Top.Mail.Ru
Qozog‘istonlik o‘qituvchi dunyoning eng yaxshi 50 nafar pedagoglar qatoriga kirdi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Qozog‘istonlik o‘qituvchi dunyoning eng yaxshi 50 nafar pedagoglar qatoriga kirdi

12:20 / 29.01.2026 666

Olmaotadagi 95-sonli maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Tatyana Beloussova nufuzli Global Teacher Prize 2026 xalqaro tanlovining finalchisi deb topildi. Bu haqda Qazinform axborot agentligi xabar bermoqda.


Ma’lumotlarga ko‘ra, Tatyana Beloussova “Pedagog-master” professional toifasiga ega bo‘lib, 2024-yilda Qozog‘iston Milliy o‘qituvchi mukofoti g‘olibi bo‘lgan. Uning nomzodi dastlabki ariza topshirish va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishdan boshlab, ekspertlar tomonidan baholash hamda yakuniy saralovgacha bo‘lgan bir necha bosqichli tanlov jarayonidan o‘tgan.


Global Teacher Prize tanlovining rasmiy Top-50 ro‘yxati 2025-yil 15-dekabr kuni e’lon qilingan. Tanlovning yakuniy taqdirlash marosimi esa 2026-yil 1–5-fevral kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan World Education Summit doirasida tashkil etiladi.


Bu Qozog‘istonning Global Teacher Prize tanlovida beshinchi bor ishtirok etishi hisoblanadi. E’tiborlisi, bugunga qadar qozog‘istonlik o‘qituvchilar uch marotaba dunyoning eng yaxshi 50 nafar pedagogi qatoriga kirishga muvaffaq bo‘lgan.


E’tiborlisi, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning shaxsan o‘zi Tatyana Beloussovani tabrikladi. 

“Bu yuksak e’tirof yosh avlodni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan ko‘p yillik ijodiy mehnatingiz samarasidir. Bizning umumiy maqsadimiz — intellektual millatni barpo etishdir. Davlat o‘qituvchilar maqomini yuksaltirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda”, — dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Global Teacher Prize tanlovi talablari qanday?


Mukofotga majburiy ta’limda 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga dars beradigan, hozirda maktabda ishlayotgan o‘qituvchilar da’vogarlik qilishi mumkin. Shuningdek, davlat tomonidan tan olingan maktabgacha ta’lim dasturida 4 yoshdan oshgan bolalarga dars beradigan, o‘rindoshlik asosida dars beradigan o‘qituvchilar va onlayn kurs o‘qituvchilari ham ishtirok etish huquqiga ega. 


Undan tashqari tanlov nomzodi bo‘lgan o‘qituvchilar haftasiga kamida 10 soat vaqtini bolalarni yuzma-yuz o‘qitishga sarflashi va keyingi 5 yil davomida o‘qituvchilik kasbida qolishni rejalashtirishi kerak. Mukofot barcha turdagi maktablar va mahalliy qonunlarga muvofiq dunyoning barcha mamlakatlaridagi o‘qituvchilar uchun ochiq.


Global Teacher Prize tanloviga topshirilgan arizalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:


  • jahon miqyosida ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatish uchun ommalashtirish mumkin bo‘lgan samarali o‘qitish amaliyotlarini qo‘llash;


  • maktab, jamoa yoki mamlakatga xos muammolarni hal etishga qaratilgan, yangicha va innovatsion pedagogik yondashuvlardan foydalanishi;


  • darsda o‘quvchilarning o‘zlashtirishi bo‘yicha aniq natijalarga erishish;


  • sinfdan tashqarida, keng jamoatchilik doirasida amalga oshirilgan faoliyati orqali ta’lim sohasida o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatgani;


  • o‘quvchilarda umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan dunyoqarashni shakllantirishi, ularni turli millat, madaniyat va din vakillari bilan yashash, ishlash va muloqot qilishga tayyorlashi;


  • milliy pedagogik tashkilotlar, ta’lim muassasalari rahbarlari, hamkasblar, keng jamoatchilik yoki o‘quvchilar tomonidan rasmiy va norasmiy e’tirofga sazovor bo‘lishi;


  • pedagogik kasb nufuzini oshirish, ilg‘or tajribalarni ulashish, hamkasblariga duch kelayotgan muammolarni yengib o‘tishda yordam berish orqali o‘qituvchilik kasbining rivojiga hissa qo‘shgani.


