Top.Mail.Ru
2026-yilda ta’limga davlat budjetidan qancha pul ajratildi?

The website texts are translated by Google, errors possible!

2026-yilda ta’limga davlat budjetidan qancha pul ajratildi?

18:41 / 04.12.2025 313

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi hamda Budjetnoma kiritildi. Shuningdek, joriy yil 3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.


Avvalgi yillar kabi ijtimoiy xarajatlarning aksariyat qismini ta’lim xarajatlari (45,6%) tashkil etmoqda. 2026-yilda ta’limga 100,3 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2025-yilda kutilayotgan xarajatlarga nisbatan 8,1 trln so‘mga ko‘proqni tashkil etmoqda.


Bunda maktabgacha va maktab ta’limi uchun 83,7 trln so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Bunda umumiy o‘rta ta’lim xarajatlari 63,7 trln so‘mni yoki Davlat budjeti jami xarajatlarining 15,8 foizini tashkil etishi prognoz qilingan.


Umumiy o‘rta ta’lim xarajatlari


Hozirgi kunda 10 180 ta umumiy  o‘rta ta’lim muassasalari, 90 ta ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab- internati, 95 ta jismoniy yoki psixik rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun maktab-internati, 3 ta mehribonlik uylari (“SOS” bolalar uylari) 14 ta prezident maktabi hamda 217 ta ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar mavjud bo‘lib, ularda 558 ming nafar pedagoglar faoliyat yuritib kelyapti.


Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilar soni 6 685 ming nafarni tashkil etib, davlat budjetidan ajratilayotgan 63,7 trln so‘m mablag‘ mazkur o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish uchun yo‘naltiriladi.


Maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga ajratilgan mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga taqsimlanmoqda:


Davlat dasturlari va tadbirlari xarajatlariga 5 trln;


Ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga 52,7 trln;


Kapital xarajatlarga 3 trln;


Joriy ta’mirlash xarajatlariga 225 mlrd;


obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga 500 mlrd;


Kommunal to‘lovlarga 806 mlrd;


Umumta’lim muassasalariga oziq-ovqat uchun xarajatlarga 338 mlrd;


Maktablarni interaktiv doskalar bilan bosqichma-bosqich ta’minlash xarajatlariga 100 mlrd;


“Kelajak” markazlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 70 mlrd;


Boshqa xarajatlarga 1,5 trln.


Bunda maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi jami davlat dasturlari va xarajatlar uchun  9,3 trln (2025-yilda 6,7 trln) mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. 


Shuningdek, maktab ta’limi sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga taqsimlanmoqda:


Umumta’lim maktablarida to‘garaklarni tashkil etish va ularga “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlarini jalb qilish uchun mablag‘lar (2025-yilda 100 mlrd) 100 mlrd;


Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash uchun mablag‘lar (2025-yilda 140 mlrd) 140 mlrd;


Birinchi sinf o‘quvchilariga o‘quv qurollari sotib olish xarajatlari (2025-yilda 144 mlrd) 160 mlrd;


Umumiy ta’lim maktablari uchun yangi kompyuter sinflarini xarid qilish xarajatlari (2025-yilda 200 mlrd) 250 mlrd;


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalarning sport jihozlari bilan ta’minlash uchun xarajatlar (2025-yilda 62 mlrd) 75 mlrd;


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi mablag‘lari (2025-yilda 120 mlrd) 120 mlrd;


Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘arma mablag‘lari (2025-yilda 250 mlrd) 250 mlrd;


1 500 nafar xorijiy til o‘qituvchilarni jalb qilishga (2025-yilda 210 mlrd) 700 mlrd;


Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash bilan bog‘liq xarajatlarga (2025-yilda 1 300 mlrd)  1,9 trln;


“Toza qo‘llar” dasturini amalga oshirish xarajatlari (2025-yilda 311 mlrd) 221 mlrd;


“Yil o‘qituvchisi” ko‘rik tanlovi g‘oliblarini taqdirlash uchun ajratilgan mablag‘lar 137 mlrd.


Bunda Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining joriy yilgi budjetining asosiy qismi (82.7%) ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ularni 558 ming nafar pedagog qabul qiladi.

Umuman olganda, 2026-yilda maktab darsliklarga va xorijiy o‘qituvchilarga budjet xarajatlari keskin oshirilib, maktab qurilishi uchun xarajatlar esa keskin kamaymoqda.

O‘tgan yillar hamda kelgusi yillar uchun ajratilishi reja qilingan mablag‘larning dinamikasiga ko‘ra maktab darsliklari xarajatlarining o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Misol uchun, umumtaʼlim maktablarini darslik, mashq daftari va oʻquv metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash uchun takidlanganidek, 2026-yilda 1 trln 985 mlrd soʻm yoki 2025-yilga nisbatan 53 foiz koʻp mablagʻlar yoʻnaltirish rejalashtirilgan. 


Ushbu mablagʻlar hisobidan 1-11 sinflar va tayyorlov guruhlari uchun jami 106,4 mln dona (2025-yilga nisbatan 37,4 mln donaga koʻp) darslik, mashq daftari va oʻquv metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yo‘nalish bo‘yicha xarajatlar 2020-yildagi 66 mlrd so‘mdan 2026-yilga kelib 1 trln 985 mlrd so‘mga yetgan. Bu — so‘nggi olti yil ichida xarajatlar 30 baravardan ko‘proqqa oshganini ko‘rsatadi.



Maktab darsliklari uchun xarajatlar yillik dinamikasi quyidagicha:


2020-yilda — 66 mlrd so‘m;


2021-yilda — 180 mlrd so‘m;


2022-yilda — 1 trln 005 mlrd so‘m;


2023-yilda — 1 trln 006 mlrd so‘m;


2024-yilda — 1 trln 173 mlrd so‘m;


2025-yilda — 1 trln 300 mlrd so‘m;


2026-yilda — 1 trln 985 mlrd so‘m; 


2027–2028-yillarda ko‘rsatkich mos ravishda 2 trln va 2,2 trln so‘mga yetishi prognoz qilingan.


Xorijiy o‘qituvchilar – “til egalari”ni jalb qilish xarajatlari ham 2,8 karra oshirilmoqda. Ma’lumki, 2023-yildan boshlab ta’lim muassasalariga jami 500 nafardan ziyod xorijlik pedagoglar “til egalari” sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan dars berish uchun jalb qilingandi.


2024-yildan boshlab “til egalari” soni 1 500 taga yetkazilib, 2025-yilda esa xorijdan jalb qilingan chet tili fani mutaxassislari sonini 2 000 nafarga yetkazish reja qilingandi. 


Shuningdek, kompyuter sinflarini yangilash uchun xarajatlar ham 1,25 karra oshirilmoqda (250 mlrd).


2026-yil budjetida avvalgi yillarda bo‘lmagan qator xarajatlar ham mavjud bo‘lib, masalan, “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik tanlovi g‘oliblarini taqdirlash uchun 137,2 mlrd mablag‘ ajratilmoqda. 


Ma’lumot uchun: Bu yil pedagog xodimlar uchun “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, har bir tuman (shahar) dan g‘olib deb topilgan pedagoglarning har biriga, 50 ming AQSh dollariga yaqin pul mukofoti berilishi ko‘zda tutiloqda.


Ta’lim muassasalari obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar 8 karra ya’ni, 500 mlrd so‘mgacha qisqartirilmoqda (2025-yilda 4 trln  ajratilgan).


Ma’lumot uchun: Hozirgi kunda Shveysariyada musodara qilingan Gulnora Karimova pullarining 20 mln dollari ta’lim olish imkoniyatlarini yaxshilash uchun yo‘naltirilgan bo‘lib, bunda loyiha doirasida 45 ta qishloq maktabini ta’mirlash, xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.


Maktabgacha ta’lim xarajatlari


2026-yil uchun maktabgacha ta’lim sohasi xarajatlari 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrov darajasini oshirishni, bog‘chalarda sog‘lom ovqatlantirishni ta’minlash va maktabgacha ta’limni yanada rivojlantirish boshqa muhim tadbirlarni hisobga olgan holda rejalashtirilgan. 


Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining ortishi va ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikning yanada rivojlanishi hisobiga bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovini oshirish rejalashtirilgan.


2026-yilda maktabgacha ta’lim uchun 20 trln so‘m mablag‘ ajratilib, u quyidagi yo‘nalishlarga taqsimlangan:


Davlat dasturlari va tadbirlari xarajatlari 4 trln 338 mlrd;


Ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar 9 trln 436 mlrd;


Oziq-ovqat xarajatlari 3 trln 401 mlrd;


Kapital xarajatlar 900 mlrd;


Joriy ta’mirlash xarajatlari 67 mlrd;


Kommunal to‘lovlar 558 mlrd;


Yumshoq jihozlar uchun xarajatlar 187 mlrd;


Boshqa xarajatlar 1 trln 083 mlrd.


Maktabdan tashqari ta’lim xarajatlari


2026-yilga mo‘ljallangan budjet parametrlariga ko‘ra, maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirish uchun 1,74 trln so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ijtimoiy faolligini oshirishga yo‘naltiriladi.


Respublika bo‘yicha 325 ta bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarda 85 362 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Musiqa va san’at maktablarida ta’lim jarayonini tashkil etish uchun davlat budjetidan 1 089 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.


Bu ko‘rsatkichlar o‘rtacha hisobda har bir maktabga 3,35 mlrd so‘mdan ortiq, har bir o‘quvchi boshiga esa bir yil davomida 12,7 mln so‘m atrofida mablag‘ yo‘naltirilishini anglatadi.


Respublika bo‘yicha 219 ta “Barkamol avlod” markazida jami 335 ming nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ushbu markazlarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 648,6 mlrd so‘m ajratiladi.


Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha har bir markazga 2,96 mlrd so‘m, har bir o‘quvchiga esa 1,94 mln so‘m atrofida mablag‘ to‘g‘ri keladi.


Maktabdan tashqari ta’limning muhim jihatlaridan biri — ota-onalar tomonidan amalga oshiriladigan oylik to‘lovlardir. 2026-yilga mo‘ljallangan prognozlarga ko‘ra, to‘lovlar quyidagicha belgilanadi:


Musiqa yo‘nalishi bo‘yicha:


Toshkent shahri — 75%


Viloyat markazlari — 50%


Qoraqalpog‘iston va boshqa aholi punktlari — 30%


San’at yo‘nalishi bo‘yicha:


Toshkent shahri — 50%


Viloyat markazlari — 30%


Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlar — 20%


Bu yerda nisbatlar bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan belgilanadi. Hududlar kesimidagi farqlar aholining daromad darajasi va infratuzilma imkoniyatlaridan kelib chiqadi.


Davlat budjeti muhokamasi qanday o‘tdi?


Joriy yil 3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.


Unda deputatlar tomonidan maktabgacha va maktab ta’limi tizimi uchun 2026-yilga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori, ularning maqsadli sarflanishi, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti yuzasidan mas’ullarga qator savollar berildi.


Mazkur savollar xarajatlar tarkibining asoslanganligi, ta’lim sifatini oshirishga real ta’siri, ajratilayotgan mablag‘larning shaffofligi hamda natijadorlik ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq bo‘ldi.


Tegishli mas’ullar esa esa o‘z chiqishlarida har bir yo‘nalish bo‘yicha batafsil ma’lumot berib, mablag‘larning qaysi loyihalarga yo‘naltirilishi, ularning bosqichma-bosqich ijrosi, kutilayotgan samaradorlik hamda 2026-yilda amalga oshiriladigan islohotlar bilan bog‘liqligini tushuntirib o‘tdi.


Maktab darsliklariga nega ko‘p pul ajratilyapti?


Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saydullo Azimov nima uchun ayrim xarajatlarni optimallashtirish choralari ko‘rilmayotganini eslatib, maktab darsliklari hamda “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanloviga ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha tushuntirish berishni so‘radi.


“Bugun budjet taqchilligi yuzaga kelayotgan bir paytda, yangi tashkil qilinayotgan xarajatlar odamni o‘ylantiradi. Masalan, bu bitta misol uchun, maktab va maktabgacha ta’lim tizimini oladigan bo‘lsak, o‘tgan yili ham ko‘tarildi. Darsliklar bilan bog‘liq xarajatlar 2026-yilda 685 mlrd so‘mga oshayapti. Nimaga? 


Darsliklar, bu o‘tgan safar aytdiki, besh yillik, besh yillik ishlab chiqariladi. U yilma-yil kamayib borishi kerak emasmi? Ularning ishlash davri bor. Har yili bundan ham oshiq darsliklar ishlab chiqarish zarurati nimadan yuzaga kelyapti? 


Yoki bo‘lmasa, “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanloviga 137 milliard ajratyapmiz. Nechta o‘qituvchi taqdirlanadi, necha puldan taqdirlamoqchisizlar? Meni juda qiziqtiradi. Bunaqa savollar boshqa sohalarda ham juda ko‘p. Aytmoqchimanki, Hisob palatasi ham yoki Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham albatta, xalqning pulini ishlatilishini nazorat qilib boradi. Mana shu xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha nima ishlar amalga oshirilyapti va uning natijalari qanday ko‘riladi?”, - dedi Saydullo Azimov.


Ammo, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Saydullo Azimovning mazkur savoliga to‘laqonli javob bermadi va uning faqat keyingi savoliga javob berdi.


Ta’lim tashkilotlarining yong‘in xavfsizligi uchun pul ajratiladimi?


Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saydullo Azimov ta’lim tashkilotlarining yong‘in xavfsizligi uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmasligi, ammo ta’lim muassasalarida bu bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlangan taqdirda mas’ullarga jarimalar qo‘llanilayotganini, shu sababli kelasi yilgi davlat budjetidan yong‘in xavfsizligi uchun ta’lim tashkilotlariga pul ajratishda qanday rejalar borligini so‘radi.


“Yaqinda nazorat-tahlil o‘tkazganimizda, mana budjetdan moliyalashtiriladigan maktab, maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarida, hududlarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha pul ajratish yo‘q. 


Lekin inspektorlar borilayotgan joyda ularni nazorat qilinyapti, jarimalar solish holatlari bo‘lyapti, o‘sha rahbarlarga. Men aytmoqchimanki, mana shu keyingi yil budjet parametrlarida mana shu yong‘in xavfsizligini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha alohida punktlar ajratilyaptimi? 


Mana shu pul ajratilmaganligi natijasida yong‘in xavfsizligi ta’minlanmayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha qanday takliflar kiritilgan va buning yechimi nima bo‘ladi?”, - deya savol berdi Saydullo Azimov.


Mazkur savolga Favqulodda vaziyatlar vazirligidan tegishli mas’ul javob berib, ta’lim tashkilotlaridagi yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar 2026-2030-yilga mo‘ljallangan dasturda nazarda tutilgani, bu yo‘nalish uchun mablag‘lar tegishli hokimliklar tomonidan amalga oshirilishini ma’lum qildi.


“Haqiqatan, savol juda o‘rinli. Sababi, yillar davomida ta’lim muassasalari, barcha ijtimoiy soha obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator muammoli masalalar qolgan. Bular asosan yong‘indan avtomatik ravishda xabar berish signalizatsiyalarini o‘rnatilishi, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, elektr simlarining qarshilikka chidamliligini laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan to‘liq ta’minlash masalalari muammo bo‘lib kelayotgan edi. 


Joriy yil 20-oktabrda muhtaram prezidentimizning 185-sonli farmonlari, 310, 311-sonli qarorlari imzolandi. Bu qarorlarda aynan ta’lim muassasalari, ijtimoiy soha obyektlarida amalga oshiriladigan profilaktik, texnik masalalar hammasi o‘zi qamrab olindi. 


2026-yildan 2030-yilgacha bo‘lgan o‘zimizning dasturlarimizni ta’lim, ya’ni Oliy ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari bilan birgalikda ishlab chiqdik. Bu ko‘tarilayotgan masalalar, ya’ni mablag‘ ajratish masalalari hududiy hokimliklardan… Xuddi shunday qarorlarda ham, farmonda ham qo‘yildiki, hududiy hokimliklar tomonidan bosqichma-bosqich shu 2030-yillargacha mablag‘ ajratilib, yong‘in xavfsizligi talablarini bajarish bo‘yicha qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish nazarda tutildi va bu nazoratga olindi”, - dedi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’uli.


Yangi yildan maktab va bog‘chalarni qurish xarajatlari hududlarning o‘zida hal bo‘ladi


Majlisda Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qilib, ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlash xarajatlarini 2026-yildan boshlab mahalliy budjetlarga o‘tkazish bo‘yicha yangi tartibning ahamiyati va kutilayotgan natijalarini batafsil tushuntirdi.


2026-yildan akademik litseylarni saqlash hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablar obyektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va mukammal ta’mirlash xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahar budjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi.


Avvalgi tartib bo‘yicha bir viloyatda maktab qurilishi kerak bo‘lsa, buning uchun qaror Toshkentda qabul qilinardi. Materiallar ham ko‘p hollarda markaziy tartibda, bir nechta yirik yetkazib beruvchilardan olinardi.


Endilikda, tegishli viloyat hokimligi o‘zi qaror qiladi, qaysi maktabni qurishni, qaysi pudratchi bilan ishlashni. Shuningdek, qurilish uchun kerak bo‘ladigan xomashyolarni ham o‘sha viloyatdagi korxonalardan olishga harakat qiladi. Bu esa o‘sha hududning ham rivojlanishiga olib keladi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilovning aytishicha, yangi tartib hududlarning mustaqil qaror qabul qilishini ta’minlaydi, mahalliy iqtisodiyot va qurilish sektorini rivojlantirishga xizmat qiladi hamda qurilish jarayonida shaffoflikni oshiradi. 


“Qisqa qilib aytganda, bu birinchisi detsentralizatsiya. Nomarkazlashtirib, mahalliy hokimiyatlarning vakolatlarini oshiriladi, shuningdek, buning multiplikativ effekti ham bor, ya’ni hozir markazlashgan holda qurilish materiallari yetkazib berilgan bo‘lsa, har bir hududda pudratchi tashkilot shaffoflik kategoriyasidan kelib chiqib, o‘z hududidan qurilish materiallarini olsa, qurilish materiallari sektorining ham rivojlanishiga va hududning ham rivojlanishiga olib keladi”, - dedi Temur Komilov.


Bu masalaga Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham munosabat bildirib, yangi tartibni sharhlab berdi.


“Bu tartib avval bor edi. Demak, hududiy hokimliklar bu vazifani oldin bajargan, ya’ni ular u ishni qanday qilishni biladi. Endi keyingisi, nima natija kutyapsiz, deganda, endi, avvalambor, har bir hudud o‘zining, demak, hududidagi maktab qurilishi yoki bog‘cha qurilishi uchun o‘zi javobgar bo‘ladi-da, endi berilgan pul doirasida. 


Buning o‘zi mazmun jihatdan ham shu hududdagi hokimliklarning bir qanaqadir kuzatuvchi emas, bevosita mas’ul ijrochi bo‘lishini ta’minlaydi. Hammalarining mablag‘i bor, mablag‘ bo‘yicha ularning masalasi yo‘q. 


Umuman olib qaraganda, o‘sha joylarda qurilish materiallari ishlab chiqarishni jonlantiradi, o‘sha joylarda bir yaxshi pudratchi tashkilotlarning shakllanishiga xizmat qiladi va umuman, bu o‘zi asli bir, agar boshqa bir tomondan qaraganda, o‘sha hududda qurilish materiallari ishlab chiqarish va pudratchilik faoliyatini ma’lum bir ma’noda rag‘batlantirishga ham olib keladi”, - dedi Jamshid Qo‘chqorov.


Ma’lumot uchun: Respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetiga, viloyatlar viloyat budjetlariga va Toshkent shahri shahar budjetiga 2026-yilda 19,7 trln so‘m (shundan, aksiz solig‘i tushumlari hisobidan 3,6 trln so‘m) tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar o‘tkazib berilishi prognoz qilinmoqda.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi bo‘yicha maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga oid boshqa masalalar kun tartibiga ko‘tarilmadi.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • State budget

Share