‘yxati qanday shakllantiriladi?


Hududlarda tuzilgan Ishchi guruh tomonidan hududlar va tuman (shahar)lar bo‘yicha taqsimlangan kvotalar hududiy kengashlarga taqdim etiladi. Hududiy kengashlar tuman (shahar) kvotasidan kelib chiqib har oylik ustama olish uchun nomzodlar ro‘yxati va ular to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni Ishchi guruhga taqdim etadi.


Vazir jamg‘armasidan ustama oladigan nomzodlarga quyidagi talablar qo‘yilgan


  • har oylik ustama olishga nomzodlar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan tasdiqlangan Vazir jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan malakali pedagog kadrlar uchun qo‘yilgan mezonlarga javob berishi;


  • “Boshlang‘ich ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha nomzod sifatida o‘quvchilari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga kirish imtihonlarida eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan bo‘lishi lozim.


Bunda har bitta yo‘nalish bo‘yicha tegishli tuman (shahar) uchun belgilangan har bitta kvota o‘rniga ko‘pi bilan uchta nomzodni taqdim etish mumkin.


Quyidagilar malakali pedagog kadrlar hisoblanadi


  • vazirlik tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan, o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga yoki Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga kirish imtihonlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan pedagog kadrlar;


  • o‘quvchilari xalqaro yoki respublika miqyosidagi musobaqa va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlar.


Saralash bosqichlari qanday o‘tadi?


Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama olishga nomzod pedagoglar quyidagi ikki bosqichda saralanadi:


1-bosqichda – nomzodlarning dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari (keyingi o‘rinlarda – test sinovlari) o‘tkaziladi;


2-bosqichda – umumta’lim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi.


Test sinovlari qanday o‘tkaziladi?


Hududiy kengashlar tomonidan taqdim etilgan nomzodlarning har biri uchun pedagog.uzedu.uz platformasi orqali shaxsiy kabinet yaratiladi. Ushbu shaxsiy kabinetga nomzodlar one.id tizimi orqali kirishi mumkin bo‘ladi. 1-bosqich test sinovi test.uzedu.uz sayti orqali onlayn shaklda o‘tkaziladi.


Test sinovlari o‘tkaziladigan joyi, kuni va vaqti haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon beriladi hamda nomzod pedagoglar hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan xabardor qilinadi.


Test sinovida ishtirok etish uchun nomzod pedagoglardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport/ID-karta) bilan kelishi lozim. Test sinoviga belgilangan muddatda kelmagan test topshiruvchilar test sinoviga qo‘yilmaydi.


Test sinovida test topshiruvchilar uzrli sababga (anomal ob-havo tufayli yo‘llarda harakatlanish cheklanganligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, yaqin qarindoshining vafoti, vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan boshqa asoslarga) ko‘ra kelmagan bo‘lsa, ularning test sinovi boshqa muddatga ko‘chiriladi hamda vazirlik tomonidan belgilangan joyda markazlashgan holda o‘tkaziladi.


Ko‘zi ojiz test topshiruvchilarga o‘ziga biriktirilgan kotib (tegishli barcha rasmiy hujjatlari mavjud bo‘lganda) bilan birga test sinovlariga kirishiga ruxsat beriladi.


Nomzod pedagoglardan dars beradigan fanlari bo‘yicha 40 ta savoldan iborat test sinovlari o‘tkaziladi. Test sinovlari uchun 100 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 2,5 ball beriladi.


Test sinovlarini o‘tkazish paytida talabgorlarning har qanday sabab bilan auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, test sinovini yakunlagan talabgorlar bundan mustasno (talabgorning sog‘lig‘i yomonlashgan hollarda auditoriya nazoratchisi va tibbiyot xodimlari kuzatuvi ostida auditoriyadan chiqishga ruxsat beriladi).


Uzrsiz sabablarga ko‘ra auditoriyadan chiqqan talabgorlar qaytadan test sinoviga qo‘yilmaydi. 1-bosqich test sinovi natijasiga ko‘ra maksimal ballning 80 foizidan past natija ko‘rsatgan nomzodlar saralashning ikkinchi bosqichiga qo‘yilmaydi, maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar 2-bosqichga yo‘l oladi.


1-bosqich test sinovlari natijasiga ko‘ra maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglarning natijasi 2-bosqichga chiqishiga asos sifatida foydalaniladi va ushbu natija 2-bosqich bo‘yicha olgan natijasiga qo‘shilmaydi.


Test yuzasidan apellyatsiya berish tartibi


1-bosqich test natijalari e’lon qilingandan so‘ng besh ish kunida test topshiruvchilar test topshiriqlari natijasi bo‘yicha pedagog.uzedu.uz platformasi orqali shaxsiy kabinetdan apellyatsiya yuborishi mumkin.


Test topshiriqlari bo‘yicha Nomzod pedagog kadrlar apellyatsiyasi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan ko‘rib chiqiladi va nomzodlarning shaxsiy kabinetiga javob yuboriladi.


Eslatib o‘tamiz, Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama olishga nomzod pedagoglarni saralashning 2-bosqichi, suhbat o‘tkazish tartibi va mezonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Nomzodlarni saralash bo‘yicha reglament

Test sinovlari uchun fan spetsifikatsiyalari

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • фонд министра

Поделиться