Yangi o‘quv yili uchun “qizil” toifadagi maktablar ro‘yxati e’lon qilindi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 2-apreldagi 121-sonli buyrug‘i bilan 2026-2027-o‘quv yili uchun ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur maktabga borib ishlaydigan pedagoglarga qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.
Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha baholash mezonlariga asosan umumta’lim maktablari faoliyati baholangan hamda baholash natijalari asosida 303 ta maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan ta’lim muassasasi deb topildi.
2023-yilda bunday maktablar ro‘yxati 642 ta, 2024-yilda 545 ta, 2025-yilda esa 470 tani tashkil qilgan. Bu yil ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar soni 167 taga qisqarib, 303 taga kamaygan.
Ta’lim sifati past bo‘lgan maktabda ishlaydigan ayrim o‘qituvchilarga ustamalar to‘lanadi
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra oliy ma’lumotga va birinchi yoki oliy malaka toifali, kamida bir yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan pedagoglar ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan taqdirda ularga 50 foizdan – 100 foizgacha ustama to‘lanadi.
Bunda boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarga quyidagicha miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi:
- bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
- boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustama.
Boshqa hududdan ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga jalb etilgan pedagoglarga faoliyat olib borgan davriga, biroq 2 yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pullik kompensatsiya to‘lab berilishi ham ta’minlanadi.
Agar pedagog xodim amalda ishlayotgan ish joyida direktor jamg‘armasi hisobidan ustama olayotgan bo‘lsa, bu ustamalar ta’lim sifati past bo‘lgan maktabda ish boshlagan taqdirda ham bir o‘quv yili davomida saqlanib qoladi.
Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi o‘quv yili uchun ham to‘lanadi.
Agar ana shu maktablar olis hududda joylashgan maktablar ro‘yxatiga ham kirsa, boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritadigan pedagog xodimlarga quyidagi miqdorda ustamalar to‘lanadi:
- 6 oydan – 3 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 10 foiz;
- 3 yildan – 5 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 20 foiz;
- 5 yildan – 10 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 30 foiz;
- 10 yildan – 15 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 40 foiz;
- 15 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga esa 50 foiz ustama to‘lab beriladi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940-son qarorida qayd etilgan.
2021-yil 1-yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan o‘qituvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lab berish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni vaqtda ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus platformaga joylashtirilgan. Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish istagini bildirgan o‘qituvchi-pedagoglar belgilangan tartib bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan saralanadi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga ishga kirish bo‘yicha 25-avgustga qadar ariza yozgan o‘qituvchi-pedagoglar qonunchilikda belgilangan tartibda maktab direktorlari tomonidan ishga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabga borib ishlamoqchi bo‘lgan o‘qituvchi tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga va birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi, kamida bir yil pedagogik ish staji hamda amalda faoliyat yuritayotgan maktabi ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatida bo‘lmasligi kerak.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Bugundan xususiy universitetlarga qabul jarayonlari boshlandi
Nihoyat, pedagog xodim atamasidagi chalkashliklarga chek qo‘yilishi mumkin
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari uchun faqat bir soat vaqt beriladi
Prezident nomiga MMTV tizimidan 5 mingga yaqin murojaat yo‘llangan
Mavzuga doir yangiliklar
Ta'lim siyosati
O‘quvchilarning bilim darajasi ularning oilaviy sharoitiga bog‘liqmi?
Kambag‘allik bolalarning ta’lim natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, o‘z navbatida past ta’lim natijalari esa kelajakda yuqori daromad topish imkoniyatlarini ham cheklaydi. Shu sababli, ta’lim insonning ijtimoiy holatini o‘zgartirishga yordam beradigan eng muhim vositalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Ta'lim siyosati
Ta’lim sifati mavzusi ekspertlar nigohida
Bu mavzuga boshqa ta’lim ekspertlari Komil Jalilov hamda Shokir Tursunlar ham qo‘shilib, mavzu borasida o‘z fikr, mulohazalarini bildirdi.
Bilasizmi?
“Qizil” maktabda ishlamoqchi bo‘lgan pedagoglar 25-iyulga qadar tegishli maktab direktoriga murojaat qilishi lozim
Qabul jarayonlari 25-iyulga qadar davom etadi
Yangiliklar
“Qizil” maktablar ro‘yxati tasdiqlandi
2024-2025 o‘quv yili uchun ta’lim sifati past maktablar ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur maktabga borib ishlaydigan pedagoglarga qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang