Top.Mail.Ru
Bu safar ham attestatsiya bo‘yicha sud ishida o‘qituvchilar vazirlikka yutqazdi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Bu safar ham attestatsiya bo‘yicha sud ishida o‘qituvchilar vazirlikka yutqazdi

00:10 / 30.10.2025 48

To‘rt nafar tarix fani o‘qituvchilari attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergandi. Sud esa tarix fani o‘qituvchilarining da’vo arizasini asossiz deb topib, vazirlik foydasiga qaror chiqardi.

Kecha, 29-oktyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanlararo sudida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan kiritilgan shikoyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sud ishi sudya G.K.Djumayeva raisligida ko‘rib chiqildi. Sud jarayonini yoritib borish maqsadida xalqtaliminfo.uz ham ishtirok etdi.


O‘tgan galgi sud majlisida Bilim va malakalarni baholash agentligidan vakil, tegishli institutlar pedagoglaridan vakil hamda 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf “Jahon tarixi” darsligi mualliflarini ham mazkur sud jarayoniga jalb qilish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritilgandi.


Sud Bilim va malakalarni baholash agentligiga sudda ishtirok etish bo‘yicha so‘rov yuborilgan bo‘lishiga qaramay, Agentlikdan vakil sudda hozir bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tdi.


Shundan so‘ng, da’vogar vakili, advokat U.Jumaniyozovga so‘z navbati berildi.

“Bo‘lib o‘tayotgan sud majlisida “Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan?” degan savol muhokama qilinmoqda. Aslida, Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar qator manbalar, xususan, britannica.com sayti, Wikipedia’ning inglizcha varianti, 7-sinf jahon tarixi darsligining 2017-yilgi nashri, Fozila Sulaymonovaning “G‘arb va Sharq” asarida qayd qilingan.

Shu sababli, Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan? savoliga “vesgotlar” javobini to‘g‘ri deb e’tirof etish orqali o‘qituvchilarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi sababli attestatsiya natijalarini o‘zgartirish majburiyatini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuklashni suddan so‘raymiz”, - dedi advokat.

Vazirlik tomon mazkur da’voni suddan rad etishini so‘rab, test savoli to‘g‘ri tuzilganligini, chunki tarixiy manbalarda Yustinian I vafotidan so‘ng Ispaniyada “langobardlar” butunboshli davlatchilikka asos solmagan bo‘lsararda, ammo ma’lum muddat egallaganini ta’kidlab, test savolida aynan mana shu fakt so‘ralganligini qayd etdi. Suddan esa pedagoglar da’vosini rad etishni so‘radi.


Sud majlisida vazirlik yuristi bundan avval ham fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanlararo sudida Sudya Shukurlayeva Guli Yusupovna raisligida ko‘rib chiqilgan sud ishida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining ham da’vo arizasi ko‘rib chiqilganligini, unda ularning aynan shunday mazmundagi ham da’vo arizasi asossiz deb topganlinini eslatib, mazkur sud ishi ham ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining sud ishi bilan bir xil mazmunda bo‘lganligi uchun tarix fani o‘qituvchilarining ham shikoyatini ham korib chiqmaslikni so‘radi.


Shundan so‘ng, sudya mazkur sud ishining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari sud ishiga aloqador emasligini eslatib o‘tdi. Shuningdek, vazirlik yuristi sudga da’vo arizasi kiritgan tarix fani o‘qituvchilari bilan vazirlik bog‘langani, shundan so‘ng ular mazkur ishni ko‘rib chiqilmasligiga rozi ekanligini ta’kidlab, da’vogar o‘qituvchilarning ham shaxsan o‘zini sudda ishtirok etib, o‘z pozitsiyalarini bildirishlarini so‘radi.


Sudya esa sud majlisida o‘qituvchilarning ishonchli vakili sifatida advokat ishtirok etayotganini ta’kidlab, ularning sud majlisida shaxsan ishtirok etishi shart emasligini eslatdi.


Sud davomida vazirlik tomonidan jalb qilingan ekspert ham so‘zga chiqib, test savoli bo‘yicha o‘z xulosalarini aytib, da’vo arizasida keltirilgan faktlani asossiz deb aytdi. Shundan so‘ng, ikki tomon muzokara olib bordi.


