Bolalarning sifatli ta’lim olishida ota-onalar roli qanchalik muhim?
Ushbu maqolada bolalarning sifatli ta’lim olishida ota-onalarning roli va uning ta’siri haqida so‘z yuritiladi. Unda ota-onalarning ta’lim jarayonida faol ishtirok etishi va bolalarni qo‘llab-quvvatlashiga oid tahliliy ma’lumotlar yoritiladi. Shuningdek, ota-onalarning ta’limdagi faolligi natijasida bolalarda o‘ziga ishonch, yaxshi ta’lim natijalari va rivojlangan ijtimoiy ko‘nikmalar shakllanishi haqida ham tahliliy ma’lumotlar beriladi.
Bugungi kunda bolalarning ta’lim olishidagi muvaffaqiyati juda ko‘p omillarga bog‘liq. Bu omillar ichida ota-onalarning ta’limdagi roli muhim o‘rin tutadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ota-onalar o‘z farzandlarining ta’lim olishi va rivojlanishida faol ishtirok etganlarida, bolalar ko‘proq muvaffaqiyatga erishadilar. Ota-onalarning maktab va boshqa ta’lim muassasalaridagi faol ishtiroki bolalar ta’limiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ota-onalar yig‘ilishlariga qatnashish, farzandlarining uy vazifalariga yordam berish va ularning ta’lim faoliyatini kuzatish bolalarning muvaffaqiyatini oshiradi. Albatta, bunda ota-onalar hamda ta’lim muassasasining hamkorligi ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, ota-onalar va maktab o‘rtasidagi hamkorlik bolalarning akademik muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda maktab va ota-onalar faoliyatini muvofiqlashtirish to‘g‘risida bir qancha normativ hujjatlar ham imzolangan. Xususan, “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” konsepsiyasi asosida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha ishlar tashkil etib boriladi. Ammo bu kabi hamkorlik ishlari juda sust va faqat yig‘ilish, hisobot qilish uchun olib borilishiga ko‘pchilik odatlanib qoldi.
2012-yil 19-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 175-sonli qarori qabul qilinib, “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorlik mexanizmini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, joriy yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Ota-ona – murabbiy” kitobi ham nashrdan chiqarilib, uning taqdimoti o‘tkazildi. Unda ota-onalar bilan yaqin hamkorlikda ishlash, ularga farzandlar tarbiyasida ko‘maklashish, yoshlarni turli buzg‘unchi mafkuralardan himoya qilish, bolalarda o‘zini o‘zi himoya qilish ko‘nikmasini shakllantirishga doir muhim tavsiyalar berildi. Lekin bu kabi ishlar faqat nazariya bilan bog‘liq bo‘lib, amaliyotda uning samarasi sezilmayapti.
Nazariy jihatdan, “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorlik mexanizmi bolalar ta’limining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashi kerak. Ammo amaliyotda bu hamkorlik yetarlicha ishlamayapti. Chunki, oila, mahalla va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi muloqot yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Amaliyotda, bu tashkilotlar bir-biri bilan muntazam aloqada bo‘lishlari va hamkorlik qilishlari kerak edi, lekin bu jarayon ko‘pincha qog‘ozda qolib ketmoqda.
Sababi, oila, mahalla va ta’lim muassasalari o‘rtasida muvofiqlashtirilgan amaliy qadamlar yo‘q. Shuningdek, ushbu hamkorlik mexanizmining samaradorligini muntazam ravishda kuzatish va baholash tizimi ham mavjud emas. Buning natijasida esa qilinayotgan ishlarning samaradorligini oshirish imkoni bo‘lmayapti.
Yuqorida ko‘tarilgan muammolarning sababini o‘rganish maqsadida “Bolalarning sifatli ta’lim olishida ota-onalarning roli” mavzusida mingdan ortiq pedagog xodim va ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra ota-onalarning maktab bilan hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur so‘rovnomada jami 1077 nafar respondentlar ishtirok etib, ularning 753 nafarini (69,9%) pedagoglar, 312 nafarini (29%)ni esa ota-onalar tashkil etdi.
Maktab va ota-onalar o‘rtasidagi aloqa ta’lim jarayonining ajralmas qismidir. Ushbu aloqaning sifat darajasi esa o‘quvchilar muvaffaqiyati va farovonligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yaqinda o‘tkazilgan mazkur so‘rovnoma natijalari ota-onalar va maktab o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari haqida qiziqarli ma’lumotlarni ham ochib berdi.
So‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning 4,1 foizi ota-onalar maktab bilan umuman aloqa qilmasligini bildirgan. Bu juda kichik raqamlar bo‘lsa-da, ammo katta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
So‘rovnomada qatnashganlarning 72,1 foizi ota-onalar faqat zaruriyat tug‘ilgandagina maktab bilan aloqa o‘rnatishini ma’lum qilgan. Bu ko‘rsatkich ota-onalar asosan muhim vaziyatlar yoki muammolar yuzaga kelgandagina maktab bilan bog‘lanishini anglatadi. Bunday yondashuv, ba’zida, bolalarning ta’lim jarayoni va muammolarini o‘z vaqtida bilish va hal qilishda kechikishlarga olib kelishi mumkin.
O'zbek