Top.Mail.Ru
Avstraliyada 14-16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlamoqda

Avstraliyada 14-16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlamoqda

11:00 / 12.09.2024 255

Avstraliya hukumati bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlovchi qonun tayyorlayotganini ma’lum qildi. Minimal yosh chegarasi hali aniqlanmagan, ammo bu 14−16 yosh bo‘lishi mumkin.


Joriy yilda Avstraliya federal hukumati bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qonun joriy etishini ma’lum qildi. Bu haqda Variety nashri bergan ma’lumotga tayanib, Gazeta.uz nashri xabar berdi.


Minimal yosh hali aniqlanmagan. Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanezening so‘zlariga ko‘ra, hukumat 14−16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning Instagram va TikTok’dan foydalanishini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda, uning o‘zi esa minimal yoshni 16 yosh qilib belgilashni ma’qul ko‘radi.

“Men bolalar o‘z gadjetlaridan uzoqlashib, futbol maydonlari, basseynlar va tennis kortlariga chiqishlarini istayman. Biz ularning haqiqiy odamlar bilan haqiqiy tajribaga ega bo‘lishlarini istaymiz”, — dedi Albanese.

Hukumat hozirda yoshni tekshirish usullarini sinovdan o‘tkazmoqda va yakunda minimal yosh chegarasini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Qonun loyihasi mahalliy qoidalardagi farqlarni oldini olish uchun butun mamlakat shtatlari bilan birgalikda ishlab chiqiladi.


Agar qonun qabul qilinsa, Avstraliya ijtimoiy tarmoqlarda yosh chegarasini joriy etgan dunyodagi ilk davlatlardan biriga aylanadi. Avvalgi, jumladan, Yevropa Ittifoqining urinishlari internetda voyaga yetmaganlar huquqlarini cheklashga doir shikoyatlar tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragandi, deya qayd etadi Reuters.


Avstraliyaning internet regulyatori — eSafety Commissioner — bir necha oy oldin “cheklovlarga asoslangan yondashuvlar yoshlarni nihoyatda muhim qo‘llab-quvvatlashdan cheklashi va ularni “nisbatan kamroq regulyasiya qilinadigan xizmatlar”dan foydalanishga undashi mumkinligidan ogohlantirgan edi.


10-sentyabr kuni e’lon qilingan bayonotda regulyator Avstraliyada turli platformalarda barcha yoshda, ham o‘smirlikdan oldin, ham undan keyingi davrda xavfsizlikka “tahdid solishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy medianing ziyonlariga qaratilgan yondashuvini yaxshilash uchun hukumat va jamiyatdagi manfaatdor tomonlar bilan ishlashda davom etishini” aytdi.


The Guardian nashrining aniqlik kiritishicha, mamlakat rasmiylari allaqachon yoshni tekshirish texnologiyasining sinov versiyasi uchun tender e’lon qilgan. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, qanday usullardan foydalanish mumkinligi hamda o‘zi taqiq samarali bo‘ladimi yoki yo‘qligi noma’lumligicha qolmoqda.


  • Mart oyida AQSHning Florida shtatida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlovchi qonun qabul qilingan edi. Cheklovlarni buzgan kompaniyalar 50 ming dollargacha jarimaga tortiladi. Ushbu choralar AQSHdagi eng keskin choralardan biriga aylandi.


  • Xitoy hukumati ham 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mobil qurilmalarda internetdan foydalanish vaqtini cheklashni rejalashtirgandi. O‘tgan yilning avgust oyida ular internet-kontentni bolalar yoshiga qarab taqsimlash qoidalarini joriy qilgan edi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • xorij ta'limi
  • Mobil telefon
  • Avstraliya

Ulashish