Top.Mail.Ru
What is the importance of improving the system of issuing a certificate of management to school principals?

The website texts are translated by Google, errors possible!

What is the importance of improving the system of issuing a certificate of management to school principals?

02:39 / 22.12.2024 41
Mazkur maqolada maktab direktorlariga menejerlik sertifikati talabini joriy etishning yutuq va kamchiliklari tahlil qilinadi. Shuningdek, menejerlik sertifikatini joriy qilish amaliyotining samaradorligini oshirish uchun taklif va tavsiyalar beriladi. Bu tavsiyalar qatorida menejerlik kurslarini amaliyot bilan boyitish, ko‘p bosqichli baholash tizimini joriy qilish va nomzodlarning individual qobiliyatlarini hisobga olish kabilar keltiriladi.

Maktab direktorlarida menejerlik ko‘nikmalarini shakllantirish ta’lim tizimining samaradorligi va sifatini oshirish uchun muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Chunki, ta’limni boshqarish alohida soha bo‘lib, bunda faqatgina pedagogik bilimlarga ega bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi. Shu sababli, bugungi kunda maktab direktorlarining zamonaviy menejerlik ko‘nikmalarini egallashi ham muhimdir.


O‘zbekistonda hozirgi kunga qadar maktab direktori lavozimiga asosan liderlik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan pedagog xodimlar orasidan tayinlangan. Bu amaliyotning asosiy maqsadi ta’lim muassasalarini yetakchi pedagoglar tomonidan boshqarilishini ta’minlashdan iborat edi.

Bunday yondashuv ham ko‘plab ijobiy natijalarni bergan bo‘lishi mumkin, biroq uning ayrim kamchilik va salbiy oqibatlari ham yo‘q emas. Pedagoglar, odatda, ta’lim jarayonini samarali tashkil eta olishadi, ammo moliyaviy boshqaruv, strategik rejalashtirish va inson resurslarini boshqarish kabi menejerlik ko‘nikmalariga ega bo‘lmasliklari mumkin. Bu esa ta’lim muassasasining samaradorlik ko‘rsatgichini pasaytirishi mumkin.

Boshqaruv ko‘nikmalari yetarlicha rivojlanmagan direktorlar xodimlarni boshqarishda muammolarga duch kelishlari mumkin. Bu esa o‘qituvchilarning ish samaradorligini pasaytirishi va umumiy ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

To‘g‘ri, boshqaruv jarayonida pedagogik qobiliyat ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, pedagogik qobiliyat rahbarning pedagogik faoliyatga yaroqliligini va shu faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug‘ullana olishini, shuningdek, pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqara olishini belgilaydi. [Ta’lim menejmenti. R.X.Jurayev, S.T.Turg‘unov. Toshkent, 2006-y.]


Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda maktab direktorlarining menejerlik ko‘nikmalariga ega bo‘lishlariga alohida urg‘u qaratiladi. Bunga ta’lim sifatini oshirish, ta’lim muassasalarining boshqaruv samaradorligini ta’minlash va o‘quvchilarning muvaffaqiyatli ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida qaraladi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida maktab direktorlarining faoliyati va samaradorligi haqida keng qamrovli tadqiqotlar olib borgan Paul V. Bredesonning tadqiqot doirasida o‘tkazilgan so‘rovnomada maktab direktorlarining 90%i “menejment dasturlari”ni tugatganligi va bu universitetlarda magistratura darajasiga teng ekanligini, ammo shunday bo‘lsa-da, bundan qoniqmasdan ma’lum davrlarda o‘z sohalari bilan bog‘liq kurslarda qatnashish uchun universitetlarga borishlarini ma’lum qilgan. [U.U.Sharifxodjayev “Ta’lim muassasalarini boshqarishda muhim bo‘lgan omillarning nazariy jihatlari” maqolasi. Xalq ta’limi jurnali. 2022-y. 2-son.] 

