Top.Mail.Ru
O‘qituvchilar orasidan ta'lim vaziri chiqqanmi?

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

O‘qituvchilar orasidan ta'lim vaziri chiqqanmi?

09:00 / 07.10.2026 850

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2026-yil 3-oktyabrdagi PF–213-son Farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tugatilib, yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. 


Shu sababli, vazir hamda uning barcha o‘rinbosarlari lavozimidan ozod qilindi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimida ishlab kelayotgan E’zoza Karimova esa Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.


Hozirda yangi tashkil qilingan Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimga rahbar tayinlanmadi, shuningdek, vazir lavozimiga aynan kim tayinlanishi ham hozircha noma’lum. Biz esa pedagoglar orasidan vazir lavozimigacha yetib borgan shaxslar haqidagi ayrim ma’lumotlarni yana bir bor e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.


Mustaqil O‘zbekiston tarixida jami 11 nafar ta’lim vaziri faoliyat yuritgan bo‘lsa, ulardan atigi 4 nafari – Jo‘ra Yo‘ldoshev, G‘ayrat Shoumarov, Temur Shirinov hamda E’zoza Karimova o‘z faoliyatini oddiy o‘qituvchilikdan boshlaganligi haqida ma’lumotlar bor. 


Jo‘ra Yo‘ldoshev


Mustaqillikning ilk yillarida ya’ni, 1991-yildan–2000-yilgacha vazir lavozimida faoliyat yuritgan Jo‘ra Yo‘ldoshev pedagogika fanlari doktori, professor ilmiy darajasiga ega bo‘lgan shaxs hisoblanadi. U dastlabki mehnat faoliyatini o‘rta maktabda kimyo-biologiya fani o‘qituvchiligidan boshlagan.


G‘ayrat Shaumarov


2008–2010-yillarda Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlagan G‘ayrat Shaumarov Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. U psixologiya fanlari doktori, hozirgi kunda akademik ilmiy darajasiga ega bo‘lib, u ham ish faoliyatining dastlabki yillarida pedagoglik faoliyat bilan shug‘ullangan.



G‘ayrat  Shaumarov 1991-1996-yillari A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish markaziy instituti rektori, 1996-1998-yillari Respublika ta’lim markazi direktori lavozimlarida ham ishlagan. Hozirgi kunda esa Profi University xususiy oliygohi rektori lavozimida ishlaydi.


Temur Shirinov


2011–2013-yillarda Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlagan Temur Shirinov esa Termiz davlat pedagogika institutini tamomlagan. Uning asli kasbi tarix va geografiya fani o‘qituvchisi bo‘lgan.



Temur Shirinov 2017-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.


E’zoza Karimova


E’zoza Karimova 2025-yil 31-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlanib, ushbu lavozimda bir yildan oshiqroq, 2026-yil oktabr oyigacha faoliyat yuritdi.



U 1996-yilda ToshDUning falsafa fakultetini tamomlab, keyinchalik aspiranturada ham tahsil olgan. 2003-yilda O‘zRFA qoshidagi I.Mo‘minov  nomli  falsafa institutida  ijtimoiy psixologiya va sotsiologiya ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik  dissertatsiyasini ham himoya qilgan.


E’zoza Karimova dastlabki mehnat faoliyatini 1990-yilda Kosonsoy tumanidagi 28-o‘rta maktabda ish yurituvchi sifatida boshlagan. Keyingi yillarda u bir shu tumandagi necha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tarix va jamiyatshunoslik fanlaridan dars bergan. 


E’zoza Karimova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimidan ozod etilgach, 2026-yil 5-oktabr kuni Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.


Umuman olganda, 2013–2025-yillar oralig‘ida vazir lavozimiga tayinlanganlar orasida faoliyatini bevosita o‘qituvchilikdan boshlagan shaxslar uchramaydi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimida ishlagan shaxslarning aksariyati iqtisodchi yoki mutlaqo boshqa soha vakili bo‘lgan. O‘zbekiston qonunchiligida esa vazirlarga soha mutaxassisi bo‘lish talabi qo‘yilmagan.


Vazirlar bu lavozimida qancha muddat ishlagan, qaysi soha vakili bo‘lgan?


Mustaqillik yillaridan bugungi kungacha xalq ta’limi tizimiga rahbarlik qilgan vazirlarning faoliyat davriga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu lavozimda eng uzoq vaqt ishlagan vazir Jo‘ra Yo‘ldoshev bo‘lganini ko‘rish mumkin.


U mustaqillikning ilk yillaridan boshlab, ya’ni 1991-yildan–2000-yilgacha, ya’ni 9 yil mobaynida vazir lavozimida faoliyat yuritgan. Boshqa vazirlar asosan 3 yildan 5 yilgacha, ularning ayrimlari esa atigi 1 yil vazir lavozimida ishlagan. Jumladan:


1-vazir – Jo‘ra Yo‘ldoshev 9 yil 20 kun vazir lavozimida ishlagan. 1991-yil 22-iyul – 2000-yil 11-avgust. Pedagogika fanlari doktori, professor (boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar mvjud emas).


