Top.Mail.Ru
“Xususiy bog‘chalarning nomini o‘zbekchalashtirish kerak” — Sherzodxon Qudratxo‘ja

“Xususiy bog‘chalarning nomini o‘zbekchalashtirish kerak” — Sherzodxon Qudratxo‘ja

11:07 / 16.11.2026 215

13-14-noyabr kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ziyolilari kengashining Toshkent shahar hududiy yig‘ilishida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja xususiy bog‘chalarning nomini o‘zbekchalashtirish va ularda o‘tkaziladigan bayramlar uchun ssenariylar yozib berishni taklif qildi. Bu haqda Oyna.uz nashri xabar bermoqda.

 “Ikki o‘rtog‘im bilan gaplashib turuvdik, bolalar o‘tib qoldi. Ulardan nimaga salom bermaganini so‘rasam, “Sizni tanimayman” deyishdi. Men 52 yoshman. Biz yoshligimizda 50 yoshli odamni ko‘rsak, salom berardik.

Ikkovi ham xususiy maktabda o‘qirkan. “Kelajakda nima qilasiz endi? “Nima bo‘ladi kelajak?” desam, yosh bolaning gapini qarang, 15 yosh bola “Men kelajagimni O‘zbekistonda ko‘rmayman”, dedi. “Nega?” desam, “Bu yerda muhit yaxshimas”, deydi. Bittasi Turkiyada, boshqasi Londonda yashagan ekan. "O‘sha yerga borib yashaymiz", deb javob berishdi.

Qudratxo‘ja suhbatdoshlariga Vatan, uning oldidagi xizmatlari nima ekanini bildirmoqchi bo‘lganini ham qo‘shimcha qilgan. O‘smir esa buni tushunmasligini aytgan. O‘zJOKU rektori nutqi davomida davlat maktablarida vatanparvarlik mavzusiga haddan tashqari urg‘u berilishi, xususiy maktablar esa biznes ekanini, u yerda Vatan oldidagi xizmatlar qanday bo‘lishi kerakligi tushuntirilmayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, u xususiy bog‘chalarda ham o‘zbek tili, qadriyatlari o‘rgatilmasligini, buni o‘zgartirish lozimligini aytgan.


Xususiy bog‘chalarning nomini o‘zbekchalashtirish kerak. Ikkinchidan, hamma bayramlarning ssenariysini yozib berish kerak. Hosil bayramlari 7 ta tilda bo‘ladi. Lekin o‘zbek tili yo‘q u yerda, degan u.


Shuningdek, rektor bog‘chalarda bolalarga xos o‘zbekcha, milliy qo‘shiqlar yo‘qligini, bolalar xorij multfilmlarini ko‘rayotganini tanqid qilgan va sotsiologlardan buni o‘rganishni, metodologiya ishlab chiqishni iltimos qilgan.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Maktabgacha ta'lim
  • Xususiy sektor

Ulashish