Oradan 4 yil o‘tib, ta’lim vaziri parlamentga hisob berdi
Ma’lumki, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasi aʼzolari “hukumat soati” doirasida deputatlarning savollariga javob berishi lozim. Mazkur tartib parlament nazoratining muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri ham tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud muammolar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan deputatlar oldida axborot berishi kerak. Biroq, 2022-yildan buyon vazirning shaxsan o‘zi Qonunchilik palatasida o‘tkaziladigan “hukumat soati”da ishtirok etmay kelayotgandi.
Masalan, so‘nggi yillarda vazir lavozimida faoliyat yuritgan shaxslarning “hukumat soati”dagi ishtirokini qisqacha tahlil qiladigan bo‘lsak, oxirgi marta, 2022-yil 16-avgust kuni sobiq Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovning axboroti Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘qib eshittirilib, deputatlarning savollariga javob berganligini ko‘rish mumkin.
Xususan, sobiq Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ham bir necha bor “hukumat soati” doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlarning savollariga javob bergan.
Ammo, sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova faoliyat yuritgan davrda (2023-2025-yillar) “hukumat soati”ga shaxsan o‘zi emas, balki uning o‘rinbosarlari ishtirok eta boshlagan. Ya’ni, Hilola Umarova biror marta ham “hukumat soati”da shaxsan ishtirok etib, deputatlarning savollariga javob bermagan.
“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov esa Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova faoliyatini keskin tanqid qilib, u Qonunchilik Palatasiga tasdiqlanib ketganidan buyon biron marta ham Parlamentga hisobot topshirishga kelmaganini aytgandi. Ammo, sobiq vazir bu tanqidlardan keyin ham parlamentga hisob berishga kelmagan.
Nihoyat, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlanganiga qariyb bir yil bo‘layotgan E’zoza Karimova 4 yillik tanaffusdan so‘ng, bu “an’anaga” nuqta qo‘yib, shaxsan “hukumat soati”da ishtirok etdi va deputatlarning savollariga javob berdi. “Hukumat soati”da ta’lim sifati, inklyuziv muhitni rivojlantirish va pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan. Unda vazir o‘rinbosarlari hamda vazirlik markaziy apparati xodimlari ham qatnashdi.
“Hukumat soati” davomida vazir so‘nggi olti yilda ta’lim tizimida amalga oshirilgan qator o‘zgarishlar haqida ham axborot berdi. Jumladan, bu davrda 14 ta Prezident, 9 ta ijod va 203 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, yangi baholash tizimi hozirda 3 434 ta maktabda joriy etilgani, kelgusi o‘quv yilidan ushbu ko‘rsatkichni 4 500 taga yetkazish rejalashtirilayotgani aytildi. Vazirga ko‘ra, mazkur maktablarda o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 53 foizdan 72 foizgacha oshgan. Yuqori natija qayd etgan 275 ta maktab pedagoglariga 40 foizgacha ustama to‘lanayotgani ham bildirildi.
Muhokamalarda xorijiy til sertifikatiga ega o‘quvchilar soni 40 ming nafardan oshgani, ta’lim tizimiga 1 400 nafardan ortiq xorijiy mutaxassis jalb qilingani ham qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekistonning PISA, PIRLS va TIMSS kabi xalqaro baholash dasturlaridagi ishtirokiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
“Hukumat soati”da inklyuziv ta’lim masalasi ham muhokama qilindi. Hozirda 2 365 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilgan bo‘lib, minglab pedagoglar bu yo‘nalishda malaka oshirgani aytildi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Xususan, ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlarining bog‘cha xarajatlari qisman davlat tomonidan qoplanayotgani, 125 mingdan ortiq o‘quvchi esa IT, xorijiy til va kasb-hunar to‘garaklariga davlat ko‘magida jalb qilingani ta’kidlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ta’lim tizimida so‘nggi olti yil davomida amalga oshirilgan o‘zgarishlar haqida gapirar ekan, ayrim muammoli jihatlar haqida emas, asosan amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalariga urg‘u qaratdi. Jumladan, u mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimi ijobiy natija berayotganini ta’kidladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab esa mazkur tizim joriy etilgan maktablar sonini 4 500 taga yetkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Biroq vazir o‘z nutqida yangi baholash tizimi yuzasidan mavjud e’tiroz va noroziliklarga to‘xtalmadi. Deputatlar ham bu borada savol bermadi. Holbuki, so‘nggi yillarda ushbu tizim ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, ayniqsa, ayrim ota-onalar va o‘qituvchilar tomonidan keskin tanqid qilinib kelinmoqda. Hatto “Mening fikrim” portalida tizimni bekor qilish talabi bilan petitsiya ham joylashtirilib, 10 mingdan ortiq ovoz ham yig‘ildi. https://petition.gov.uz/uz/petitions/view/8131
Ma’lumki, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab 500 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qitish va bilimni baholashning yangi tartibi tajriba tariqasida joriy etilgandi. 2024/2025-o‘quv yilidan esa ushbu maktablarning har biriga 2 tadan maktab biriktirilib, tizim qamrovi 1 500 taga yetkazildi.
Yangi baholash tizimi 1 500 ta maktabda joriy etilgach, bu tizimning kamchiliklari haqida o‘qituvchi va ota-onalar tomonidan turli e’tirozlar yangray boshladi. Shunga qaramay, tizimdagi muammolar to‘liq bartaraf etilmasdan turib, 2025-yilda yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 3 000 taga oshirildi.
Umuman olganda, yangi baholash tizimining kamchiliklari ta’lim masalalari bo‘yicha ekspertlar tomonidan ham tahlil qilinib kelinmoqda. https://www.gazeta.uz/ru/2024/11/25/evaluation/ https://xalqtaliminfo.uz/post/1009 Shuningdek, tizimning muammoli jihatlari “Tanaffus” podkastida ham muhokama qilingan. https://youtu.be/hH_B1k1Va-U
Ammo mavjud muammolar va e’tirozlar to‘liq bartaraf etilmay turib, Karimovaning ushbu tizim qamrovini yanada kengaytirish borasidagi tashabbusi ayrim ekspertlar va ota-onalarda xavotir uyg‘otishi tabiiy.
Xorijdan jalb qilingan “til egalari”
Vazir muhokamalarga sabab bo‘layotgan yana bir tashabbus — “til egalari” loyihasi davom ettirilishini ham ma’lum qildi. Biroq loyiha yuzasidan jamoatchilikni qiziqtirayotgan ayrim savollar ochiq qolayotgani, xususan, natijadorlik va bu loyihaning ta’lim sifatiga ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar keltirilmay, xorijiy til sertifikatiga ega o‘quvchilar soni 40 ming nafardan oshgani haqida ma’lumotni aytish bilan cheklandi.
Ma’lumki, 2023-yildan boshlab ta’lim muassasalariga jami 500 nafardan ziyod xorijlik pedagoglar “til egalari” sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan dars berish uchun jalb qilingandi. 2024-yildan boshlab esa ularning soni 1 500 nafarga yetkazilgan. https://xalqtaliminfo.uz/post/737
Lekin vazirlik shu kunga qadar “til egalari”ning maktablarga jalb qilinishi ta’lim sifatiga qay darajada ijobiy ta’sir o‘tkazgani haqida to‘liq statistik va tahliliy ma’lumotlarni e’lon qilmagan.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning ta’kidlashicha, “til egasi” yaxshiroq oʻqitadi, degan qarash ilmiy jihatdan oʻz isbotini topmagan. Yaʼni, “til egasi”ning olib kelinishi taʼlim sifatini oshirishga xizmat qilishini isbotlaydigan tadqiqotlar mavjud emas. https://t.me/jalilovqaydlar/3830
“Chet tillarini o‘qitish uchun shu tilda so‘zlashuvchilarni jalb qilishga ketadigan xarajatlarni boshqa — ta’lim sifatiga ta’siri xalqaro tadqiqotlar tomonidan tasdiqlangan narsalar uchun, masalan, maktablarni laboratoriyalar yoki boshqa resurslar bilan jihozlash uchun ishlatilishi mumkin edi. Va o‘sha va’da qilingan oyiga 1000 dollarlik maosh — vaqti-vaqti bilan yuzaga keladigan sertifikatlar muammosisiz sharoitda — maktablarga o‘z fanini chet elliklardan kam bilmaydigan o‘qituvchilarni jalb qilishga yordam bergan va bu davlat uchun arzonroq tushgan bo‘lardi.
Bundan tashqari, maktablar soni jalb etilishi ko‘zda tutilayotgan chet ellik o‘qituvchilar sonidan ancha ko‘p — bu chet ellik o‘qituvchilar maktablar o‘rtasida qanday mezonlar asosida taqsimlanishi noma’lum. Yana shu savol: bu belgilangan maqsad — “har bir inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish” ustuvorligiga qay darajada mos keladi?”, deydi Komil Jalilov. https://www.gazeta.uz/oz/2023/08/11/education/
“Til egalari” loyihasiga oid mavjud savollar va muammolar ochiq qolayotgan bir vaziyatda bu loyiha natijakorligini chuqur tahlil qilish o‘rniga uni yanada kengaytirish yana bahs va e’tirozlarni keltirib chiqarishi tabiiy hol. Ayniqsa, loyiha samaradorligi, ajratilayotgan mablag‘larning natijadorligi hamda bu tashabbusning ta’lim sifatiga real ta’siri bo‘yicha aniq va ochiq ma’lumotlar taqdim etilmas ekan, jamoatchilikdagi shubhalar yanada ortishi ehtimoldan xoli emas.
Tabaqalashgan ta’limdan voz kechiladimi?
“Hukumat soati” davomida vazir maktablar o‘rtasidagi farqlar tobora kengayib borayotgan bir vaqtda ta’lim tizimining “lokomotivi” sifatida 14 ta Prezident, 9 ta ijod hamda 203 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilganini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.
Umuman olganda, ta’lim ekspertlari va mutaxassislar barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish kerakligi to‘g‘risida aytmoqda. PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxer esa PISA natijalariga asoslanib, o‘quvchilarni qobiliyatiga qarab ajratadigan mamlakatlarning hech biri samarali ta’lim tizimi qatoriga yoki eng yaxshi natijalarga erishgan o‘quvchilar ulushi ko‘proq bo‘lgan tizimlar qatoriga kirmasligini ta’kidlagan. Shuningdek, u boshqa tadqiqotlar natijalari ham o‘quvchilarni qobiliyatiga ko‘ra tabaqalashtirib o‘qitish ta’lim sifatining oshishiga xizmat qilmasligini ham aytgan. https://www.oecd.org/content/dam/oecd/en/publications/reports/2018/05/world-class_g1g8d583/9789264300002-en.pdf
Hozirgi kunga kelib, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga ajratilgan mablag‘larning o‘ta yuqoriligi davlat ta’lim tizimida ham tengsizlikning ortib borishiga sabab bo‘lmoda.
Bu esa har bir o‘zbekistonlik o‘quvchining sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini cheklashi tabiiy hol. Buning natijasida, iqtisodiy jihatdan nochor oilalarda yashovchi bolalar sifatli ta’limdan mosuvo bo‘lishi mumkin. Chunki, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda tahsil olish uchun ham bolalar ma’lum bir mablag‘lar evaziga alohida qo‘shimcha darslarda, repetitorlarda tahsil olib kelayotgani hech kimga sir emas.
Shu sababli, vazirlik tabaqalashgan ta’lim tizimidan voz kechib, O‘zbekiston hududida barcha bolalarga bir xil sifatli ta’lim berilishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishi lozim. Sifatli ta’lim va yaxshi sharoitlar faqatgina kam sonli o‘quvchilar uchun emas, balki har bir o‘quvchi uchun umumiy va ochiq bo‘lishi zarur. https://xalqtaliminfo.uz/post/929
Bizningcha, vazir parlamentdagi chiqishida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar soni va ular erishayotgan yutuqlarini sanab o‘tish bilan cheklanib qolmasdan, aksincha, maktablar o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirish, barcha hududlarda bir xil sifatli ta’lim muhitini yaratish bo‘yicha rejalariga ham alohida to‘xtalishi kerak edi.
Muhokamalarga sabab bo‘layotgan attestatsiya tizimi
“Hukumat soati”da 310 ming nafar pedagog xodim malaka toifasiga ega ekanligi ham ta’kidlab o‘tildi. So‘nggi yillarda ta’lim tizimidagi eng ko‘p muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘layotgan masalalardan biri bu — pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, attestatsiya testlari sifati, savollarning murakkabligi, baholash mezonlari, apellyatsiya jarayonlari hamda natijalarning shaffofligi yuzasidan o‘qituvchilar tomonidan turli e’tirozlar bildirilmoqda. https://youtu.be/OteaOH_0cZs https://youtu.be/rvg_3AC3gvI
Ijtimoiy tarmoqlarda attestatsiya jarayonlari bilan bog‘liq murojaatlar va noroziliklar muntazam ko‘tarilib kelayotganiga qaramay, muammolar hanuzgacha saqlanib qolmoqda. Bizningcha, “hukumat soati”da mazkur masalaga ham alohida to‘xtalib o‘tish, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolarni ochiq tan olish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq rejalar ham taqdim qilinishi kerak edi.
O‘zbekistonda yuz minglab pedagoglarga rasmiy baho beradigan attestatsiya tizimining fundamental noto‘g‘ri ishlayotganini “langobardlar – vestgotlar” keysi misolida yana bir bor o‘z isbotini topdi. Baholash markazi esa o‘qituvchilar javobi to‘g‘ri ekanligini tan olishga majbur bo‘ldi. https://xalqtaliminfo.uz/post/1536
Afsuski, attestatsiya tizimi o‘qituvchining xotirasini va asabini sinaydigan, har safar katta mojarolarga sabab bo‘ladigan jarayonga aylanib ulgurgan bo‘lsada, vazirlik tomonidan hanuzgacha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmayapti.
Shuningdek, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning pedagoglar attestatsiyasi borasida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova hamda Baholash markazi direktori Dilrabo Davidovaga yo‘llagan ochiq murojaati ham javobsiz qoldi. https://xalqtaliminfo.uz/post/1540
Deputatlar vazirni so‘roqqa tutdi
“Hukumat soati”da Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faoliyati yuzasidan E’zoza Karimovaga deputatlar tomonida bir qancha savollar ham berildi. Deputatlar ta’lim tizimidagi muammolar, amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bo‘yicha vazirni so‘roqqa tutdi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini kengaytirish va investorlarni jalb qilish bo‘yicha vazirlik qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda?
Deputat: “Joylarda oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashkil etish va ularning sonini orttirib borish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Biroq chekka hududlarda va aholi zich joylashgan tumanlarda aynan nodavlat taʼlim tashkilotlarini ochish bilan baʼzi muammolar kelib chiqmoqda. Yangi oʻquvchi oʻrinlarini yaratish doirasida maktab taʼlimida nodavlat taʼlim tashkilotlari mexanizmini kengaytirish va investorlarni jalb qilish boʻyicha vazirlik bugungi kunda qanday amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda? Javobingiz uchun oldindan rahmat.”
Vazir: “Ushbu vazifani amalga oshirishda davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Xususan, davlat-xususiy sherikchilik toʻgʻrisidagi 537-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni asosida bugungi kunga qadar 96 ta tashabbuskor bilan nodavlat umumtaʼlim maktablarini tashkil etish boʻyicha bitimlar imzolangan.
Ushbu loyiha doirasida hozirda 13 ta maktab faoliyati yoʻlga qoʻyildi va bu orqali 4374 ta yangi oʻquvchi oʻrni yaratildi. Qolganlari hozirda qurilish va rekonstruksiya qilish jarayonida. Hozirda, mana jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sherikchilik asosida 13 ta zamonaviy maktab tashkil etiladi. Loyihalar uchun yer maydonlari ajratildi va xorijiy kompaniya tomonidan hozirda koʻrib chiqilyapti.
Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Andijon va Samarqand viloyatlarida 10 ming oʻrinli 15 ta yangi zamonaviy maktab qurilish ishlari boshlandi. Hozirda yer ajratish yakunlangan va tender jarayonlarining birinchi bosqichi amalga oshirilyapti. Albatta, bu boʻyicha hozirda bizning eng asosiy, yangi oʻquvchi oʻrni yaratish boʻyicha belgilab olgan yoʻnalishlarimizdan biri — bu davlat-xususiy sherikchilik asosida oʻsha investorlarni jalb qilish va tadbirkorlarni keng jalb etib, koʻproq oʻquvchi oʻrni yaratish masalasida ishlab kelyapmiz.”
Chekka hududlardagi salohiyatli pedagoglarga xalqaro sertifikatlarni olishida qanday imtiyozlar bor?
Deputat: “Oʻzingizga maʼlumki, pedagoglar xalqaro sertifikat orqali ular koʻproq ustamalarga ega boʻlishadi. Aynan mana shu xalqaro sertifikatsiyalashda chekka hududlardagi, eng chekka hududlardagi salohiyatli pedagoglarimizga vazirlik tomonidan qanday imtiyozli paketlar bor yoki imtiyozlar yaratilgan?
Agar oʻzimizning tilda gapiradigan boʻlsak, mana shu hududlarda boʻlganimizda, mana Surxondaryoning oʻsha Sariosiyo, Navoiyning Tomdi, mana Qoraqalpogʻistonning Qoraoʻzak tumani, oʻsha hududlarda boʻlganimizda, u yerda judayam salohiyatli, til biladigan, chet tillarini yaxshi biladigan oʻqituvchilarimiz bor-da. Lekin oʻzingizga maʼlum, aynan shunday xalqaro sertifikatga ega boʻlish uchun faqatgina bilim-salohiyat yetarli emas, mablagʻ ham kerak boʻladi.
Agar olib qaraydigan boʻlsak, matematika, ingliz tili yoki rus tillaridan shunaqa sertifikat uchun, adashmasam, 1 200 000 soʻmdan ziyodroq pul toʻlanadi-da. Chekka hududdagi, aholi orasidagi pedagoglarimizning bunga qurbi yetmasligi mumkin, mablagʻi yetmasligi mumkin. Aynan shuning uchun ham bu tarafdan qanday imtiyozlar bor vazirlik tomonidan?”
Vazir: “Oxirgi yillarda 20 dan ortiq ustamalar belgilab berilgan, ragʻbatlantirish mexanizmlari. Shu jumladan, siz aytayotgan xalqaro sertifikat yoki xalqaro sertifikatga tenglashtirilgan milliy sertifikatlarga ham 50%, milliy sertifikatlarga 20%, shuningdek, oʻsha olis hududga borib ishlayotganlarga ham 50% gacha boʻlgan ustamalar bor. Bu yerda oʻqituvchilarimizda, mana aytmoqchi boʻlganim, bu hududga ham, bu hududga ham qoʻshimcha arzon degani emas, yaʼni hammaga bir xil sharoit qilingan.
Sertifikatini olsa, xalqaroga 50, milliyga 20 foiz ustama bor. Uni, bilasiz, koʻpincha xalqaro tan olingan, akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilotlar oʻtkazadi. Siz nazarda tutayotgan, agar yoshlardagi qoplash masalasi boʻlsa, bu faqat nimalarda, asosan Yoshlar jamgʻarmasiga, 18 ga toʻlmaganlarga bor. Lekin barcha oʻqituvchilarimizga bir xil, teng shartlar qilingan. Yaʼni oʻqituvchi sertifikatni olsa, 50 foizni ham olishi mumkin.
Shuningdek, xabaringiz bor, 70 foizlik ustama ham joriy etilgan va buni biz tarkibiy qismini koʻradigan boʻlsak, faqat markaz, poytaxt yoki viloyat markazida yashovchi uchun emas, uning geografiyasi olis hudud, viloyatning chekka qishloqdagilar ham bu ustamani olishga salohiyati yetadi. Hozir barcha pedagoglarimizga bir xil teng shart bor. Bunda teng sharoitlar qoʻyilgan. Kimdadir imtiyoz, kimgadir yengillik, kimgadir qiyinchilik qoʻyilmagan. Yaʼni, imtiyoz ham hech kimga yoʻq, hammaga bir xil sertifikat olganda ustama olish sharoiti yaratilgan. Faqat boshqa hududdan olis hududga borib dars bergan holatlarda bir nechta ustamalar qoʻllanishi belgilangan.
Bu yerda ikki xili bor: Agar olis hududda shunchaki ishlasa, 50% gacha, stajidan kelib chiqib, shuningdek, taʼlim sifati yuqori boʻlmagan hududga oliy yoki birinchi toifali oʻqituvchi borib dars bersa, oʻsha 50-100% yana qoʻshimcha ustamalar koʻzda tutilgan. Bu oʻsha aynan olis hududda taʼlim sifatini oshirish, sifatli kadrlar bilan taʼminlash maqsadida qilingan.
Maktablarda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish borasida vazirlik tomonidan qanday amaliy ishlar amalga oshirilmoqda?
Deputat: “Hududlarga chiqqanda shunday holatlarning guvohi bo‘lyapmizki, respublika bo‘ylab bugungi kunda yuzlab taʼlim muassasalari qurilayotgan, mavjudlari rekonstruksiya qilinayotgan bir paytda, maktablarni loyihalashtirishda, ularni qurishda “yashil maktab” standartlariga rioya qilishga, shu bilan birgalikda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va hududlarda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha yetarli darajada talabga javob bermaydigan holatlarning guvohi bo‘lyapmiz. Savolim shundan iboratki, vazirlik bugungi kunda ayni shu masalada qanday amaliy ishlarni amalga oshirmoqda?”
Vazir: “Hozirgi kunda yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan maktab va bog‘chalarimizda majburiy tartibda mana shu energiya tejovchi qurilmalarni o‘rnatish talab etilyapti. Maʼlumot uchun, bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha jami 6340 ta taʼlim tashkilotlarida 67 457 kilovatt quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.
2025-yilda 5234 ta davlat bog‘chalarida 12 764 ta quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilib, ishga tushirilgan. Shu bilan birga, 2025–2026-yillarda Buxoro tajribasi asosida jami 105 ta obyektda Energiya samaradorligi milliy agentligi va Buxoro viloyati yagona buyurtmachi xizmati buyurtmachiligida energiya samaradorligi loyihalarini amalga oshirdik. Shu bilan birga, 2025-yilda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 51,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, uzluksiz toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va tashib keltiriladigan 2653 ta taʼlim muassasalarimizga suv saqlash uchun maxsus baklar ham o‘rnatilib, ushbu obyektlarda qo‘l yuvish nuqtalari ham tashkil qilindi.
2026-yilda ham mana shu ishlarni davom ettirib, 128 ta obyektda mana shu ishlarni amalga oshirishni ko‘zda tutganmiz. Hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mana shu tabiatni asrash g‘oyalarini bolalarimizga bog‘cha yoshidan boshlab singdirishni maqsad qilganmiz. Bu bo‘yicha “Ilk qadam” deb nomlangan dasturdan boshlab, o‘sha har bir boshlang‘ich sinflarda ham, yuqori sinflarda ham tegishli fan dasturlariga mana shu iqlim o‘zgarishi va yashil taʼlim bo‘yicha tegishli mavzularni kiritib kelganmiz.”
Pedagoglarni rag‘batlantirish va ularga ustamalar belgilashda ijtimoiy adolatni ta’minlash bo‘yicha qanday chora-tadbirlar belgilanmoqda?
Deputat: “Hududlarga chiqqanimizda saylovchilar tomonidan, umumtaʼlim maktablaridagi taʼlim sifatini oshirilishi, sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirilishi, ayniqsa maktablarga malakali pedagog kadrlarni tanlov asosida, demak, ishga qabul qilish bilan bogʻliq masalalar koʻndalang boʻlib qolmoqda. Tizimda pedagoglarni ragʻbatlantirilishi, ularga mukofot va ustamalarni belgilashda ijtimoiy adolatni taʼminlash hamda korrupsiya omillarini oldini olish boʻyicha qanday aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda?”
Vazir: “2024-yil 1-yanvardan boshlab pedagoglarga malaka toifasi berishning yangi tizimi joriy etilgan. Yangi tartibga muvofiq, pedagoglar nafaqat mutaxassislik fani boʻyicha bilim darajasini, balki kasb standarti asosida pedagogik mahorati ham baholanib borilyapti. Sinov jarayonlarining shaffofligi va haqqoniyligini taʼminlash maqsadida zamonaviy raqamli texnologiyalar amaliyotga tatbiq etildi.
Jumladan, Face ID texnologiyasi orqali ishtirokchilarni shaxsini aniq identifikatsiya qilish. Keyingisi, blokcheyn texnologiyasi orqali mana shu test natijalari va baholash maʼlumotlarini oʻzgartirib boʻlmaydigan raqamli reyestrda saqlash mexanizmlarini joriy qilindi. Shu bilan birga, ushbu mexanizmlar inson aralashuvini minimallashtirish, soxtalashtirishni oldini olish va har bir qarorni raqamli izini saqlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, “Yil oʻqituvchisi” tanlovi hamda vazir jamgʻarmasi doirasida ham har oylik ustama tayinlashning birinchi bosqichi bilan bu integratsiya qilindi. Bu esa turli baholash jarayonlarini yagona mezon asosida tashkil qilish imkonini berdi. Shu bilan birga, mana shu ustamalarni tayinlashda birinchi bosqichda nomzod attestatsiya jarayonidagi test natijalari asosida saralanadi. Har bir hudud va fan kesimida kasb doirasida yuqori ball toʻplagan uch nafar pedagog keyingi bosqichga oʻtadi.
Ikkinchi bosqichda esa nomzodlarning amaliy, kasbiy mahorati baholanadi. Bunda baholash mezonlari oldindan tasdiqlanadi, suhbat va baholash jarayonlari toʻliq videoyozuvga olinadi hamda komissiya aʼzolari bir vaqtda elektron baholash tizimi orqali baholashni amalga oshiradi. Endi yakuniy qaror ikki bosqichda, ikki bosqich natijalari yigʻindisi asosida qabul qilinadi.
Hozirgi kunda qoʻshimcha shaffoflik mexanizmlari ham joriy qilingan. Shu bilan, jumladan, har bir nomzod oʻz natijasini shaxsiy kabineti orqali koʻrishi mumkin. Apellyatsiya murojaatlarini elektron shaklda yuborishi mumkin va baholash jarayonlarining hammasi arxivda izi qoladi, saqlanadi.”
Pedagoglar malakasini oshirishga sarflanayotgan mablag‘larning samaradorligi vazirlik tomonidan qanday baholanmoqda?
Deputat: “Fraksiyamiz aʼzolari, joylarda oʻrganishlar davomida mana shu malaka oshirish tizimidagi oʻtkazilayotgan treninglar, oʻquv jarayonlari hamda oʻsha qogʻozlardagi toifalanish bilan amaliyotdagi haqiqiy koʻnikmalar oʻrtasida sezilarli tafovut mavjudligiga guvoh boʻlyapmiz. Shu masalada fikringizni bilmoqchi edik, yaʼni, pedagoglar malakasini oshirishga bugungi kunda sarflanayotgan oʻsha milliardlab mablagʻlarning haqiqiy samadorligi vazirlik tomonidan qanday baholanadi va buni yakuniy natijadorligini nazorat qilish borasida qanday choralar koʻrilyapti?”
Vazir: “2025–2026-oʻquv yilida 11 ta yoʻnalishda “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida maktablarning 443 707 nafar pedagoglarining 72 soatlik dastur asosida yil davomida pedagogik mahoratlari, malakasi oshirildi. Pedagogik mahorat kuni va soati tadbirlari doirasida esa bogʻchalarning 104 100 nafar maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari 30 soatlik dastur asosida malakalarini oshirishdi.
Hozir maktablarda yangi baholash tizimi joriy qilingan. 2025–2026-oʻquv yilida oʻquvchilarning bilimlari tahlil qilinganda sezilarli darajada oʻsishni kuzatishimiz mumkin. Biz har yili oʻsha oʻquv yili boshidan boshlab har chorakda baholash natijalarini muntazam tahlil qilib boryapmiz. Oʻquvchilarni xalqaro olimpiadalarda erishgan yutuqlarini koʻrishimiz mumkin. 2026-yilning oʻzida, mana shu paytga qadar, xalqaro olimpiadalarda oʻquvchilarimiz 27 ta medalni qoʻlga kiritdi. Bu oʻtgan yilgi shu kuniga nisbatan 3,7 foizga oʻsishni koʻrishimiz mumkin boʻladi. Xorijiy til sertifikatiga ega boʻlgan pedagoglarimiz soni 40 000 nafarga, oʻquvchilarimiz soni 55 000 nafarga yetganligini koʻrishimiz mumkin. Menimcha, malaka oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasi shularda koʻrindi, deb aytsak boʻladi.”
“Hukumat soati” davomida deputatlar ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarni rag‘batlantirish hamda inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarining takliflarni ilgari surdi. Shuningdek, muhokama yakunida pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qonunchilikni takomillashtirish va soha ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Комментарии 5
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari uchun faqat bir soat vaqt beriladi
Prezident nomiga MMTV tizimidan 5 mingga yaqin murojaat yo‘llangan
MMTV tizimida 6,7 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holati aniqlandi
“Hech bir o‘qituvchi o‘z hisobidan chet elda malaka oshirishga majbur qilinmadi" — rasmiy izoh berildi
Тематические новости
Аттестация
Vazir E’zoza Karimova attestatsiyaga bordi, endi tizim o‘zgaradimi?
So‘nggi yillarda vazir sifatida faoliyat yuritgan Ulug‘bek Inoyatov, Sherzod Shermatov ham, Baxtiyor Saidov ham va Hilola Umarova ham shaxsan test jarayonlari o‘tkazilayotgan manzilga borib, norozi o‘qituvchilar bilan suhbatlashmagandi.
Vazir attestatsiyadan norozi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilarga duch keldi
Uchrashuvda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari attestatsiya uchun tuzilgan testlarning murakkabligidan shikoyat qilishdi. Ular jarayonning qay darajada qiyinligini isbotlash uchun vazirga o‘zlari bilan birga testga kirishni taklif qilishdi.
Vazir E’zoza Karimova va uning xodimlari oqqon va saratonga chalingan bolalar chizgan rasmlarni yuqori narxda sotib oldi
Bunda o‘quvchilarning ijod namunalari 15 million so‘mga bo‘lgan narxlarda xarid qilingan.
Новости
Vazir E’zoza Karimova maktabda dars o‘tdi
E’zoza Karimova Namangan viloyati, Davlatobod tumanidagi 48-maktabda tashkil qilingan “Kelajak soati” doirasida “Muqaddas ayol” mavzusida dars o‘tdi.
Русский
Редактировать комментарий