Da’vogarlar vakili, advokat U.Jumaniyozov attestatsiyada tushgan, bevosita sud ishiga aloqador bo‘lgan test savolining 7-sinf “Jahon tarixi” darsligidagi to‘g‘ri ma’lumotlardan foydalanib tuzilganligini xolis tahlil qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Tarix institutidan vakillar ishtirok etishini so‘rab, sudga iltimosnoma kiritdi. Ammo, sudya mazkur iltimosnomani rad qildi.


Muzokaralardan so‘ng, sudya yakuniy qarorni o‘qib eshittirib, tarix fani o‘qituvchilarining malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalarini o‘zgartirish, vakil xarajatlarini qoplash, shuningdek, ma’naviy zararni undirish haqidagi da’vo arizasini asossiz deb topib, vazirlik foydasiga qaror chiqardi.


Sud ishi bo‘yicha batafsil tafsilotlar


Pedagoglar nimadan norozi edi?


Tarix fanidan bo‘lib o‘tgan attestatsiya imtihonida “Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan?” degan savol tushgan va to‘g‘ri javob sifatida “Langobardlar” olingan. Mazkur savol va javob 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf jahon tarixi darsligi asosida tuzilgan. Da’vogar o‘qituvchilar esa mazkur savolga “Vestgotlar” javobini belgilagan.


Da’vogarlarga ko‘ra, Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar qator manbalar, xususan, britannica.com sayti, Wikipedia’ning inglizcha varianti, 7-sinf jahon tarixi darsligining 2017-yilgi nashri, Fozila Sulaymonovaning “G‘arb va Sharq” asarida qayd qilingan. Ular universitet davrida ham Ispaniyani vestgotlar egallagan deb o‘qitilganini ta’kidlagan.


Shikoyat xatida yozilishicha, da’vogarlar tomonidan test savollariga to‘g‘ri javob berilgan bo‘lsa-da, apellyatsiya komissiyasi ushbu javoblarni adolatli baholamagan. Shuningdek, komissiya pedagoglar murojaatlariga asossiz va sababsiz bir xil rad javobini bergan.


Pedagoglarning da’vo arizasida keltirishicha, vazirlik ekspertlari test savollarini tuzishda testologiya nuqtayi nazaridan savollarni aynan to‘g‘ri va ishonchli manbalardan olingan ma’lumotlarga asoslanib shakllantirishi lozim edi.


Shu sababli, ular javobgar tomonidan test savolining to‘g‘ri javobi sifatida faqat darslikda keltirilgan ma’lumotga tayangan holda savollarni shakllantirishi yoki uni to‘g‘riligini asoslovchi yagona manba sifatida qaralmasligi lozimligini aytmoqda. Chunki, darsliklarni yozilishida inson omili bor va unda xatoliklar bo‘lishi ehtimol mavjud.


Masalan, umumta’lim maktablarining 7-sinf Jahon tarixi darsligining 2017-yilgi nashrida Imperator Yustinin I vafotidan so‘ng Ispaniyada vestgotlar hukmronlik qilgan deb yozilgan. Ammo 2022-yilgi darslikda esa bu o‘rinda langobardlar tilga olingan.


Shunga qaramay, javobgar turli yillarda chop etilgan darsliklardagi qarama-qarshi ma’lumotdan foydalanib test savolini tayyorlagan.


Yuqoridagilardan kelib chiqib, pedagoglar Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan? savoliga “vesgotlar” javobini to‘g‘ri deb e’tirof etish orqali o‘qituvchilarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi sababli attestatsiya natijalarini o‘zgartirish majburiyatini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuklashni suddan so‘ragan.


O‘qituvchilar sudga qadar murosa yo‘lini izlagan


Pedagoglar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berishdan avval murosa yo‘lini izlab, pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabineti orqali appelyatsiya murojaatini ham yuborgan, shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ayrim mutasaddilariga onlayn murojaat ham yo‘llagan.


Ammo appelyatsiya murojaatiga barcha pedagoglarga yuboriladigan bir xil mazmundagi javob kelgan, tegishli mutasaddilardan ham tayinli javob olinmagan.


Keyinroq pedagoglar oxirgi chora sifatida vazirlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markaziga Telegramdagi “Test lider” kanali orqali ommaviy murojaat yo‘llagan. Ularning bu urinishlari ham samarasiz yakunlangach, sudga da’vo arizasi kiritishga qaror qilishgan.


