Top.Mail.Ru
Bo‘lajak o‘qituvchilar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazish tashabbusi bo‘yicha xavotirlar

Bo‘lajak o‘qituvchilar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazish tashabbusi bo‘yicha xavotirlar

08:30 / 21.05.2026 321

So‘nggi yillarda ijtimoiy hayotning hayotning muhim masalalariga oid, xususan, ta’lim tizimini “isloh qilish”ga qaratilgan qarorlar jamoatchilik va mutaxassislar bilan muhokama qilinmasdan qabul qilinishiga ko‘nikib qolgan edik. Ayniqsa, ta’lim shu darajada “ko‘p va xo‘p” isloh qilindiki, qarorlar bir-birini inkor qiladigan, ta’limning quyi bo‘g‘inlarida faoliyat yuritadiganlar esa “islohot” desa bezillaydigan darajaga keldik.

Shu nuqtai nazardan, muhim qaror loyihalarining yana Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi
portalida e’lon qilina boshlashi – quvonarli hol, chunki bu taklif qilinayotgan o‘zgarishlar borasida ko‘pchilikning fikrini eshitish va xatolarning oldini olish imkonini beradi – agar maqsad shu bo‘lsa, albatta.

Portalda e’lon qilingan loyihalardan biri – Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining “Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish va talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi.

Ilk qarashda pedagogik kadrlar sifatini tahlil va nazorat qilishga qaratilgandek taassurot qoldiradigan mazkur
taklif aslida milliy pedagogik ta’lim kelajagi uchun jiddiy xavf tug‘diradi, qolaversa, amaldagi qonunchilik normalariga ham ziddir. Quyida ushbu loyihaning eng xavotirli jihatlari va nima uchun uni hozirgi ko‘rinishda qabul qilib bo‘lmasligini ko‘rib chiqamiz.

1. Yopiq testlar orqali mustaqil, kreativ va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini, shuningdek, pedagogik kompetensiyani o‘lchash imkonsiz.

Taklif etilayotgan tizimning dastlabki va eng katta kamchiligi – oliy ta’limda o‘qiyotgan, ertaga “oliy ma’lumotli mutaxassis” diplomini olib, ta’lim muassasalarida ishlaydigan va XXI asr bolalariga dars beradigan bo‘lajak pedagoglarning bilim va kompetensiyalariga yopiq test topshiriqlari vositasida yordamida baho berish g‘oyasi. Bunday yondashuv zamonaviy pedagogika va oliy ta’lim tamoyillariga tubdan ziddir.

Oliy ta’limning asosiy vazifasi – talabalarga ma’ruzalardagi yoki darslik, qo‘llanmalardagi faktlarni, ma’lumotlarni, atamalarni, nazariy tushunchalarni yodlatish emas. Hozirgi sun’iy intellekt asrida –istalgan ma’lumotni tez topish va qayta ishlash muammo tug‘dirmaydigan davrda yoshlarga ta’lim tarbiya beradigan pedagog tanqidiy va ijodiy fikrlash asosida darsni konkret o‘quvchi yoki o‘quvchilar guruhining qiziqishlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda rejalashtira olishi, ta’lim jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlarga baho berib, ularni yecha olishi, o‘quvchilarga shunchaki darsliklardagi ma’lumotlarni yetkazishi emas, balki ularning intellektual qobiliyatlari va insoniy fazilatlarini rivojlantiruvchi muhit yarata olishi kerak.

Qolaversa, yaqinda yangi tahrirda qabul qilingan “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, “yuqori malakali, mustaqil, kreativ va tahliliy fikrlay oladigan kadrlar tayyorlash” oliy ta’limning asosiy vazifalaridan biridir. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan tasdiqlangan Milliy malakalar ramkasiga ko‘ra, 6-darajada (bakalavriat) mutaxassis “faoliyat sohasi boʻyicha keng va integratsiyalashgan bilimlar, jumladan, ilmiy asoslar, ilmiy va nazariy muammolarni amaliy qoʻllash”, “turli standartlar va tez-tez oʻzgarib turadigan talablarni hisobga olgan holda yangi yechimlarni ishlab chiqish, faoliyat, usullar va ularning natijalarini baholash” va “oldindan aytib boʻlmaydigan faoliyat muhitida qarorlar qabul qilish” ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim.

Tahliliy va kreativ fikrlash, vaziyatga baho berish, yangi yechimlar taklif qilish, mavhumlik sharoitida qarorlar qabul qilish – bular yuqori darajadagi kognitiv ko‘nikmalarni talab qiladi va ularni yopiq test topshiriqlari yordamida baholash (o‘lchash) imkonsiz.

Qolaversa, pedagogika, pedagogik psixologiyaga va metodikaga oid ko‘plab muhim kompetensiyalarni – fanni o‘quvchiga yetkaza olish, auditoriyani boshqarish, o‘quvchilar bilan psixologik muloqot o‘rnata olish, sinfda ijobiy muhit yaratish va boshqa ko‘plab bo‘lajak pedagog uchun zarur kompetensiyalarni ham yopiq test topshiriqlari yordamida baholab bo‘lmaydi.

Yopiq test topshiriqlari yordamida talabaning ma’ruzalardagi va darsliklardagi ma’lumotlarni qay darajada eslab qolgani, tushunganligi va cheklangan vaziyatlarda bu ma’lumotlarni qo‘llay olishini tekshirish mumkin, xolos, lekin bu vazirlikka ham, oliy ta’lim muassasasiga ham, jamiyatga ham bo‘lajak pedagoglarni tayyorlash sifati haqida hech qanday ma’lumot bermaydi, chunki talaba ma’lumotlarni “suv qilib ichvorgan” bo‘lishi mumkin, lekin bu uning pedagogik mahorati borligini, dars o‘ta olishi, sinfni boshqara olishi, o‘quvchilar bilan muloqotga tayyorligini anglatmaydi.

2. Baho berish mexanizmlari testologiyaning (baholash ilmining) eng bazaviy talablariga javob bermaydi.

Baholash – bu shunchaki savol va javob variantlari tuzib, shu orqali kimnidir “bilimli” va “bilimsiz”ga ajratishning jo‘n jarayoni emas, balki o‘z qonuniyatlari va talablari bo‘lgan ilmiy soha. Loyihada taklif etilayotgan baholash mexanizmlarini ishlab chiqishda testologiyaning (baholash ilmining) eng muhim, tamal tamoyillari hisobga olinmaganligi – loyihaning yana bir jiddiy muammosi.

Loyihaga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasida pedagogik kadrlar tayyorlash sifatiga baho berish uchun talabalar guruhi 50ta test topshirig‘iga javob beradi va talabalar to‘plagan ballarning o‘rtacha arifmetigi olinadi. Bu ko‘rsatkich 56% yoki undan yuqori bo‘lsa – tegishli yo‘nalishda kadrlar tayyorlash sifati “talabga javob beradi”, undan past bo‘lsa – “talabga javob bermaydi” degan xulosa chiqariladi. Bunday yondashuv ilmiy jihatdan mutlaqo xatodir.

Birinchidan, kadrlar tayyorlash sifati – kompleks masala. Unga talabaning 50ta test topshirig‘iga bergan javobi asosida baho berish – mantiqsizlik. Ayniqsa, bu test topshiriqlari hech qanday validlik tadqiqotlaridan o‘tmagan va ularning validligi ilmiy asoslanmagan bo‘lsa.
Shunchaki ma’lumot o‘rnida: vazirlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi shu paytgacha biron-bir testlarining (pedagog kadrlar attestatsiyasi, kasbiy sertifikat, maktab o‘quvchilari uchun summativ baholash ba hokazo) validligini tasdiqlovchi biron-bir ilmiy dalillarni taqdim etgani yoki umuman, bu testlarning validligi bo‘yicha tadqiqotlar olib borgani ma’lum emas.
Ikkinchidan, ma’lum bir talabalar guruhi ballarining o‘rta arifmetik qiymati bu guruhdagi talabalarning bilim darajasi haqida to‘g‘ri xulosa chiqarish imkonini bermaydi. O‘rtacha arifmetik – shunday ko‘rsatkichki, unga o‘ta yuqori va o‘ta past ko‘rsatkichlar jiddiy ta’sir qiladi va noto‘g‘ri kartina hosil bo‘ladi. Misol uchun, tasavvur qiling, 20 kishilik guruhda 10 kishi 70 ball (yoki undan yuqori), qolgan 10 kishi esa 40 ball oldi. Guruhning o‘rtacha balli 55ni tashkil qiladi va “ta’lim sifati qoniqarli” degan xulosa chiqariladi, vaholanki, guruhning yarmi testdan “yiqilgan”.

Uchinchidan, xom ballar asosida, ya’ni test topshiruvchining nechta test topshirig‘iga to‘g‘ri javob bergani asosida (yoki to‘g‘ri javoblar sonini biron-bir koeffitsientga ko‘paytirish orqali), test natijalarini yagona shkalaga keltirmasdan turib xulosalar chiqarish va qarorlar qabul qilish mumkin emas. Xom ballar turli talabalarga taqdim etilgan test topshiriqlari va test variantlarining qiyinlik darajasidagi farqlarni inobatga olmaydi va demakki, ularning bilim darajasini solishtirish imkonini bermaydi. Bu – xuddi har xil sportchiga og‘irligi va o‘lchamlari har xil toshlarni ko‘tartirib, keyin ularning natijalarini solishtirishdek gap.

To‘rtinchidan, “belgilangan talablarga javob beradi” va “javob bermaydi” o‘rtasidagi chegara ilmiy nuqtai nazardan jiddiy savollarni tug‘diradi. Har qanday testda o‘tish balli “osmondan olinmaydi” – uni belgilashning maxsus metodologiyasi bor. Masalan, pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-kurs talabasi uchun testdan o‘tish ballini belgilashdan oldin “minimal darajadagi kompetensiyaga ega” 3-kurs talabasi nimalarni bilishi kerakligi aniq belgilanishi kerak.

So‘ngra sohaning tajribali mutaxassislaridan iborat kengash bu talablarni test topshiriqlari bilan solishtirgan holda empirik, tizimli “standartni belgilash”
(standard setting) metodologiyasini (masalan, Angoff, modified Angoff yoki Bookmark singari usullardan birini) qo‘llagan holda “talablarga javob beradi” va “talablarga javob bermaydi” chegarasini belgilaydi. Bu chegara har xil test variantlari uchun har xil bo‘lishi ham mumkin.

Umuman, hech qanday validlik tadqiqotlaridan o‘tmagan, ya’ni validlik talablariga javob berishi yoki bermasligi katta savol ostida bo‘lgan 50ta test topshirig‘ini talabalar guruhiga berib, ularning xom (standartlashtirilmagan, yagona shkalaga keltirilmagan) ballarining o‘rtacha arifmetik ko‘rsatkichini olish va hech qanday ilmiy asoslarsiz, bu o‘rtacha arifmetik 56%dan yuqori bo‘lsa, “ta’lim sifati yaxshi”, past bo‘lsa “yomon” deyish – bu g‘ayriilmiy yondashuv. Bunday g‘ayriilmiy yondashuv asosida pedagogik kadrlarni tayyorlash sifatiga baho berish, qanday xulosalar chiqarish, tahlillar qilish, qarorlar qabul qilish – shunchaki sohani o‘ldirish bilan barobar.

3. Oliy ta’lim muassasalarida pedagogik kadrlar tayyorlash sifatiga baho berish vazifasining Pedagogik mahorat va baholash markaziga topshirilishi ta’lim tizimidagi murakkab vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

Loyihada pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tashqi diagnostikadan o‘tkazish vazifasini Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markaziga yuklash taklif qilinmoqda. Yuqorida aytilganidek, markaz shu paytgacha o‘ziga yuklatilgan biron-bir baholash jarayonida ishlatiladigan testlarning validligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar natijalarini jamoatchilikka taqdim qilmagan.

Umuman, markaz biron marta bunday tadqiqotlar o‘tkazganmi yoki yo‘q – bu haqida ham hech qanday ishonchli ma’lumotlar mavjud emas. Biroq markazning shu paytgacha amalga oshirgan loyihalari tizim vakillari va jamoatchilik orasida jiddiy noroziliklarga va e’tirozlarga sabab bo‘lib kelayotgani hech kimga sir emas.