Albatta, Bredeson tadqiqoti umumiylik kasb etmasada, maktab direktorlari muntazam malaka oshirish kurslarida o’qishi va/yoki o’qitilishi muhim o’ringa ega ekanligi shubhasizdir. Chunki, bunday ko‘nikmalarga ega bo‘lgan rahbarlar kam resurs va kam vaqt sarflab, ko‘proq samaradorlikka erishishlari mumkin. Direktorlarda menejerlik ko‘nikmalarini shakllantirishning eng asosiy maqsadi ham aynan shu bo‘lsa kerak.


Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoniga asosan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda baholash natijasi bo‘yicha ularga menejerlik sertifikatini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida” Nizom ishlab chiqildi.


Yangi tartibga muvofiq, amaldagi direktorlar yoki direktorlikka nomzodlar A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida joriy qilingan bir oylik menejerlik o‘quv kurslarida o‘qishi hamda menejerlik sertifikatini olishi belgilandi.

Menejerlik o‘quv kurslarining o‘quv reja va dasturlari Angliya, Yaponiya, Finlandiya kabi xorijiy davlatlar tajribasiga tayangan holda 5 ta, jumladan, “Ta’lim muassasasini rivojlantirish va o‘quv-tarbiya jarayonini boshqarish”, “O‘zini-o‘zi rivojlantirish va o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish”, “Inson resurslarini boshqarish”, “Ish yuritish va hisobot”, “Jamoatchilik va ota-onalar bilan munosabat-hamkorlik” modullarini qamrab olgan bo‘lib, unda bugungi zamonaviy rahbarlarga qo‘yiladigan talablar va egallanishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar o‘rin olgan.


Ma’lumki, O‘zbekistondagi oliygohlarida ta’lim muassasalariga menejerlik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan bakalavr darajasidagi kadrlarni yetishtirib beruvchi “Ta’lim menejmenti”, “Maktab menejmenti” kabi yo‘nalishlar kamdan-kam uchraydi. Chunki, bu kabi yo‘nalishlarni tamomlagan bitiruvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktablarda rahbarlik lavozimlariga qabul qilinmaydi.

Sababi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan ta’lim muassasasi xodimlarining lavozim malaka talablarida rahbarlik lavozimi uchun ta’lim sohasida kamida 5 yillik pedagogik staj, kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va menejerlik sertifikati talabi qo‘yilgan.

Shu sababli, “Ta’lim menejmenti”, “Maktab menejmenti” yo‘nalishini tamomlagan kadrlar ta’lim muassasalarida ishlay olmaydi. Amaldagi maktab direktorlari hamda 5 yillik pedagogik stajga ega bo‘lgan, oliy ma’lumotli pedagog kadrlar esa A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etilgan menejerlik kurslarida tahsil olib, ta’lim muassasalarida direktor bo‘lib ishlash huquqini qo‘lga kiritishi kerak.

144 soatni tashkil etadigan mazkur o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar sertifikat berish bo‘yicha yakuniy sinovlarga qo‘yiladi. Bunda test sinovlari uchun 50 ball, keys topshiriqlari uchun 10 ball va amaliy topshiriqlar uchun 40 ball (jami 100 ball) berilishi belgilangan.

Yakuniy sinovlarda 70 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar yakuniy sinovni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga sertifikat beriladi. Belgilangan ballni to‘play olmagan nomzodlar bir yil ichida navbatdagi bitta yakuniy sinovlarda to‘lov undirilmagan holda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Ikkinchi marta ham yakuniy sinovlarda belgilangan ballni to‘play olmagan nomzodlar qayta o‘quv kursida o‘qiganidan so‘ng yakuniy sinovlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 


Amaldagi direktorlar esa yakuniy sinovlarda belgilangan ballni to‘play olmagan taqdirda o‘rnatilgan tartibda lavozimidan ozod etiladi. Ya’ni, direktorlarga faqat bir marta imkoniyat beriladi, xolos. Belgilangan tartibning aynan mana shu qismi esa bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Chunki, masalan, hozirda maktabni samarali boshqarib kelayotgan maktab direktori qandaydir omillar sabab yakuniy sinovdan o‘tolmay qolsa, uning shuncha yillik ish faoliyati davomida erishga yutuqlari hisobga olinmaydi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.


