Umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga direktorlarni tayinlash tizimini rivojlantirish mexanizmlari
Maqolada umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash tartibining evolyutsion jarayoni tahlil qilinadi. Xususan, kuzatuv kengashlari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tavsiyasi asosida direktorlarni tanlash amaliyoti va uning institutsional kamchiliklari, shuningdek Direktorlar kengashi tavsiyasi asosida nomzodlarni baholash tizimining joriy etilishi yangi mexanizm sifatida samaradorlik, shaffoflik va adolat tamoyillari ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’limni isloh qilish, maktab ta’limining boshqaruv tuzilmalariga yuqori salohiyatli kadrlarni jalb qilish bo‘yicha bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, maktab direktorlarining faoliyatini tartibga solish, ularga menejerlik sertifikati berish tartibi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida” nizom tasdiqlandi.
2024-yilning o‘zida menejerlik o‘quv kursida 1613 nafar direktorlikka nomzodlar va 1093 nafar amaldagi maktab direktorlari 144 soatlik kurslarda o‘qitildi. Bunda nomzodlarning 1160 nafari, amaldagi maktab direktorlarining esa 714 nafari menejerlik sertifikatini qo‘lga kiritdi. 2025-yilda esa menejerlik kursi doirasida 3500 nafar, shundan, 2000 nafar amaldagi maktab direktorlari hamda 1500 nafar direktorlikka nomzodlar o‘qitilishi rejaga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-son Farmoni bilan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruvning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Unda maktab ta’limining barcha darajasidagi boshqaruv tuzilmalariga yuqori salohiyatli, zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakaga ega tashabbuskor nomzodlarni tanlov asosida jalb qilish, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich zamonaviy boshqaruv va menejerlik qobiliyatiga ega bo‘lgan rahbar kadrlar bilan to‘ldirish hamda tizim tashkilotlari faoliyatini raqamlashtirish orqali boshqaruv samaradorligini oshirish masalalari ko‘tarildi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar tayinlanishi belgilab qo‘yildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga esa umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga har oylik ustamalarni belgilash uchun ularning faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarini (KPI) ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Bu esa O‘zbekistonda ta’lim tizimini boshqarishda ma’lum bir burilishlar yuz berayotganidan dalolat beradi. Maktab direktorlarini tanlov asosida tayyorlash, menejerlik sertifikatini joriy etish, KPI tizimi orqali ularning faoliyat samaradorligini baholash va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini tatbiq etish – bularning barchasi ta’lim sohasida yuqori salohiyatli, mas’uliyatli va zamonaviy fikrlaydigan rahbarlar korpusini shakllantirishga qaratilgan islohotlardir.
Endilikda, maktab direktorlariga nafaqat o‘quv jarayonini tashkil etuvchi shaxs, balki ta’lim muassasasining strategik rivojlanishi va samaradorligini ta’minlovchi menejer sifatida qaralmoqda. Menejerlik sertifikatining joriy etilishi, faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida moddiy rag‘bat mexanizmlarining qo‘llanilishi maktab direktorlari faoliyatini aniq mezonlar asosida baholash tizimini shakllantirishga ehtiyoj yuqoriligidan dalolat beradi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda maktab direktorlarining boshqaruv faoliyatini baholashning amaldagi mexanizmlari institutsional asosda rivojlanib borishi ham maqsadga muvofiq. Chunki, umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorlari boshqaruv faoliyatini baholab borish hamda olingan tahlil natijalariga qarab ularni rag‘batlantirish, ish faoliyatini tartibga solish ta’lim sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston ta’lim tizimida maktab direktorlari boshqaruv faoliyatini baholash hamda ularni direktor lavozimga tayinlash borasida bir necha bosqichli tajribalarni sinovdan o‘tkazgan.
Kuzatuv kengashi xulosasi asosida lavozimga tayinlash amaliyoti. Dastlab maktab direktorlarini lavozimga tayinlash hamda ularning faoliyatini baholashda umumiy o‘rta ta’lim muassasaslarida tashkil etilgan kuzatuv kengashlari bergan xulosalaridan foydalanildi. Ya’ni, mazkur kengashga ta’lim muassasasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning bajarilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi ustidan nazorat olib borish, ta’lim muassasasi rahbarining muassasa faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xo‘jalik holati, daromadlar va xarajatlar, budjet, budjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini vaqti-vaqti bilan tinglash, ta’lim muassasasi direktori va direktor o‘rinbosarlarining boshqaruv faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vazifasi yuklatildi.
O'zbek