O‘qituvchilar bosimga uchragani haqida


Avvalroq, mazkur sud ishi bo‘yicha da’vo arizasi kiritgan pedagoglardan ularga nisbatan jiddiy bosim bo‘lgani haqida xalqtaliminfo.uz’ga murojaat kelib tushgandi. 


Murojaatda aytilishicha, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm hamda Andijon viloyatidagi maktablarda tarix fanidan dars beruvchi to‘rt nafar: ikki erkak, ikki ayol o‘qituvchi 2025-yilning may oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagoglarning malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, sudga shikoyat arizasi kiritgan.


Joriy yilning 14-avgust kuni birinchi sud majlisi o‘tkazilganidan so‘ng, pedagoglarga qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshlagan. Ularning ayrimlari hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga chaqirtirilgan, ayrim o‘qituvchilarga hatto oila a’zolari orqali bosim o‘tkazilib, da’vo arizani qaytarib olish so‘ralgan. Bu haqda bosimga uchragan pedagoglardan biri xalqtaliminfo.uz’ga bo‘lgan voqealar haqida so‘zlab bergandi.


Jamoatchilik nima deydi?


Xalqtaliminfo.uz bu borada jamoatchilikning fikrini ham o‘rganish maqsadida mazkur jarayonlarni bevosita kuzatib borayotgan, tarix fani o‘qituvchisi, ayni vaqtda repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi pedagog Jalol Boltayevga yuzlangandi. U mazkur test savoli yuzasidan tahririyatga quyidagilarni bayon qilgandi:


“Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila Ispaniyani bosib olgan?” To‘g‘ri javob “vestgotlar” bo‘lishi kerak. Biroq Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi bu savolda “langobardlar” javobini to‘g‘ri deb belgilagan. Endi tasavvur qilaylik: “qaysidir germaniyalik professor” “Yustinian vafotidan so‘ng langobardlar ham Ispaniya hududlarini egallagan”, degan yangi ilmiy farazni ilgari surdi. 


Bu holatni tushuntirish uchun oddiy, lekin juda o‘rinli bir misol keltiraman: Chingizxoning Kulkan degan o‘g‘li ham bo‘lgan. Bu “ilmiy yangilik” sifatida paydo bo‘ldi. 


Shunga asoslanib, quyidagi test tuzildi: 

Quyidagilardan qay biri Mo‘g‘ullar imperiyasi asoschisi Chingizxoning o‘g‘li hisoblanadi? 
A) Kulkan 
B) Botu 
C) Huloku 
D) O‘qtoy 

Nimadir noto‘g‘ri ko‘rinmayaptimi? Albatta! Agar “Kulkan” haqidagi ma’lumot “ilmiy yangilik” bo‘lsa ham, O‘qtoy – Chingizxoning o‘g‘li ekanligi, uning vorisi bo‘lganligi konkret tarixiy fakt va barcha tarixiy manbalarda qayd etilgan. 


Natijada bu testda ikki to‘g‘ri javob paydo bo‘ladi, bu esa bir javobli test formati uchun mutlaqo yaroqsiz. Nima demoqchiman? “Yustinian I vafotidan keyin Ispaniyani qaysi qabila egallagan?” degan savolga vestgotlar deb javob berish to‘g‘ri, chunki bu – konkret tarixiy fakt. 


Vestgotlar hukmdori Leovigild 568-yilda qirol sifatida taxtga o‘tirib, Ispaniyaga yurishlarni kuchaytirgan. 573-yilda Kordobani, 576-yilda esa Suevilar qirolligini egallagan. Bu hududlar Ispaniya yarimorolida joylashgan. Bu voqealar nufuzli tarixiy manbalarda ochiq-oydin, aniq tarzda bayon qilingan. 


Hech bir nufuzli manba bu ma’lumotni shubha ostiga olmaydi. Tarixchiman degan odam bu ma’lumotni inkor etolmaydi, chunki bunda eng-eng nufuzli manbalarga, tadqiqotlarga (umuman olganda, tarix faniga) qarshi chiqqan bo‘ladi. 


