Ta’lim sifati mavzusi ekspertlar nigohida
“Tanaffus” podkastining 26-sonida ta’lim sifati va uning mazmuni borasida o‘qituvchi, ta’lim bo‘yicha ekspert Otabek Rahmonberganov bilan suhbatlashgandik.
Bizni xursand qilayotgani shuki, bu mavzuga boshqa ta’lim ekspertlari Komil Jalilov hamda Shokir Tursunlar ham qo‘shilib, mavzu borasida o‘z fikr, mulohazalarini bildirib borishmoqda.
Komil Jalilov fikrlari
Suhbat davomida Otabek Rahmonberganov prezident maktablarining ayrim ijobiy jihatlarini sanab o‘tib, mazkur maktablarning paydo bo‘lishi bolalarni o‘rganishga, qoliplardan chiqishga majburlayotganini aytib, buni ijobiy holat ekanligini ta’kidlagandi.
Komil Jalilov esa uning bu fikrlariga qarshi ekanligini aytib, aslida prezident maktablari ta’limdagi tengsizlikni kuchaytirayotganini ta’kidladi.
“Tanaffus” podkastining navbatdagi sonida pedagog, o‘zining aytishicha, ko‘plab o‘quvchilarni prezident maktablariga tayyorlagan mutaxassis Otabek Rahmonberganov prezident maktablarining paydo bo‘lishi bolalarni o‘rganishga, qoliplardan chiqishga majburladi, bu ijobiy holat demoqda.
Podkast boshlovchilaridan biri, o‘zi ham matematik, pedagog Isroil Tillaboyev podkast mehmonining bu fikrini ma’qullab, farzandi prezident maktabi imtihoniga tayyorlanish jarayonida ko‘p narsani o‘rganganini aytmoqda.
Lekin har ikki pedagog bir muhim detalni e’tibordan qochirishyapti. Otabek Rahmonberganov bolalarni prezident maktabiga o‘quv markazida tayyorlaydi. Isroil Tillaboyevning farzandi ham katta ehtimol bilan repetitorga (yoki o‘quv markaziga) borgan bo‘lsa kerak.
Ya’ni, davlatning birlamchi majburiyatlaridan biri - normal sharoitda, sifatli (yoki har qalay "nisbatan sifatli" desa bo‘ladigan) ta’limdan bola foydalanishi uchun ota-ona pul sarflashi - o‘quv markazi yoki repetitorga berishi shart. Ota-ona shundoq ham farzandi bepul deyiladigan maktabga borishi uchun soliq to‘layapti va yana davlat bolasiga nisbatan sifatliroq ta’lim berishi uchun repetitorga yoki o‘quv markaziga qo‘shimcha xarajat qilishi kerak bo‘lyapti. Adashmasam, iqtisodchilar buni “double taxation” (bir narsa uchun ikki marta soliq to‘lash) deyishadi va bu - adolatsizlik.
Prezident maktablari nima qilyapti? Startdagi imkoniyatlari teng bo‘lmagan (ya’ni farzandiga pul tikish imkoni bor oiladan chiqqan) bolalarni "terib" olyapti-da, 11-sinf oxiriga borib bu tengsizlikni endi bartaraf qilib bo‘lmaydigan jarlik ko‘rinishiga keltiryapti.
Soliq to‘lovchilar hisobidan, ya’ni o‘sha bolasini repetitorga berish imkonini topa olmaganlarning ham soliqlarining katta qismini ozchilik o‘qiydigan prezident maktablariga yo‘naltirib, qolganlarni normal sharoiti yo‘q maktablarda o‘qishga mahkum qilish evaziga. Bu - ikkinchi, juda katta adolatsizlik”, - deydi Komil Jalilov
Otabek Rahmonberganov bunga javoban podkast mavzusi ta’lim sifati mavzusiga bag‘ishlangani, prezident maktablari va unga tayyorlanish jarayoni ta’lim sifatiga ijobiy o‘zgarish qilayotgani rostligi, ammo bu jarayon tengsizlik, tabaqalanish holati kabi ko‘plab muammolar keltirib chiqarayotganini tan olgan holda bu butunlay boshqa mavzu ekanligini aytdi.
Xususiy maktablar haqida
Suhbat davomida Otabek Rahmonberganov ta’lim sifati, shu jumladan, xususiy maktablardagi ta’lim sifati haqida mulohaza yuritib, xususiy maktablar ham aksar hollarda bolani ertalabdan kechgacha olib o‘tiradigan, issiq ovqat beradigan joy bo‘lib qolganini aytgandi.
