“Ta’lim tizimida tartib o‘rnataman” — Erkinjon Turdimov
Samarqandlik jurnalist Karimberdi To‘ramurod O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Ta’lim va fan vaziri Erkinjon Turdimov bilan uchrashib, ta’lim tizimidagi muammolar va yangi rahbarning rejalari haqida suhbatlashganini ma’lum qildi.
Jurnalist bilan suhbatda Erkinjon Turdimov yangi lavozimda avvalo tizimni o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va tartib o‘rnatishga e’tibor qaratishini bildirgan.
“...men ta’limning odami emasman, istalgan viloyatga hokim qilib qo‘ysalar, uch kunda eplab ham olaman, jilovni ham qo‘limga olaman. Ta’lim sohasini bilmayman. Endi o‘rganyapman. Men dars bera olmasman, ammo rahbarlikni bilaman. Men ta’lim tizimida olamshumul inqilobiy o‘zgarishlar qila olmasman, ammo tizimda tartibni o‘rnataman”, - degan vazir.
So‘nggi kunlarda beshta rektor lavozimidan olinishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlarga ham izoh berilgan. Vazirning aytishicha, hozircha birorta rektor ishdan olinmagan. Yig‘ilishda beshta emas, to‘rtta rektorga qattiq ogohlantirish berilgan.
Ushbu masalani o‘rganish uchun vazirlikda maxsus ishchi guruh tuzilgan. Qaysi rektor lavozimida qolishi yoki qolmasligi ishchi guruhning xolis xulosasi asosida hal etiladi.
Vazir oliy ta’limdagi bilim sifati bilan bog‘liq muammoga misol ham keltirgan. Uning ta’kidlashicha, bir institutning rektor tomonidan eng a’lochi deb tanishtirilgan 10 nafar talabasi standart testdan o‘tkazilgan. Biroq ularning birortasi ham kamida “3” baho olishga muvaffaq bo‘lmagan.
Maktab darsliklaridagi xatolar bo‘yicha takliflar yuborilgan
Suhbat davomida maktab darsliklaridagi xatolar va mazmun bilan bog‘liq e’tirozlar ham ko‘tarilgan. Erkinjon Turdimov ham darsliklarda kamchiliklar ko‘pligini yaxshi bilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, darsliklar va ularning mazmuni bilan vazirlik bevosita shug‘ullanmaydi. Shu sababli bu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan Ta’lim markazi hamda Ilmiy tadqiqotlar institutiga maktab darsliklarining mazmun-mohiyatiga oid takliflar yuborilgan.
Maktablarda davomat 50 foizga ham yetmayaptimi?
Suhbatning eng e’tiborli qismlaridan biri maktablardagi o‘quvchilar davomati bilan bog‘liq bo‘lgan. Vazirning ta’kidlashicha, ayrim hududlarda maktablarda davomat 50 foizga ham yetmayapti. Uning fikricha, o‘quvchilarni maktabga qaytarish uchun tushuntirish va targ‘ibot ishlari bilan birga boshqa choralarni ham ko‘rishga to‘g‘ri kelmoqda.
U Sirdaryo viloyatida ishlagan davrida ichki ishlar organlari yordamida maktablardagi davomatni 80 foizga yetkazganini aytgan. Shunga qaramay, ayrim o‘quvchilar oilasiga yordam berish yoki pul topish maqsadida maktabga bormasligi, boshqalari esa boshqa shaharlardagi ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida tahsil olishni afzal ko‘rishini bildirgan.
Vazirning fikricha, davomatni to‘liq ta’minlash uchun, eng avvalo, maktablardagi ta’lim sifatini yaxshilash kerak. Shuningdek, hozir Toshkent shahrida raqamlashtirilgan kuzatuv tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda.
Ushbu tizimni kelgusida respublika bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan. Natijada har bir maktab va sinfdagi o‘quvchilar soni, shuningdek, o‘qituvchilarning dars jarayonini kuzatish imkoniyati yaratiladi.
“O‘quvchini maktabga qaytaramiz”, — degan Erkinjon Turdimov.
Suhbatda yoshlar tarbiyasi, milliy qadriyatlar va vatanparvarlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Erkinjon Turdimov ishni aynan tarbiya masalasini o‘rganishdan boshlaganini, bu borada muhim kitoblarni o‘qiyotganini aytgan.
Xususan, Xitoy va Yaponiyada maktablar uchun tarbiya darsliklari mavjudligi, ulardan o‘rganish va ayrim tajribalarni mamlakatimizda joriy etish zarurligini ta’kidlagan.
Vazirni, ayniqsa, yoshlarda or-nomus, g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularining yetarli darajada shakllanmayotgani tashvishga solmoqda.
“Yoshlarimiz o‘zlarining o‘zbek ekanligidan g‘ururlansinlar. O‘zlarining musulmon ekanliklaridan, inson ekanliklaridan g‘ururlansinlar! Yoshlar davlatimizning muqaddas ramzlari bo‘lgan bayrog‘imiz bilan, gerbimiz bilan, madhiyamiz bilan g‘ururlansinlar! Men ana shuni istayman!” — degan u.
Erkinjon Turdimov Turkiyaga tashrifi chog‘ida davlat madhiyasi ijro etilganida odamlarning unga jo‘r bo‘lib kuylaganini alohida taassurot bilan eslagan. Uning fikricha, O‘zbekistonda ham fuqarolarning davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat va muhabbatini kuchaytirish zarur.
“Nasib bo‘lsa, ularning yuzlarini yerga qaratmayman”, — deya suhbatni yakunlagan vazir.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari milliy sertifikat imtihonida nega 90 ta test topshiradi?
Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirilmoqda
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi
Prezident qarori bilan tashkil etilgan Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga rahbar tayinlandi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev Erkinjon Turdimovni bejizga vazir etib tayinlamaganini aytdi
Prezident To‘rtta viloyatga hokim bo‘lgan odamni Ta’lim vazirligiga bekorga olib kelmaganini aytdi.
Yangiliklar
Erkinjon Turdimov vazir lavozimiga tayinlangandan so‘ng ilk bor ko‘rinish berdi
Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov vazirlik tizimi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida o‘tkazilgan. Unda sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari ko‘rinish bermagan.
Bilasizmi?
Maktab o‘qituvchilari orasidan ta'lim vaziri chiqqanmi?
Mustaqil O‘zbekiston tarixida jami 11 nafar ta’lim vaziri faoliyat yuritgan bo‘lsa, ulardan atigi 3 nafari – Jo‘ra Yo‘ldoshev, Temur Shirinov hamda E’zoza Karimova o‘z faoliyatini maktabdagi oddiy o‘qituvchilikdan boshlaganligi haqida ma’lumotlar bor.
Ta'lim siyosati
Oradan 4 yil o‘tib, ta’lim vaziri parlamentga hisob berdi
2022-yildan buyon vazirning shaxsan o‘zi Qonunchilik palatasida o‘tkaziladigan “hukumat soati”da ishtirok etmay kelayotgandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang