Top.Mail.Ru
Ta’lim sohasidagi hamkorlik uchun e’tirof

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Ta’lim sohasidagi hamkorlik uchun e’tirof

11:45 / 07.11.2025 94

Joriy yilning 6-noyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan kasaba uyushmasi a’zolari, o‘qituvchilar, jamoat arboblari va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Ushbu muhim sanani nishonlash jarayonida sohada samarali faoliyat yuritib kelayotgan tashkilotlar ham alohida e’tirof etildi. 





Tadbirda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritib kelayotgan bir qancha pedagoglarga “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” hamda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.


Shuningdek, “Xalq ta’limi Info” tahririyatining O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan olib borayotgan faol hamkorligi yuqori baholanib, tahririyat rahbari Ulug‘bek Po‘latov ham kasaba uyushmasi tomonidan taqdirlandi. Bu mukofot, eng avvalo, ta’lim sohasidagi dolzarb masalalarni yoritish, tahririyatning pedagog xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir tashabbuslari hamda kasaba uyushmasi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganligi uchun berildi.


So‘nggi yillarda xalqtaliminfo.uz tahririyati O‘zbekiston ta’lim tizimida yuz berayotgan muhim islohotlar, xususan, pedagoglarning kasbiy maqomi, mehnat sharoitlari, attestatsiya tizimi, ijtimoiy himoya masalalari yuzasidan jamoatchilik fikrini shakllantirishda faol ishtirok etib kelmoqda.


O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan birgalikda o‘qituvchilarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ularning faoliyatidagi muammolarni omma e’tiboriga yetkazish hamda jamoatchilikni xabardor qilish orqali tizimdagi shaffoflikni ta’minlash maqsad qilingan.


2025-yil 7-oktyabr kuni xalqtaliminfo.uz tahririyati va Kasaba uyushmalari Respublika Kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolangandi. Ushbu hujjat ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional darajada mustahkamlab, ta’lim sohasida ijtimoiy adolat, pedagoglarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning kasbiy faoliyatida uchrayotgan muammolarga e’tibor qaratish kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi.


Tahririyat rahbari Ulug‘bek Po‘latovning taqdirlanishi — nafaqat xalqtaliminfo.uz tahririyatining faoliyatiga ko‘rsatilgan e’tirof, balki kasaba uyushmalari hamda tahririyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning yanada rivojlanayotganidan dalolatdir.


Bu mukofot tahririyat jamoasini yanada faol ishlashga, pedagoglarning ovozini jamiyatga yetkazishda davom etishga undaydi. Xususan, kelgusida ham “Xalq ta’limi Info” ta’lim tizimidagi muhim yangiliklarni yoritish, muammolarga yechim topishga xizmat qiluvchi ijtimoiy platforma sifatida o‘z faoliyatini yanada kengaytirib boradi.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Редакционное достижение

Поделиться