Komil Jalilov Otabek Rahmobberganovning xususiy maktablar haqidagi fikrlariga ham qo‘shimcha qildi.
“Umuman, xususiy maktab bo‘ladimi, davlat maktabimi, aniq bir ta’lim falsafasi bo‘lmasa, butun tizim shu falsafa ustiga qurilmasa, ta’lim sifati haqida gapirish befoyda. Chunki ta’lim falsafasi bo‘lmasa, sifatni baholaydigan mezon bo‘lmaydi. Yoki bu mezonlarning ta’limga aloqasi bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda podkast boshlovchilari qo‘ygan savolga o‘z javobimni bermoqchiman: Ta’lim sifati - bu ta’lim muassasasi va umuman, ta’lim tizimining qay darajada o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishi. Maqsad esa, yuqorida aytilganidek, ta’lim falsafasidan kelib chiqib belgilanadi. Aniq maqsad bo‘lmasa - ta’lim sifatini baholaydigan mezonlar ham bo‘lmaydi (yoki noto‘g‘ri bo‘ladi), chunki siz nimani baholashni bilmaysiz.
Ta’lim falsafasidan kelib chiqib maqsad belgilanar ekan, butun tizim (xoh u alohida olingan bir maktab doirasida bo‘lsin, xoh mamlakat miqyosida) shu maqsadga xizmat qiladi: o‘quv dasturlari, metodika, resurslar, muhit, munosabatlar. Va tizimning hamma komponentlari o‘z vazifasini samarali bajarib, umumiy maqsad uchun xizmat qilayotgan bo‘lsa, sifatli ta’lim haqida gapirish mumkin.
Albatta, “bolani ma’lum muddat (yoki kechgacha) olib o‘tirish” yoki “nimanidir o‘rgatish” yoki “oliygohga tayyorlash” ham maqsad bo‘lishi mumkin va maktab/tizim aynan bu maqsadni samarali bajarayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin ota-ona, soliq to‘lovchi, jamiyat a’zosi, boring-ki, ta’lim xizmatlari iste’molchisi sifatida bu maqsad siz uchun qay darajada ahamiyatli/kerakli, masala aynan shunda”, - dedi u.
Shokir Tursun: Yangi baholash tizimi haqida
Podkastda yangi baholash tizimi va uning ta’lim sifatiga qo‘shayotgan roli haqida ham ayrim fikrlar ilgari surilgandi. Bu mavzuga Otabek Rahmonberganov to‘xtalib o‘tar ekan, summativ baholashlar (BSB, CHSB) o‘qituvchi, direktor, tuman rahbariyati aralasha olmaydigan tizimga o‘tishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Ammo, ta’lim bo‘yicha ekspert Shokir Tursun uning bu fikrlariga qo‘shilmasligini aytib, bunga bir qancha argumentlarni misol qilib keltirdi.
“Otabek akaning o‘quvchilar bilimini baholash borasidagi fikrlariga unchalik ham qo‘shilmayman. Ularning fikricha summativ baholashlar (BSB, CHSB) o‘qituvchi, direktor, tuman rahbariyati aralasha olmaydigan tizimga o‘tishi kerak. Bu o‘qituvchiga ishonmaslik hisoblanadi”, - dedi Shokir Tursun.
Uning aytishicha, bunday tizim ishga tushishi bilan quyidagi muammolar yuzaga kela boshlaydi:
1. Baholash va o‘qitish o‘rtasida uzilish paydo bo‘la boshlaydi. Ya’ni o‘qituvchilarning natijalarni batafsil tahlil qilish imkoni cheklanib, oqibatda o‘quvchisi haqida to‘g‘ri xulosa chiqara olmaydi.
2. O‘qituvchi o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni his qiladi va motivatsiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
3. O‘qituvchi ayni maktabda o‘qiyotgan bolalar kontekstida kerak bo‘lgan bilimlarni emas, faqatgina summativ testlarda tushadigan narsalarni o‘qitishni boshlaydi (qisman bo‘lsa-da mavjud bo‘lgan akademik erkinlik butkul yo‘qoladi)
4. O‘quvchining natijasini sharhlash sifati pasayadi va o‘quvchilarning metakognitiv ko‘nikmalari rivojlanishiga putur yetadi.
5. Maktabda baholash madaniyati zaiflashadi va formativ baholash jarayoni ham sifatsizlashadi.
“Xo‘p, nima qilish kerak, axir barcha summativ baholashlarni o‘qituvchining qo‘liga berib qo‘ysak, haqiqiy natijalarni qanday olamiz deyishingiz mumkin.
