Top.Mail.Ru
“Tarbiya” fanidan boshlang‘ichlarga dars beradigan o‘qituvchilarning malaka toifasi uchun haq to‘lanadimi?

“Tarbiya” fanidan boshlang‘ichlarga dars beradigan o‘qituvchilarning malaka toifasi uchun haq to‘lanadimi?

21:12 / 13.12.2024 1.38k

Savol

Birinchi toifali o‘qituvchiman. Maktabda 11 soat “Tarbiya”dan dars beraman. 7 soat yuqorilarga, 4 soat esa boshlang‘ichlarga darsga kiraman. 

Hozir faqat yuqori sinflardagi 7 soat uchun toifamga haq to‘lanyapti xolos. Boshlang‘ichdagi 4 soatga qo‘shimcha haq to‘lanmayapti. Qachon to‘lab beriladi?


Javob

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2024-yil 16-apreldagi 30/1-1782-sonli ko‘rsatmasiga binoan “Boshlang‘ich ta’lim” o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflarda “Tarbiya” fanidan, “Tarix”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga esa 5-11-sinflarda “Tarbiya” fani bo‘yicha dars o‘tishlariga ruxsat berilgan.


Shuningdek, “Tarbiya” fani mutaxassisligiga ega bo‘lgan yoki “Tarbiya” fanidan qayta tayyorlovdan o‘tgan o‘qituvchilar ham yuqori hamda boshlang‘ich sinflarda dars berish huquqiga ega.


“Tarbiya” fanidan boshlang‘ich sinflarga dars berayotgan o‘qituvchilarning malaka toifasiga haq to‘lanmayaptimi?


“Tarbiya” fanidan dars o‘tish huquqiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarda mazkur fandan malaka toifasi bo‘lsa, “Tarbiya” fani bo‘yicha malaka toifasi uchun qo‘shimcha haq to‘lanishi shart.


Ammo xalqtaliminfo.uz'ga murojaat yo‘llayotgan bir guruh “Tarbiya” fani o‘qituvchilarining aytishicha, ularga boshlang‘ich sinfdagi dars soatlari uchun malaka toifasiga qo‘shimcha haq to‘lab berilmagan.


Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida xalqtaliminfo.uz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish jarayonini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Sardor Raximboyev bilan bog‘landi.


Sardor Raximboyevning aytishicha, UzASBO-2 tizimida o‘qituvchilarga fanlar bo‘yicha malaka toifa sertifikatlarini tegishli fanlarga bog‘lash bilan bog‘liq ayrim tushunmovchiliklar kelib chiqqan.


Bularni bartaraf etish maqsadida 2024-yil 11-dekabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga UzASBO-2 dasturiy majmuasini vazirlikning yagona elektron tizimi (ERP)ga qisqa muddatda integratsiya qilish bo‘yicha so‘rov yuborilgan.


Ya’ni, yuqoridagi masalalar hal bo‘lishi kutilmoqda va “Tarbiya” fanidan boshlang‘ich sinflarga dars berayotgan o‘qituvchilarning malaka toifasi uchun qo‘shimcha haq to‘lash boshlanadi. Bu masalaning qay darajada tez hal qilinishi esa Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bog‘liq jarayon.


“Tarix” va “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflarda dars bersa, toifasi uchun qo‘shimcha haq to‘lanadimi?


“Tarix”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” mutaxassisligiga ega o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflarda (1-4-sinf) “Tarbiya” fanidan dars bergan taqdirda, ularning malaka toifasi uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari amalga oshirilmaydi.


Chunki, Bosh vazirning 2024-yil 16-apreldagi 30/1-1782-sonli ko‘rsatmasida “Tarix”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga faqat 5-11-sinflarda “Tarbiya” fani bo‘yicha dars o‘tishlariga ruxsat berilgan.


Ayrim hududlarda esa boshlang‘ich sinflardagi “Tarbiya” fani ushbu fan o‘qituvchilariga ham berish holati kuzatilgan. Shu sababli, “Tarix” va “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” o‘qituvchilariga boshlang‘ich sinflarda dars bergani uchun qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshirilmagan.



Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Malaka toifa

Ulashish