Yana 4 nafar o'qituvchi vazirlikni sudga bergani uchun bosimga uchragani aytilmoqda

To‘rt nafar tarix fani o‘qituvchisi attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Ular malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ma’naviy zararni qoplashni talab qilmoqda. Xalqtaliminfo.uz sud hujjatlari bilan tanishib chiqdi.
Joriy yilning 14-avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanlararo sudida ish ko‘rib chiqilgan. Javobgar, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili da’vo arizasini qo‘lga olmagani va tanishib chiqmagani sababli sud 19-avgustga qoldirilgan.
O‘qituvchilar bosimga uchragani aytilmoqda
Mazkur sud ishi bo‘yicha da’vo arizasi kiritgan pedagoglardan ularga nisbatan jiddiy bosim bo‘lgani haqida xalqtaliminfo.uz'ga murojaat kelib tushdi. [Tahririyatda audio xabarlar mavjud]
Murojaatda aytilishicha, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm hamda Andijon viloyatidagi maktablarda tarix fanidan dars beruvchi to‘rt nafar: ikki erkak, ikki ayol o‘qituvchi 2025-yilning may oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagoglarning malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, sudga shikoyat arizasi kiritgan.
Joriy yilning 14-avgust kuni birinchi sud majlisi o‘tkazilganidan so‘ng, pedagoglarga qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshlagan. Ularning ayrimlari hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga chaqirtirilgan, ayrim o‘qituvchilarga hatto oila a’zolari orqali bosim o‘tkazilib, da’vo arizani qaytarib olish so‘ralgan.
Natijada 3 nafar o‘qituvchi da’vo arizasini qaytarib olishga majbur qilingan, 1 nafar o‘qituvchi ham hududiy boshqarmaga olib borilib, da’vo arizasini qaytarib olish haqida o‘z ixtiyoriga zid ravishda ariza yozdirib olingan. Bu haqda bosimga uchragan pedagoglardan biri xalqtaliminfo.uz'ga bo‘lgan voqealar haqida so‘zlab berdi.
“Sud 14-avgustda o‘tkazildi. 15-avgust kuni menga birdan maktabdan telefon qilishdi. Avval “zavuch” telefon qildilar, viloyat boshqarmasiga, xalq ta’limi boshqarmasiga borishimni so‘rashdi. Uydan chiqa olmasligimni aytganimdan keyin, direktor qaytib telefon qildilar-da, borishingiz kerak, dedi, ya’ni men ham boraman hozir, siz ham borishingiz kerak, dedi.
Men uydan chiqa olmasligimni aytdim, yosh bolam borligi uchun. Keyin, bo‘ldi unda, o‘zim borib, olib ketaman uyingizdan, dedi. Keling mayli, dedim. Keyin kelishdi, yosh bolam bilan birga olib ketishdi.
Yo‘lda ham direktormiz qayta-qayta menga ta’kidlab, u kishiga ham bosim bo‘layotganligini, uning qo‘l ostida ishlab turib bu ishni qiladigan bo‘lsam, unga ham qiyin bo‘lishini, shu taraflarni menga ko‘p bora ta’kidlab bordilar. Keyin esa Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga borib, boshqarma boshlig‘i bilan uchrashdik.
Boshqarma boshlig‘i bilan uchrashganimizdan keyin, arizamni qaytarib olaman, degan mazmunda qo‘limga shablon berishdi, shablonni oldindan yozib tayyorlab qo‘yishgan ekan. Ya’ni, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga berilgan da’vo arizamni ko‘rib chiqmasligingizni so‘rayman, degan mazmundagi shablon tayyorlab qo‘yilgan ekan va o‘sha shablonni qayta qo‘limda yozib berdim.
Shundan keyin yurist bu da’vo arizasini o‘zingiz shaxsan kiritgansizmi, dedi. Yo‘q dedim, men vakolatni o‘sha advokatimga berganman, dedim. Advokatim ish ko‘rdi, mening nomimdan ish ko‘rdi dedim. Sudga bordingizmi dedi. Yo‘q dedim, sudga bormadim dedim. Sudyani bilasizmi deb, savollar berdilar.
Yo‘q, sudyani ham bilmayman, kimligini dedim, chunki sudda bizning nomimizdan advokat qatnashdi dedim. Va yurist aytdi-ki, bunda agar sizning nomingizdan sudda advokat qatnashgan bo‘lsa, bu arizangiz hech narsani hal qila olmaydi, chunki sizning nomingizdan yurist ish ko‘radi. Agar siz to o‘sha yuristdan o‘sha ishonchnomani olib qo‘ymaguningizcha va bekor qilmaguningizcha, yurist sizning nomingizdan baribir ish ko‘raveradi, dedi.
...Bu yozib bergan arizamni o‘z ixtiyorim bilan yozganligimni tan olmayman, albatta. Buni, ma’lum bir sabablarga ko‘ra yozdim”, deydi murojaatchi.
Da’vogar pedagoglar nimadan norozi?
Da’vo arizasida qayd etilishicha, imtihonda “Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan?” degan savol ham tushgan va to‘g‘ri javob sifatida “Langobardlar” olingan. Mazkur savol va javob 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf jahon tarixi darsligi asosida tuzilgan. Da’vogar o‘qituvchilar esa mazkur savolga “Vestgotlar” javobini belgilagan.
Da’vogarlarga ko‘ra, Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar qator manbalar, xususan, britannica.com sayti, Wikipedia’ning inglizcha varianti, 7-sinf jahon tarixi darsligining 2017-yilgi nashri, Fozila Sulaymonovaning “G‘arb va Sharq” asarida qayd qilingan. Ular universitet davrida ham Ispaniyani vestgotlar egallagan deb o‘qitilganini ta’kidlagan.
Shikoyat xatida yozilishicha, da’vogarlar tomonidan test savollariga to‘g‘ri javob berilgan bo‘lsa-da, apellyatsiya komissiyasi ushbu javoblarni adolatli baholamagan. Shuningdek, komissiya pedagoglar murojaatlariga asossiz va sababsiz bir xil rad javobini bergan.
Pedagoglarning da’vo arizasida keltirishicha, vazirlik ekspertlari test savollarini tuzishda testologiya nuqtayi nazaridan savollarni aynan to‘g‘ri va ishonchli manbalardan olingan ma’lumotlarga asoslanib shakllantirishi lozim edi.
Shu sababli, ular javobgar tomonidan test savolining to‘g‘ri javobi sifatida faqat darslikda keltirilgan ma’lumotga tayangan holda savollarni shakllantirishi yoki uni to‘g‘riligini asoslovchi yagona manba sifatida qaralmasligi lozimligini aytmoqda. Chunki, darsliklarni yozilishida inson omili bor va unda xatoliklar bo‘lishi ehtimol mavjud.
