Top.Mail.Ru
“Ta’lim tizimida tartib o‘rnataman” — Erkinjon Turdimov

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

“Ta’lim tizimida tartib o‘rnataman” — Erkinjon Turdimov

15:05 / 09.11.2026 542

Samarqandlik jurnalist Karimberdi To‘ramurod O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Ta’lim va fan vaziri Erkinjon Turdimov bilan uchrashib, ta’lim tizimidagi muammolar va yangi rahbarning rejalari haqida suhbatlashganini ma’lum qildi.


Jurnalist bilan suhbatda Erkinjon Turdimov yangi lavozimda avvalo tizimni o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va tartib o‘rnatishga e’tibor qaratishini bildirgan.


“...men ta’limning odami emasman, istalgan viloyatga hokim qilib qo‘ysalar, uch kunda eplab ham olaman, jilovni ham qo‘limga olaman. Ta’lim sohasini bilmayman. Endi o‘rganyapman. Men dars bera olmasman, ammo rahbarlikni bilaman. Men ta’lim tizimida olamshumul inqilobiy o‘zgarishlar qila olmasman, ammo tizimda tartibni o‘rnataman”, - degan vazir.

Rektorlar ishdan olinmagan, qattiq ogohlantirish berilgan

So‘nggi kunlarda beshta rektor lavozimidan olinishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlarga ham izoh berilgan. Vazirning aytishicha, hozircha birorta rektor ishdan olinmagan. Yig‘ilishda beshta emas, to‘rtta rektorga qattiq ogohlantirish berilgan.


Ushbu masalani o‘rganish uchun vazirlikda maxsus ishchi guruh tuzilgan. Qaysi rektor lavozimida qolishi yoki qolmasligi ishchi guruhning xolis xulosasi asosida hal etiladi.


Vazir oliy ta’limdagi bilim sifati bilan bog‘liq muammoga misol ham keltirgan. Uning ta’kidlashicha, bir institutning rektor tomonidan eng a’lochi deb tanishtirilgan 10 nafar talabasi standart testdan o‘tkazilgan. Biroq ularning birortasi ham kamida “3” baho olishga muvaffaq bo‘lmagan.


Maktab darsliklaridagi xatolar bo‘yicha takliflar yuborilgan


Suhbat davomida maktab darsliklaridagi xatolar va mazmun bilan bog‘liq e’tirozlar ham ko‘tarilgan. Erkinjon Turdimov ham darsliklarda kamchiliklar ko‘pligini yaxshi bilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, darsliklar va ularning mazmuni bilan vazirlik bevosita shug‘ullanmaydi. Shu sababli bu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan Ta’lim markazi hamda Ilmiy tadqiqotlar institutiga maktab darsliklarining mazmun-mohiyatiga oid takliflar yuborilgan.


Maktablarda davomat 50 foizga ham yetmayaptimi?


Suhbatning eng e’tiborli qismlaridan biri maktablardagi o‘quvchilar davomati bilan bog‘liq bo‘lgan. Vazirning ta’kidlashicha, ayrim hududlarda maktablarda davomat 50 foizga ham yetmayapti. Uning fikricha, o‘quvchilarni maktabga qaytarish uchun tushuntirish va targ‘ibot ishlari bilan birga boshqa choralarni ham ko‘rishga to‘g‘ri kelmoqda.


U Sirdaryo viloyatida ishlagan davrida ichki ishlar organlari yordamida maktablardagi davomatni 80 foizga yetkazganini aytgan. Shunga qaramay, ayrim o‘quvchilar oilasiga yordam berish yoki pul topish maqsadida maktabga bormasligi, boshqalari esa boshqa shaharlardagi ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida tahsil olishni afzal ko‘rishini bildirgan.


Vazirning fikricha, davomatni to‘liq ta’minlash uchun, eng avvalo, maktablardagi ta’lim sifatini yaxshilash kerak. Shuningdek, hozir Toshkent shahrida raqamlashtirilgan kuzatuv tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. 


Ushbu tizimni kelgusida respublika bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan. Natijada har bir maktab va sinfdagi o‘quvchilar soni, shuningdek, o‘qituvchilarning dars jarayonini kuzatish imkoniyati yaratiladi.

“O‘quvchini maktabga qaytaramiz”, — degan Erkinjon Turdimov.

Suhbatda yoshlar tarbiyasi, milliy qadriyatlar va vatanparvarlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Erkinjon Turdimov ishni aynan tarbiya masalasini o‘rganishdan boshlaganini, bu borada muhim kitoblarni o‘qiyotganini aytgan. 


Xususan, Xitoy va Yaponiyada maktablar uchun tarbiya darsliklari mavjudligi, ulardan o‘rganish va ayrim tajribalarni mamlakatimizda joriy etish zarurligini ta’kidlagan.


Vazirni, ayniqsa, yoshlarda or-nomus, g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularining yetarli darajada shakllanmayotgani tashvishga solmoqda.


“Yoshlarimiz o‘zlarining o‘zbek ekanligidan g‘ururlansinlar. O‘zlarining musulmon ekanliklaridan, inson ekanliklaridan g‘ururlansinlar! Yoshlar davlatimizning muqaddas ramzlari bo‘lgan bayrog‘imiz bilan, gerbimiz bilan, madhiyamiz bilan g‘ururlansinlar! Men ana shuni istayman!” — degan u.


Erkinjon Turdimov Turkiyaga tashrifi chog‘ida davlat madhiyasi ijro etilganida odamlarning unga jo‘r bo‘lib kuylaganini alohida taassurot bilan eslagan. Uning fikricha, O‘zbekistonda ham fuqarolarning davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat va muhabbatini kuchaytirish zarur.

“Nasib bo‘lsa, ularning yuzlarini yerga qaratmayman”, — deya suhbatni yakunlagan vazir.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Министр

Поделиться