2-vazir – Risoboy Jo‘rayev 3 yil 8 oy 26 kun vazir lavozimida ishlagan. 2000-yil 11-avgust – 2004-yil 7-may. Toshkent politexnika institutini tamomlagan. 2000-yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosarligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


3-vazir – Turopjon Jo‘rayev 3 yil 10 oy 19 kun vazir lavozimida ishlagan. 2004-yil 7-may – 2008-yil-26 mart. Toshkent xalq xo‘jaligi instituti, hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Asli kasbi iqtisodchi. 2004-yilda Moliya vaziri o‘rinbosarligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


4-vazir – G‘ayrat Shoumarov 1 yil 9 oy 29 kun vazir lavozimida ishlagan. 2008-yil 28-aprel – 2010-yil 26-fevral. Psixologiya fanlari doktori, professor. Asli kasbi pedagog. 2008-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektorligidan  Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


5-vazir – Avazjon Marahimov 1 yil 3 oy 28 kun vazir lavozimida ishlagan. 2010-yil 2-mart – 2011-yil 30-iyun. Toshkent politexnika institutini amaliy matematika ixtisosligi yo‘nalishini tamomlagan. Texnika fanlari doktori, professor. 2010-yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosarligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


6-vazir – Temur Shirinov 1 yil 7 oy 3 kun vazir lavozimida ishlagan. 2011-yil 4-iyul – 2013-yil 7-fevral. Termiz davlat pedagogika institutini tamomlagan. Asli kasbi tarix va geografiya fani o‘qituvchisi. 2011-yilda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti rektorligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


7-vazir – Ulug‘bek Inoyatov 5 yil 4 oy 13 kun vazir lavozimida ishlagan. 2013-yil 7-fevral – 2018-yil 20-iyun. Toshkent politexnika institutini, keyinchalik Toshkent moliya institutini tamomlagan. Asli kasbi iqtisodchi. 2013-yilda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektorligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


8-vazir – Sherzod Shermatov 3 yil 4 oy 28 kun vazir lavozimida ishlagan. 2018-yil 20-iyun – 2021-yil 17-noyabr. Toshkent davlat texnika universitetini, 2000-yilda AQSHning Yel universitetini tamomlagan. 2018-yilda IT va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosarligidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


9-vazir – Baxtiyor Saidov 1 yil 1 oy 13 kun vazir lavozimida ishlagan. 2021-yil 17-noyabr – 2022-yil 30-dekabr. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriyat hamda magistratura bosqichlarini tamomlagan. Asli kasbi iqtisodchi. 2021-yilda Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


10-vazir – Hilola Umarova 2 yil 6 oy 14 kun vazir lavozimida faoliyat olib bordi. 2022-yil 30-dekabr – 2025-yil 14-iyul. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi tashqi iqtisodiy faoliyat. 2022-yilda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimidan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


11-vazir – E’zoza Karimova vazir lavozimida qariyb 1 yil 2 oy faoliyat yuritdi. 2025-yil 31-iyul – 2026-yil 5-oktabr. ToshDUning falsafa fakultetini tamomlagan, keyinchalik aspiranturada ham tahsil olgan. 2025-yil 31-iyulda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimidan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan.


Hozirda yangi tashkil qilingan Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi bo‘shligicha qolmoqda. Yangi rahbar kim bo‘lishi ham rasman e’lon qilinmadi. Bu lavozimga kim kelishi esa ta’lim sohasi vakillari, pedagoglar va mutaxassislar orasida tabiiy ravishda katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘ylaymizki, yaqin kunlarda ushbu lavozimga tayinlov ham amalga oshiriladi.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Политика образования
  • Министр

Поделиться

line

Тематические новости

Политика образования

Ta’lim tizimida takrorlanuvchi vazifalar qisqartiriladi, hududiy bo‘g‘inlar mas’uliyati kuchaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish hamda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

20:52 / 07.10.2026
Политика образования

Ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’limdagi mavjud muammolarni hal qilish uchun yetarlimi?

Ikki yirik vazirlik — Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari qo‘shib yuborildi. Endilikda maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim, undan keyingi ta’lim, shuningdek, qo‘shimcha va norasmiy ta’lim siyosati yagona — Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan belgilanadi. Xo‘sh, ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’lim boshqaruvidagi mavjud muammolarni hal qilish uchun yetarlimi?

21:32 / 05.10.2026
Новости

Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligining vazifalari va tashkiliy tuzilmasi bir hafta ichida belgilanadi

O‘zbekistonda maktabgacha ta’limdan tortib oliy hamda undan keyingi ta’limgacha bo‘lgan tizimni yagona boshqaruv asosida birlashtirishga qaratilgan yangi islohotlar davri boshlandi.

13:42 / 04.10.2026
Вы знаете?

Yangi ta’lim vazirini tayinlash bo‘yicha qarorni kimlar qabul qiladi?

Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, ayni vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova hamda uning o‘rinbosarlari, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov va uning o‘rinbosarlari ham lavozimidan ozod etilgan. Bu Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining tugatilib, ularning negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgani bilan bog‘liq.

22:47 / 03.10.2026