Masalan, umumta’lim maktablarining 7-sinf Jahon tarixi darsligining 2017-yilgi nashrida Imperator Yustinina I vafotidan so‘ng Ispaniyada vestgotlar hukmronlik qilgan deb yozilgan. Ammo 2022-yilgi darslikda esa bu o‘rinda langobardlar tilga olingan.
Shunga qaramay, javobgar turli yillarda chop etilgan darsliklardagi qarama-qarshi ma’lumotdan foydalanib test savolini tayyorlagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, pedagoglar Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan? savoliga “vesgotlar” javobini to‘g‘ri deb e’tirof etish orqali o‘qituvchilarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi sababli attestatsiya natijalarini o‘zgartirish majburiyatini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuklashni suddan so‘ragan.
Jamoatchilik faoli, repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi pedagog Jalol Boltayevning xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, BMBA (Bilim va malakalarni baholash agentligi) amaliyotida ham shunga o‘xshash holat yuz bergan. Ya’ni testning javobi maktab darsligidan kelib chiqilsa (o‘sha ma’lumot darslikda xato berilgan bo‘lgan), boshqa variant, tarixiy haqiqatdan kelib chiqilsa – boshqa javob bo‘lgan. Shunda to‘g‘ri javob sifatida aynan tarixiy haqiqatga mos javob qabul qilingan.
Shuningdek, Jalol Boltayevga ayrim pedagoglar tomonidan “attestatsiyada tushgan” bir qancha savollar yuborilgan. O‘qituvchilardan kelgan shunday savollardan yana biri – “Nazariy bilimlarining rivojlanishi kundalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan xalqni toping” degan savol bo‘lib, unda “misrliklar”, “mesopotamiyaliklar”, “xitoyliklar” va “hindlar” kabi variantlar keltirilgan.
To‘g‘ri, darslikda “Misrda nazariy bilimlarning dunyoga kelishi... misrliklarning kundalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan” degan jumla bor. Biroq bu jumla distraktor sifatida qo‘yilgan boshqa xalqlarda – mesopotamiyaliklar, xitoyliklar, hindlarda – nazariy bilimlar kundalik hayot bilan bog‘liq bo‘lmagan degan xulosani anglatmaydi. Aksincha, qadimgi davrda yashagan ko‘pgina xalqlarda nazariy bilimlar ularning kundalik turmush tarzi, ehtiyojlari bilan chambarchas bog‘liq tarzda shakllangan.
“Bu yerda bitta jihatni alohida ta’kidlash lozim: murojaatchilarga ko‘ra, mazkur savolni ko‘pchilik “to‘g‘ri belgilagan”, ya’ni “xato qilmagan”. Ammo agar “xalqaro testologiya”ni da’vo qilayotgan Baholash markazi aynan shu kabi savollarni tuzayotgan bo‘lsa, bu holatda nafaqat testologiya, balki oddiy mantiq qoidalarining ham buzilgani ayon ko‘rinadi.
Shuningdek, BSB va ChSB testlarini ham aynan shu tashkilot tuzadi. Ulardan birida “Jahon fani tarixida qaysi alloma qomusiy olim sifatida tan olingan?” degan savol berilgan bo‘lib, javob variantlari orasida “Forobiy”, “Xorazmiy”, “Beruniy” va “Ibn Sino” keltirilgan. Vaholanki, darslikda bu ibora aynan “Ibn Sino” mavzusida uchrashi, qolgan allomalar “qomusiy olim emas” degan xulosani anglatmaydi.
Tarixiy haqiqatga tayansak, yuqoridagi barcha allomalar – Forobiy ham, Xorazmiy ham, Beruniy ham – o‘z davrida bir nechta fan sohasida faoliyat yuritgan, ya’ni aslida ular ham “qomusiy olim” maqomiga ega bo‘lgan shaxslardir”, - deydi Jalol Boltayev.
“Sudga qadar murosa yo‘lini izladik” — pedagoglar
Pedagoglar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berishdan avval murosa yo‘lini izlab, pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabineti orqali appelyatsiya murojaatini ham yuborgan, shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ayrim mutasaddilariga onlayn murojaat ham yo‘llagan.
Ammo appelyatsiya murojaatiga barcha pedagoglarga yuboriladigan bir xil mazmundagi javob kelgan, tegishli mutasaddilardan ham tayinli javob olinmagan.
Keyinroq pedagoglar oxirgi chora sifatida vazirlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markaziga Telegramdagi “Test lider” kanali orqali ommaviy murojaat yo‘llagan. Ularning bu urinishlari ham samarasiz yakunlangach, sudga da’vo arizasi kiritishga qaror qilishgan.
“Biz 21-iyulgacha murosa yo‘lini izlagan edik. Buning natijasi ijobiy yakunlanmagach, o‘zimiz belgilagan javobni sudda ko‘rib chiqilishini xohladik.
Bu masala maktab, direktor, hududiy boshqarma yoki oila a’zolarimiz bilan bog‘liq emas. Bu – o‘qituvchilar, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi va sud o‘rtasidagi masala. Shu sababli, biz boshqa hech kim bu jarayonga aralashmasligini istaymiz. Biz demokratik jamiyat fuqarolari sifatida qonuniy huquqimizdan foydalandik.
Bu holatni “yomon” deb emas, balki bir ilmiy masalani huquqiy asosda, ochiq va professional tarzda hal qilishning tabiiy, madaniyatli va konstruktiv yo‘li deb bilamiz. Aynan shuning uchun biz bu masala sudda, qonuniy asosda va yakuniy tarzda o‘z yechimini topishini xohlaymiz”, - deydi murojaatchilardan biri.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 55-moddasiga ko‘ra, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.
Fuqarolarning mazkur konstitutsiyaviy huquqlarini cheklash, o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishga to‘sqinlik qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining sud ishi 12-avgust kuni ko‘rib chiqilib, ayrim hujjatlar yetarli emasligi sabab sud 26-avgustga qoldirilgandi.
Keyinroq sudda pedagoglar huquqini himoya qilayotgan advokatlardan biri pedagoglar turli xil bosimlarga uchragani sababli, sudga kiritgan da’vo arizalarini qaytarib olish istagida ekanligini aytgandi.
Izohlar 2
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Xorijiy til o‘qituvchilariga B2 sertifikati uchun avgust oyida qo‘shimcha imtihon o‘tkaziladigan bo‘ldi