Mana shu yerda qadriyatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi. Bizning bunday o‘ylashimizning o‘zi o‘qituvchiga ishonmasligimizdan kelib chiqadi. Nega o‘qituvchiga ishonmaymiz? Uni bilimsiz hisoblaymizmi? Nega bilimsiz hisoblaymiz?
Agar o‘qituvchini bilimsiz hisoblamasak, nega uning qo‘ygan bahosiga nisbatan ishonchsizlik tuyamiz?
Biz o‘zi shunaqamiz, o‘qituvchini pastroq sort odam deb o‘ylab qolganmiz. Nega? Chunki o‘qituvchilarni tayyorlash tizimimiz zavolga botgan.
Men ham bunday tizimdan yetishib chiqqan o‘qituvchilarga ishonmagan bo‘lardim. Lekin bu o‘qituvchilarning aybi emas. Tizimning aybi. O‘qituvchi tayyorlashni eplolmayotgan, baholashni ham juda qotirib qo‘ymayotgan tizimga ishonyapmiz-u o‘qituvchiga yo‘q.
Eng yaxshi yechim, avvalo o‘qituvchi tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish va yaxshilash lozim. Shunda o‘qituvchilar ham baholash nima, ta’lim nima, o‘quvchi kim, sifat nima kabi savollarga aniq javob bera oladi va o‘z faoliyatini to‘g‘ri tashkil qiladi.
Milliy baholash tizimini joriy qilish va 4-, 9-, 11-sinflarda bir martadan o‘tkazish yetarli. Men o‘qituvchilarga qo‘rqmay akademik erkinliklar berilgan O‘zbekistonni ko‘rishni orzu qilaman”, deya yuqoridagi fikriga qo‘shimcha qildi, Shokir Tursun.
U Otabek Rahmonberganovning boshqa fikrlarini e’tirof etib, ayniqsa, o‘qitish yondashuvlari haqidagi fikrini ma’qullagan.
Umuman olganda, ta’lim sifati mavzusi ta’lim ekspertlari tomonidan muhokama qilinayotgani, muammo va yechimlarga yanada chuqurroq kirib borilishiga turtki bermoqda.
Ta’lim sifati mavzusi endi yagona nuqtayi nazardan emas, balki bir nechta tajribali ekspertlarning yondashuvi orqali yoritilayotgani masalani har tomonlama ko‘rib chiqishga, jamoatchilik fikrini boyitishga va ta’limdagi real muammolarga aniq yechimlar berib borish uchun zamin yaratadi.
O‘ylaymizki, “Tanaffus” podkasti hamda unda ko‘tarilayotgan mavzularni pedagoglar, ta’lim tizimining yuqori bo‘g‘inlarida faoliyat yuritib belayotgan mutasaddilar hamda eng asosiysi ta’lim siyosatini belgilovchi shaxslar ham kuzatib bormoqda.
Agar siz “Tanaffus” podkastining 26-sonini hali tomosha qilmagan bo‘lsangiz, unda hoziroq uni ko‘rib, ta’lim sifati haqidagi suhbatdan bahramand bo‘ling.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Attestatsiya uchun o‘qituvchilardan 25 ming dollar olgan pedagoglar qo‘lga tushdi
Maslahatchi lavozimi kichik maktablarda 0.5 stavka miqdorda tashkil qilinadi
Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sud uchun yig‘ilgan pullarni xayriya qilib yubordi
Maktablarda “Ombudsman soati” joriy etish rejalashtirilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Bilasizmi?
“Qizil” maktabda ishlamoqchi bo‘lgan pedagoglar 25-iyulga qadar tegishli maktab direktoriga murojaat qilishi lozim
Qabul jarayonlari 25-iyulga qadar davom etadi
Yangiliklar
“Qizil” maktablar ro‘yxati tasdiqlandi
2024-2025 o‘quv yili uchun ta’lim sifati past maktablar ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur maktabga borib ishlaydigan pedagoglarga qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.
O‘zbekistonda 60 foizdan ortiq o‘quvchilar 2 smenada o‘qimoqda
Bu haqda vazirlik mas'uli ma'lum qildi.
“Qizil” maktabda ishlayotgan o‘qituvchining shartnoma muddati tugasa nima bo‘ladi?
Shartnoma belgilangan talablarga mos tushmasa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb topiladi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang