Top.Mail.Ru
Maktab o‘qituvchilari orasidan ta'lim vaziri chiqqanmi?

Maktab o‘qituvchilari orasidan ta'lim vaziri chiqqanmi?

09:00 / 07.10.2026 742

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2026-yil 3-oktyabrdagi PF–213-son Farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tugatilib, yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. 


Shu sababli, vazir hamda uning barcha o‘rinbosarlari lavozimidan ozod qilindi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimida ishlab kelayotgan E’zoza Karimova esa Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.


Hozirda yangi tashkil qilingan Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimga rahbar tayinlanmadi, shuningdek, vazir lavozimiga aynan kim tayinlanishi ham hozircha noma’lum. Biz esa pedagoglar orasidan vazir lavozimigacha yetib borgan shaxslar haqidagi ayrim ma’lumotlarni yana bir bor e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.


Mustaqil O‘zbekiston tarixida jami 11 nafar ta’lim vaziri faoliyat yuritgan bo‘lsa, ulardan atigi ikki nafari – Jo‘ra Yo‘ldoshev va E’zoza Karimova o‘z faoliyatini maktabdagi oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan. Sobiq vazirlarning yana ikki nafari – G‘ayrat Shoumarov va Temur Shirinovning mutaxassisligi pedagog bo‘lsa-da, ammo ular aynan maktabda o‘qituvchilik qilmagan. 

G‘ayrat Shoumarov

2008–2010-yillarda Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlagan G‘ayrat Shoumarov mutaxassisligi bo‘yicha pedagog, psixolog hisoblanadi. U pedagog sifatidagi dastlabki ish faoliyatini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti assistenti sifatida boshlagan va keyinchalik bir necha yillar mobaynida xalq ta’limi tizimidagi rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 



G‘ayrat Shoumarov asosiy e’tiborini ilmiy va pedagogik faoliyatga bag‘ishlagan. Xususan, Respublika komissiyasi kotibi sifatida “Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar’’ fani ta’lim tizimiga joriy etilishida, shuningdek, monitoring guruhi rahbari sifatida davlat taʼlim standartlari (DTS) tasdiqlanishiga hissa qoʻshgan.

U psixologiya fani yoʻnalishida Oʻzbekistonda oilani oʻrganish boʻyicha shakllangan ilmiy maktab asoschisi. Hozirda esa psixologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy aʼzosi — akademigi hisoblanadi.


Temur Shirinov

2011–2013-yillarda Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlagan Temur Shirinovning asli kasbi esa tarix va geografiya fani o‘qituvchisi. Biroq u ham aynan maktab o‘qituvchilik qilmagan. U Termiz davlat pedagogika institutini tamomlagach, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Bronza va ilk temir davri bo‘limida ilk mehnat faoliyatini boshlagan. 1993–2004-yillarda esa shu institutga direktorlik qilgan. 



Faoliyatining dastlabki yillaridanoq u ham ilmiy-tadqiqot ishlariga katta e’tibor qaratib, O‘zbekiston hududidagi arxeologik yodgorliklarda olib borilgan qazishma ishlarida faol ishtirok etgan. 


Temur Shirinov tarix fanini rivojlantirishdagi xizmatlari va faol jamoatchilik va ilmiy faoliyati uchun 2001-yilda “Mehnat shuhrati”, 2009-yilda esa “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” unvoni bilan taqdirlangan.

Temur Shirinov 2017-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.


Kimyo-biologiya fani o‘qituvchisi – sobiq vazir Jo‘ra Yo‘ldoshev


Jo‘ra Yo‘ldoshev mustaqillikning ilk yillarida ya’ni, 1991-yildan–2000-yilgacha vazir lavozimida faoliyat yuritgan. U 1941-yil 1-sentabrda Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug‘ilgan. 1963-yilda Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha kimyo-biologiya va qishloq xo‘jaligi asoslari fani o‘qituvchisi.



U mehnat faoliyatini 1963-yilda Qibray tumanidagi 50-maktabda o‘qituvchi sifatida boshlagan. Harbiy xizmatdan so‘ng 1965–1967-yillarda Toshkent shahridagi 20-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik faoliyatini pedagog kadrlar malakasini oshirish tizimida davom ettirib, O‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markaziy institutida kimyo kabineti mudiri, so‘ng institut prorektori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 


Jo‘ra Yo‘ldashev 1972-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xalq maorifi vazirligi tizimida ishlay boshlagan. Dastlab vazirlikning bo‘lim boshlig‘i, 1973–1976-yillarda o‘quv-metodik kabinet mudiri, 1976–1978-yillarda esa bosh boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 1988–1992-yillarda Respublika o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markaziy instituti rektori bo‘lgan. 


1992-yilda u O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri etib tayinlangan va ushbu lavozimda 2000-yilgacha faoliyat yuritgan. Vazirlikdagi faoliyatidan so‘ng, 2000–2008-yillarda A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori bo‘lib ishlagan. 


2008-yildan esa Toshkent davlat pedagogika universitetining Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi va tarbiyaviy ish metodikasi kafedrasi professori sifatida faoliyatini davom ettirgan. Jo‘ra Yo‘ldoshevga 1996-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi” faxriy unvoni berilgan.

Tarix va jamiyatshunoslik fani o‘qituvchisi – sobiq vazir E’zoza Karimova


E’zoza Karimova 2025-yil 31-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlanib, ushbu lavozimda bir yildan oshiqroq, 2026-yil oktabr oyigacha faoliyat yuritdi.



E’zoza Karimova 1990-yilda Hamid Olimjon nomidagi umumta’lim maktabini tamomlab, Toshkent davlat universitetining falsafa fakultetiga o‘qishga kirgan. 1996-yilda universitetni tamomlagach, aspiranturada tahsil olgan. 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi I. Mo‘minov nomidagi Falsafa institutida ijtimoiy psixologiya va sotsiologiya ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini ham himoya qilgan.


U dastlabki mehnat faoliyatini 1990-yilda Kosonsoy tumanidagi 28-sonli umumta’lim maktabida ish yurituvchi sifatida boshlagan. Keyinchalik 30- va 35-sonli maktablarda tarix va jamiyatshunoslik fanlaridan dars bergan. 1994–1995-yillarda Kosonsoy tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli bolalar va o‘smirlar sport maktabida ish yurituvchi lavozimida faoliyat yuritgan.


1995-yildan boshlab uning faoliyati oliy ta’lim tizimi bilan bog‘landi. Xususan, Toshkent davlat universitetining falsafa fakultetida katta laborant, Nabi G‘aniyev nomidagi Toshkent kino texnikumida gumanitar fanlar o‘qituvchisi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida falsafa kafedrasi assistenti, ma’naviyat va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i hamda kafedra mudiri kabi lavozimlarda ishladi. 


2010–2011-yillarda TATU Metodika markazi boshlig‘i va prorektor vazifasini bajaruvchisi lavozimida ishladi. 2011–2021-yillarda esa universitetning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishida faoliyat yuritgan.


2021-yildan E’zoza Karimovaning faoliyati Prezident ta’lim muassasalari tizimi bilan bog‘landi. U Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i, 2021–2023-yillarda Prezident ta’lim muassasalari direktori maslahatchisi lavozimlarida ishladi. 


2023–2024-yillarda “Yangi O‘zbekiston” universitetida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, 2024-yilda esa Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktorining maslahatchisi bo‘lgan.


2025-yil 7-mayda E’zozxon Karimova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi. 


2025-yil 31-iyulda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uning nomzodi ma’qullanib, Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri etib tayinlandi.


Umuman olganda, 2013–2025-yillar oralig‘ida vazir lavozimiga tayinlanganlar orasida faoliyatini bevosita o‘qituvchilikdan boshlagan shaxslar uchramaydi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimida ishlagan shaxslarning aksariyati iqtisodchi yoki mutlaqo boshqa soha vakili bo‘lgan. O‘zbekiston qonunchiligida esa vazirlarga soha mutaxassisi bo‘lish talabi qo‘yilmagan.


Vazirlar bu lavozimida qancha muddat ishlagan, ular qaysi soha vakili bo‘lgan?


Mustaqillik yillaridan bugungi kungacha xalq ta’limi tizimiga rahbarlik qilgan vazirlarning faoliyat davriga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu lavozimda eng uzoq vaqt ishlagan vazir Jo‘ra Yo‘ldoshev ekanligini ko‘rish mumkin.


U mustaqillikning ilk yillaridan boshlab, ya’ni 1991-yildan–2000-yilgacha, ya’ni 9 yil mobaynida vazir lavozimida faoliyat yuritgan. Boshqa vazirlar asosan 3 yildan 5 yilgacha, ularning ayrimlari esa atigi 1 yil vazir lavozimida ishlagan. Jumladan:


1-vazir – Jo‘ra Yo‘ldoshev 9 yil 20 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 1991-yil 22-iyul – 2000-yil 11-avgust. Pedagogika fanlari doktori, professor. Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha kimyo-biologiya va qishloq xo‘jaligi asoslari fani o‘qituvchisi.


2-vazir – Risoboy Jo‘rayev 3 yil 8 oy 26 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 2000-yil 11-avgust – 2004-yil 7-may. Toshkent politexnika institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi muhandis-gidroenergetik. 2000-yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosarligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


3-vazir – Turopjon Jo‘rayev 3 yil 10 oy 19 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 2004-yil 7-may – 2008-yil-26 mart. Toshkent xalq xo‘jaligi instituti, hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Asli kasbi iqtisodchi. 2004-yilda Moliya vaziri o‘rinbosarligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


4-vazir – G‘ayrat Shoumarov 1 yil 9 oy 29 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 2008-yil 28-aprel – 2010-yil 26-fevral. Psixologiya fanlari doktori, professor. Asli kasbi pedagog, psixolog, lekin aynan maktabda o‘qituvchilik qilmagan. 2008-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektorligidan  Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


5-vazir – Avazjon Marahimov 1 yil 3 oy 28 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 2010-yil 2-mart – 2011-yil 30-iyun. Toshkent politexnika institutini amaliy matematika ixtisosligi yo‘nalishini tamomlagan. Texnika fanlari doktori, professor. 2010-yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosarligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


6-vazir – Temur Shirinov 1 yil 7 oy 3 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 2011-yil 4-iyul – 2013-yil 7-fevral. Termiz davlat pedagogika institutini tamomlagan. Asli kasbi tarix va geografiya fani o‘qituvchisi. 2011-yilda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti rektorligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


7-vazir – Ulug‘bek Inoyatov 5 yil 4 oy 13 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 2013-yil 7-fevral – 2018-yil 20-iyun. Toshkent politexnika institutini, keyinchalik Toshkent moliya institutini tamomlagan. Asli kasbi iqtisodchi. 2013-yilda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektorligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


8-vazir – Sherzod Shermatov 3 yil 4 oy 28 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 2018-yil 20-iyun – 2021-yil 17-noyabr. Toshkent davlat texnika universitetini, 2000-yilda AQSHning Yel universitetini tamomlagan. 2018-yilda IT va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosarligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


9-vazir – Baxtiyor Saidov 1 yil 1 oy 13 kun vazir lavozimida ishlagan. Faoliyat davri – 2021-yil 17-noyabr – 2022-yil 30-dekabr. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriyat hamda magistratura bosqichlarini tamomlagan. Asli kasbi iqtisodchi. 2021-yilda Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


10-vazir – Hilola Umarova 2 yil 6 oy 14 kun vazir lavozimida faoliyat olib bordi. Faoliyat davri – 2022-yil 30-dekabr – 2025-yil 14-iyul. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi tashqi iqtisodiy faoliyat. 2022-yilda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


11-vazir – E’zoza Karimova vazir lavozimida qariyb 1 yil 2 oy faoliyat yuritdi. Faoliyat davri – 2025-yil 31-iyul – 2026-yil 5-oktabr. ToshDUning falsafa fakultetini tamomlagan, keyinchalik aspiranturada ham tahsil olgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi tarix va jamiyatshunoslik fani o‘qituvchisi. 2025-yil 31-iyulda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimidan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


Hozirda yangi tashkil qilingan Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi bo‘shligicha qolmoqda. Yangi rahbar kim bo‘lishi ham rasman e’lon qilinmadi. Bu lavozimga kim kelishi esa ta’lim sohasi vakillari, pedagoglar va mutaxassislar orasida tabiiy ravishda katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘ylaymizki, yaqin kunlarda ushbu lavozimga tayinlov ham amalga oshiriladi.

Xo‘sh, sizningcha, yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga kim tayinlanadi? O‘qituvchilik faoliyatidan boshlab, vazirlik darajasigacha yetib kelgan rahbarlar safi yana bittaga ko‘payadimi? Yoki bu safar ham vazir lavozimiga boshqa soha vakili tayinlanadimi?

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati
  • Vazir

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar

Ta'lim siyosati

Ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’limdagi muammolarni hal qiloladimi? — ekspertlar bilan suhbat

Ikki yirik vazirlik — Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari qo‘shib yuborildi. Endilikda maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim, undan keyingi ta’lim, shuningdek, qo‘shimcha va norasmiy ta’lim siyosati yagona — Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan belgilanadi. Xo‘sh, ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’lim boshqaruvidagi mavjud muammolarni hal qilish uchun yetarlimi?

21:32 / 05.10.2026
Yangiliklar

Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligining vazifalari va tashkiliy tuzilmasi bir hafta ichida belgilanadi

O‘zbekistonda maktabgacha ta’limdan tortib oliy hamda undan keyingi ta’limgacha bo‘lgan tizimni yagona boshqaruv asosida birlashtirishga qaratilgan yangi islohotlar davri boshlandi.

13:42 / 04.10.2026
Bilasizmi?

Yangi ta’lim vazirini tayinlash bo‘yicha qarorni kimlar qabul qiladi?

Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, ayni vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova hamda uning o‘rinbosarlari, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov va uning o‘rinbosarlari ham lavozimidan ozod etilgan. Bu Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining tugatilib, ularning negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgani bilan bog‘liq.

22:47 / 03.10.2026
Ta'lim siyosati

O‘zbekiston ta’limi: ilk mustaqillik yillarini eslab…

Zamonaviy shakldagi maktablar O‘zbekistonda 1921-1922-yillarda tashkil etila boshladi. Unga qadar o‘zbek xalqi ta’lim tizimida bolalarga turli xil usullarda ta’lim berishga mo‘ljallangan “maktabxona”, “daloilxona”, “qorixona”, “madrasa”, “rus-tuzem maktabi”, “gimnaziya”, “jadid maktablari” kabi ta’lim maskanlari faoliyat yuritgan.

09:02 / 01.09.2026