Toshkentda maktab avtobuslarini ishga tushirish taklif qilindi

Bugundan boshlab maktab va bog‘chalarda majburiy mehnat yuzasidan reydlar boshlanadi

“B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish haqida ko‘rsatma bermaganmiz” — vazirlik
Mavzuga doir yangiliklar

Vazirlikni sudga bergan o‘qituvchilarga bosim bo‘lgani aytilmoqda, ular da’vo arizasini qaytarib olmoqchi
5 nafar o‘qituvchilarning 2 nafari bosim tufayli da’vo arizasini qaytarib olgan, qolgan 3 nafari ham turli xil bosimlarga uchragani sababli, sudga kiritgan da’vo arizalarini qaytarib olish istagida ekanligi aytilmoqda.

Attestatsiya natijalaridan norozi pedagoglar sudga murojaat qilishi mumkin
Ma’lum bo‘lishicha, attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborilmoqda.

Bir guruh o‘qituvchilar vazirlikni sudga berdi
Bir guruh o‘qituvchilar tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritildi.

O‘qituvchilar vazirlikni 6 marta sudga bergani ma’lum bo‘ldi
2025-yil aprel-may oylaridagi attestatsiya imtihoni bo‘yicha vazirlik jami 6 marta sudga berilgan bo‘lib, 1 ta sud ishida vazirlik yutqazgani, 4 tasida esa yutib chiqqani ma’lum bo‘ldi.
Izohingizni tahrirlang