Ushbu tashkilot tizimda ko‘plab muammolarni keltirib chiqargan mashhur “yangi baholash tizimi”ning asosiy mualliflaridan biri hisoblanadi. Jurnalistlar mazkur tizim bolalarni aldash va ko‘chirmachilikka o‘rgatayotgani haqida bong urishdi, ota-onalar esa bu tizimning bekor qilinishini talab qilib, petitsiya e’lon qilishdi va 10 mingdan ziyod ovoz yig‘ishdi. Haligacha bu petitsiyaga biron-bir yuqori turuvchi tashkilot munosabat bildirmadi.

Tashkilot tomonidan o‘tkaziladigan attestatsiyalar esa muntazam ravishda o‘qituvchilarning haqli noroziligiga sabab bo‘lib keladi. O‘tgan yilgi attestatsiya mavsumida bir guruh ona tili va adabiyot hamda tarix o‘qituvchilari shu markaz tuzgan va attestatsiyada ishlatilgan testlarning validligiga shubha bildirib, vazirlikni sudga berishdi.

Vaziyat shu darajaga bordiki, oradan bir yil o‘tib, xorijiy olimlar aralashuvi va prezidentga murojaatdan keyin markaz test topshirig‘idagi xatolikni tan olishga majbur bo‘ldi va bu xatolikdan zarar ko‘rgan pedagoglar natijalari qayta hisoblandi. 2025-yil kuzidagi attestatsiya mavsumida esa boshqa bir guruh pedagoglar attestatsiyadan o‘z noroziliklarini bildirishdi, xususan, 20 mingga yaqin ingliz tili o‘qituvchilari vazirlikka qarshi chiqishdi.

Bu yilgi attestatsiya mavsumida ham, kimyo, boshlang‘ich ta’lim, ona tili va adabiyot singari bir qator fanlar o‘qituvchilari attestatsiyadagi test topshiriqlarining tasdiqlangan spetsifikatsiyalarga mos kelmasligi, mujmalligi yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirishdi, markaz esa muammoni o‘qituvchilarga ag‘darish bilan cheklandi.

Validligi juda katta shubha ostida bo‘lgan testlari bilan hozirda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning doimiy ravishda e’tirozlariga nishon bo‘ladigan tashkilotga endi butun mamlakatdagi oliy pedagogik ta’lim sifatini baholashni topshirish – oliy pedagogik ta’limning “go‘riga g‘isht qalash” bilan barobar emasmi?

4. Talabalarning xotirasini tekshirish orqali ta’lim sifatiga baho berish oliy ta’lim tashkilotlari va talabalariga noto‘g‘ri signal beradi.

Tizimga, uning tarkibiy qismlariga yoki ishtirokchilariga baho berish uchun ishlatiladigan har qanday test kuchli signal vositasidir. Biz hujjatlarda chiroyli maqsadlar, “mustaqil fikrlovchi kadrlar tayyorlash” haqida balandparvoz gaplarni ko‘p yozishimiz mumkin, lekin agar oliy ta’lim muassasalari talabalariga va shu orqali ta’lim muassasalari faoliyatiga quyi darajadagi ko‘nikmalarni, asosan xotirani tekshiradigan yopiq testlar orqali baho berishga o‘tsak, bu – oliy ta’lim tashkilotlari va ularning talabalari uchun har qanday hujjatlardan ko‘ra kuchliroq turki bo‘ladi. Ta’lim tashkilotlari va talabalar bo‘lajak mutaxassis sifatidagi kompetensiyalarni rivojlantirish haqida emas, markaz tasdiqlagan darsliklar va qo‘llanmalardagi ma’lumotlarni yodlashga asosiy e’tibor qaratishadi.

PISA-2022 natijalari ta’lim tizimimizdagi eng asosiy muammolardan biri – uning yodlashga asoslanganligini ko‘rsatib berdi, biz bu muammoni hal qilish o‘rniga uni oliy pedagogik ta’limga ham yoyamiz. Qolaversa, olimlar ta’kidlaganidek, har qanday qiyshiq mexanizm insonlarni bu mexanizmni “aylanib o‘tish” yo‘llarini qidirishga rag‘batlantiradi. Oliy pedagogik kadrlar tayyorlash sifatiga baho berishning qiyshiq, noto‘g‘ri mexanizmini joriy qilar ekanmiz, bu mexanizmni “aylanib o‘tish” imkonini beradigan “qiyshiq”, korrupsion yo‘llarning paydo bo‘lishi o‘zini uzoq kuttirmaydi.

5. Loyihaning amaldagi qonunchilikka mosligi ham katta savol ostida.

Loyihada “tashqi diagnostika” mexanizmi orqali davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida pedagogik kadrlar tayyorlash sifatiga baho berish taklif qilinmoqda. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda oliy taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash sifatiga, ularning davlat taʼlim standartlariga, davlat taʼlim talablariga, shuningdek taʼlim dasturlariga muvofiqligiga baho berish uchun kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasi mexanizmlari ko‘zda tutilgan.

Oliy ta’lim tashkilotining Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan tashqi baholanishi va akkreditatsiyadan o‘tkazilishi – undagi kadrlar tayyorlash sifatining davlat tomonidan tan olinganligini bildiradi. Shunday ekan, yana qoshimcha baholash mexanizmlarining joriy etilishiga hech qanday hojat yo‘q va bunday urinishlar qonunchilikka ziddir.

Albatta, pedagog kadrlarni tayyorlash sifati muhim, deyishimiz mumkin. Lekin ayni prinsip boshqa barcha sohalarga ham birdek taalluqli. Masalan, bo‘lajak shifokorning malakasi ham, muhandis yoki arxitektorning tayyorgarligi ham kam ahamiyatga ega emas.

Shunday ekan, ertaga boshqa vazirliklar ham: “Biz bitiruvchilarning bo'lajak ish beruvchisimiz, demak ularni alohida tekshirishga haqqimiz bor”, degan yondashuvni ilgari sursa, bunga qanday asos bilan e’tiroz bildiriladi?

Bu yerda asosiy savol boshqacha: agar oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim sifati tashqi diagnostikalar orqali qayta tekshirilishi kerak bo‘lsa, unda davlat akkreditatsiyasi tizimi nimaga kerak? Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi-chi? Oliygohlarning akademik mustaqilligi haqidagi qarashlarning qanday mazmuni qoladi?

Masalan, akademik mustaqillik faqat universitetga o‘quv reja tuzish yoki fan nomini o‘zgartirish vakolatini berish bilangina o‘lchanmaydi. Uning eng muhim elementi — tayyorlanayotgan kadrlar sifati uchun mas’uliyat va unga nisbatan ishonchdir.

Agar vazirliklar oliygoh diplomiga, ichki baholash tizimiga va davlat akkreditatsiyasiga yetarli darajada ishonmay, talabalarni parallel tarzda qayta diagnostika qilishga ehtiyoj sezayotgan bo‘lsa, bu amalda oliy ta’lim tizimining o‘ziga nisbatan ishonchsizlik sifatida ham talqin qilinishi mumkin.

Eng xavotirlisi shundaki, bunday yondashuv ertaga boshqa vazirliklarning ham oliy ta’lim tizimiga bevosita aralashuvi uchun yo‘l ochib beradi. Bugun pedagoglar, ertaga shifokorlar, keyinroq esa muhandislar alohida tashqi sinovdan o‘tkazila boshlasa, oliy ta’lim tizimi yagona standart asosida ishlovchi mustaqil institut emas, balki turli idoralar tomonidan doimiy ravishda qayta-qayta tekshiriladigan tizimga aylanadi.

Qolaversa, pedagogik yo‘nalishlari mavjud nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga ularning bevosita raqobatchisi bo‘lgan davlat pedagogik oliy ta’lim muassasalarining “egasi” bo‘lgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi baho berishi hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, mazkur loyihaning qabul qilinishi pedagogik kadrlar tayyorlash sifatini oshirmaydi, balki yangi muammolar va yuridik kolliziyalarni yaratish orqali ortga tortadi.

Izohlar 4

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya
  • Kasbiy sertifikat

Ulashish