Agar endi “qaysidir germaniyalik olim” “Yustiniandan so‘ng langobardlar ham Ispaniyaning hududlarini egallagan” degan fikrni ilgari surgan bo‘lsa, bu testga asos qilib olingan bo‘lsa, variantlarda vestgotlar javobi ham berilgan bo‘lsa – demak, testda ikkita to‘g‘ri javob bo‘lib qoladi-ku! 


Holbuki, “xalqaro testologiya”ni da’vo qilayotgan tashkilot bir javobli testda faqat bitta to‘g‘ri javob bo‘lishi kerakligini, agar bir nechta variant to‘g‘ri bo‘lib qolsa, hammasi uchun ball berilishi shartligini anglamasligi – fojia.


Darsliklarni yozishda inson omili qatnashar ekan, albatta, xatoliklar bo‘ladi. Masalan, aynan 2022-yilgi 7-sinf  “Jahon tarixi” darsligining 21-sahifasida Fransiya qiroli Lyudovik VII ning hukmronlik yillari 1108–1137-yillar deb berilgan, aslida Lyudovik VII 1137–1180-yillarda hukmronlik qilgan. 


Buni har jahon tarixiga oid har qanday manba – inglizcha vikipediyami, eng taniqli tarixchilarimizdan bo‘lgan Shuhrat Ergashevning “Jahon tarixi” darsliklarimi, ruscha vikipediyami – tasdiqlaydi. Ya’ni o‘sha darslikda Lyudovik VII 1137–1180-yillarda hukmronlik qilgan degan mazmundagi gap uchun tarix o‘zgarib qolmaydi. 


Yoki 8-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida Xiva xonligi hududi 19 ming km. kv deb yozilgan, aslida hammamiz bilamizki, Xiva xonligi hududi juda katta bo‘lgan. Dastlab 180 ming km. kv dan, keyinchalik esa 300 ming km. kv dan ortiq bo‘lgan. 


Ya’ni, darslikda 19 ming km. kv deb yozilgani uchungina Xiva xonligi hududi kichrayib qolmaydi-ku, tarix o‘zgarib ketmaydi-ku. Bu yerda ham xuddi shunaqa. Darslikda aslida langobardlar degan jumla texnik xatolik sababdanmi yoki boshqa sababdanmi, tushib ketgan. Nima uchun bunday deyapman. 


Aslida 6 asr ikkinchi yarmida Ispaniya hududini vestgotlar egallaganligi bu rad etib bo‘lmas ma’lumot, ilmiy yangilik emas, azaldan bor narsa, har qanday nufuzli manbalarda yozilgan. Masalan, Buyuk Britaniyaning eng mashhur ensiklopediyasi Britanicca.com, inglizcha, ruscha vikipediyalar, olima Fozila Sulaymonovaning “Sharq va G‘arb” asari va boshqa har qanday manbalarda. 


Ya’ni, har qanday nufuzli manbada vestgotlarning Leovigild ismli hukmdori Leovigild 568-yilda qirol sifatida taxtga o‘tirib, Ispaniyaga yurishlarni kuchaytirgan. 573-yilda Kordobani, 576-yilda esa Suevilar qirolligini egallagan. Bu hududlar Ispaniya yarimorolida joylashgan. Bu voqealar nufuzli tarixiy manbalarda ochiq-oydin, aniq tarzda bayon qilingan.


Mantiqan olib qaraganda, “langobardlar” so‘zi “vestgotlar” o‘rniga adashib ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Lekin muhim nuqta shundaki, biz darslik mualliflarini ayblamoqchi emasmiz, bu yerda ayb Baholash markazida. Chunki hech kim baholash markaziga aynan darslikdagi xato joyidan tuz, demagan.

Darslikda tarixiy jihatdan to‘g‘ri ma’lumotlar yetarlicha. Va testga faqat test tuzgan tashkilot javobgar bo‘ladi. Baholash markazi faktlarni tekshirishi lozim edi. Bunday vaziyatda ilmiy mantiq nuqtayi nazaridan to‘g‘ri yo‘l – xatoni tan olib, tuzatish kiritishdir, noto‘g‘ri ma’lumotni oshkora himoya qilish emas. 

Eslatib o
tamiz, ayni kunlarda umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirokidagi navbatdagi malaka toifa sinovlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu sinov jarayonlarida turli fanlardan dars beradigan 180 mingga yaqin pedagoglarning ishtirok etishi kutilmoqda.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Аттестация
  • Судебное дело

Поделиться