Ushbu mukofot 2015-yildan beri o‘z kasbiga ulkan hissa qo‘shgan o‘qituvchilarga topshiriladigan 1 million AQSh dollari miqdoridagi mukofotdir.

Bu Varkey foundationning YUNESKO bilan hamkorlikdagi loyihasi bo‘lib, hozirga qadar mukofotga turli xil ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan, bolalarni og‘ir sharoitdan normal sharoitga olib chiqqan quyidagi o‘qituvchilar loyiq deb topilgan:


  • 2015 — Nancie Atwell (AQSh) – ta’limda innovatsion yondashuvlar va o‘quvchilar bilan chuqur ishlash orqali o‘quvchilarning ijodiy o‘qish va yozish ko‘nikmalarini oshirgan;


  • 2016 — Hanan Al Hroub (Falastin) – zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalar bilan ishlashda tinchlik, empatiya va ijobiy pedagogik metodlarni qo‘llash orqali xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan;


  • 2017 — Maggie MacDonnell (Kanada) – qutb mintaqasidagi Inuit jamoasida ishlagan, depressiya, alkogolizm va giyohvandlikka qarshi ta’lim dasturlarini joriy etgan hamda qizlarning maktabga qatnashini sezilarli darajada oshirgan;


  • 2018 — Andria Zafirakou (Buyuk Britaniya) – Londonda ko‘p millatli va ijtimoiy jihatdan qiyin sharoitdagi o‘quvchilarga madaniyatlararo va ijodiy yondashuv bilan dars bergan;


  • 2019 — Peter Tabichi (Keniya) – Keniyaning chekka qishlog‘ida kam resursli maktabda ishladi, oylik daromadining 80 foizini kambag‘al oilalarga yordamga sarflagan, shuningdek talabalarni milliy fan musobaqalariga tayyorlagan.


  • 2020 — Ranjitsinh Disale (Hindiston) – qishloq maktabida QR-kodli darsliklar va innovatsion usullar orqali o‘quvchilarning qatnov va qizlar ta’limini oshirdi hamda mukofot pulining yarmini boshqa finalistlar bilan bo‘lishgan;


  • 2021 — Keishia Thorpe (AQSh) – muhojirlar, qochqinlar va kambag‘al oilalarning birinchi avlod o‘quvchilari uchun imtihon darajasiga mos, mazmunli ingliz tili dasturini ishlab chiqdi;


  • 2022 — Rasmiy sahifada 2022-yil g‘olibi ochiq e’lon qilinmagan. (Mukofot berilmagan/ma’lumot rasmiy sahifada ko‘rsatilmagan, faqat finalistlar mavjud);


  • 2023 — Sister Zeph (Pokiston) – o‘zi ham og‘ir ijtimoiy sharoitda ulg‘aygan bo‘lishiga qaramay, kam ta’minlangan bolalar uchun maktab tashkil etib, ularning ta’lim olish imkoniyatini yaratgan.


  • 2025 — Mansour Al Mansour (Saudiya Arabistoni) – inklyuziv dars muhitini yaratgan, ijtimoiy yordam loyihalarini (maxsus ehtiyojdagi oilalar, mahbuslar bilan ishlash uchun ta’lim dasturlari) boshqargan va ta’limdan tashqari hayotiy ko‘nikmalar berish bo‘yicha keng jamoat ishlarini yo‘lga qo‘ygan.


Mazkur tanlov g‘oliblari butun dunyodan jalb etilgan nufuzli Global Teacher Prize Akademiyasi tomonidan aniqlanadi. Akademiya tarkibiga maktab rahbarlari, ta’lim sohasidagi ekspertlar, sharhlovchilar, jurnalistlar, davlat amaldorlari, texnologiya tadbirkorlari, kompaniya rahbarlari va olimlar kiradi.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Учитель года

Поделиться