Top.Mail.Ru
Pedagoglar murojaati o‘z joyida hal etiladi

Pedagoglar murojaati o‘z joyida hal etiladi

18:58 / 08.10.2025 358

O‘qituvchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni joyida hal etish — ta’lim tizimida barqarorlik va adolatni ta’minlovchi muhim omillardan biridir.

Shu maqsadda 
Xalq talim Info tahririyati hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hamkorlik pedagoglarning murojaatlarini tezkor, shaffof va tizimli tarzda ko‘rib chiqish, ularning mehnat huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.


Ba’zida o‘qituvchilarga ustama pullari to‘lanmay qolganda yoki mehnat huquqlari buzilganda holatni ijtimoiy tarmoqda muhokama qilmay, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi ko‘magi bilan ijobiy hal etilgan vaziyatlar juda ham ko‘p bo‘ladi.


Endilikda bu kabi murojaatlar yanada tizimli tarzda ko‘rib chiqiladi. Hamkorlik memorandumi doirasida xalqtaliminfo.uz tahririyatiga kelib tushgan pedagoglar murojaatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri Kasaba uyushmasi Respublika Kengashiga yo‘naltiriladi. Bu orqali o‘qituvchilar o‘z muammolarini rasmiy tartibda, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Mazkur memorandum doirasida tomonlar o‘qituvchilar, tarbiyachilar va ta’lim tizimi xodimlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat faoliyatida uchraydigan muammolarni hal etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda kasaba uyushma faoliyatini yoritish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni amalga oshiradi.


Hamkorlik quyidagi asosiy yo‘nalishlarda olib boriladi:


  • Axborot maydonida hamkorlik: ta’lim sohasidagi yangiliklar, islohotlar va muvaffaqiyatli tajribalarni muntazam yoritish, kasaba uyushmasining tashabbuslarini keng targ‘ib qilish.


  • Media va raqamli platformalarda rivojlanish: onlayn loyihalar, vebinarlar va ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglar uchun foydali axborot-targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish, raqamli kontent yaratish.


  • Ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni yoritish: o‘qituvchilarning mehnat huquqlari, ijtimoiy himoyasi hamda ta’lim tizimidagi amaliy muammolarni ochiq muhokama qilish.


  • Ta’lim sifatini oshirishda axborot ko‘magi: ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish, ijodkorlik va innovatsion yondashuvlarni targ‘ib qilish.


  • Jamoatchilik bilan ochiq muloqot: ta’lim xodimlari va keng jamoatchilik o‘rtasida samarali fikr almashuv uchun media maydon yaratish, intervyu, davra suhbatlari va tahliliy materiallar tayyorlash.


  • Ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib qilish: o‘qituvchi nufuzini oshirish, yoshlar tarbiyasi va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish.


Xalqtaliminfo.uz va O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi o‘rtasidagi ushbu memorandum pedagoglar ovozini yanada balandroq eshitilishiga, ularning muammolari tezroq hal etilishiga xizmat qiladi. Endilikda o‘qituvchilarning murojaatlari, taklif va tashabbuslari to‘g‘ridan to‘g‘ri mas’ul tashkilotlarga yetkazilib, tahlil asosida amaliy yechimlar ishlab chiqiladi.


Bu hamkorlik nafaqat axborot almashinuvi, balki ta’lim tizimida ochiqlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek, kasaba uyushma faoliyatining shaffofligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Izohlar 4

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Memorandum
  • Hamkorlik

Ulashish