Bir necha yillardan buyon maktab direktori lavozimida ishlab kelayotgan kadrlar amaliy tajribasiga ega bo‘lib, ular real muammolarni hal qilishda ancha faol bo‘ladi, ish faoliyati davomida o‘z tajribasiga asoslangan boshqaruv usullarini qo‘llay oladi. Buni “Zamonaviy maktab”larga qo‘yilgan talablar asosida o‘tkazilgan tahlil natijalariga asoslanib, amalda menejerlik sertifikatiga ega bo‘lmagan, ammo u rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasiga “Zamonaviy maktab” maqomi berilgan maktab direktorlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Misol uchun, 2023-yilda “Zamonaviy maktab”larga qo‘yilgan talablar asosida 2244 ta ta’lim muassasasi baholanib, ulardan 210 tasi “2-darajali”, 914 tasi “3-darajali” “Zamonaviy maktab” maqomiga ega bo‘lgan.

Shuningdek, har yili Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida ta’lim muassasalari reytingi e’lon qilib kelinadi. Mazkur reyting natijalari orqali ham ayrim maktab direktorlarining faoliyatiga baho berish mumkin.

Umuman olganda, ta’lim muassasalari reytingi hamda “Zamonaviy maktab” maqomiga ega bo‘lgan maktablarning umumiy natijalaridan kelib chiqib, tizimda menejerlik sertifikatiga ega bo‘lmagan, ammo salohiyati direktorlar faoliyat yuritib kelayotganini aytishimiz mumkin.


Atigi bir oyni tashkil qiladigan o‘quv kursi, 25 ta test va keyslar, ayniqsa inson omili bilan bog‘liq bo‘lgan amaliy topshiriqlar orqali esa eng salohiyatli direktorlarni elakdan o‘tkazib, ularning faoliyatiga xolisona baho berolmasligimiz mumkin. Masalan, ayrim maktab direktorlari ota-ona va jamoatchilik hamda maktab kuzatuv kengashi bilan hamkorlik aloqalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, mahalliy hokimlik hal eta olmagan moliyaviy masalalarni ham amaliy tajribasidan kelib chiqqan holda ijobiy hal eta olishi mumkin.

Tabiiyki, bunday vaziyatlarda nazariy bilimlarning o‘zi kamlik qiladi. Boshqa bir vaziyatda esa u rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasidagi ta’lim sifati ham, o‘quvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatgichi ham yaxshi bo‘lishi, har yili maktabning byudjetdan tashqari hisobiga juda katta miqdorda mablag‘ kiritishi, biroq bunday kadrlar ta’lim tizimiga oid qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlar mazmunini to‘liq bilmasligi, lekin u normativ hujjatlarni varaqlab, ularni amaliyotda qo‘llay olishi ham mumkin.


Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi bo‘yicha ish ko‘radigan bo‘lsak, ayrim salohiyatli direktorlarni menejerlik kursidagi birgina yakuniy sinov orqali yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin.

Bunday yondashuv esa yetuk kadrlarni rahbarlikdan chetlatishi va maktablarda yuqori sifatli boshqaruvni ta’minlash imkoniyatini kamaytirishi mumkin. Qobiliyatli va tajribali xodimlar faqat birgina sinov natijasiga ko‘ra baholanib, lavozimga loyiq topilmasligi, ta’lim tizimiga katta zarar yetkazishi tabiiy hol. Shuningdek, menejerlik kurslari va yakuniy sinov nomzodlar uchun katta stress va bosim yaratishi mumkin.

Bu jarayon esa ularning psixologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Nomzodlarning ruhiy holatining yomonlashuvi ularning menejerlik ko‘nikmalarini to‘liq namoyon eta olmasligiga olib keladi, bu esa sinov natijalarining obyektivligini yanada kamaytiradi.

Nazariy bilimlar bilan cheklanib qolgan direktorlar esa maktab boshqaruvida real muammolarni samarali hal qila olmaydi. Bu omil ham ta’lim jarayonining samaradorligini pasaytirishi mumkin. Har bir nomzodning individual ko‘nikma va tajribasini hisobga olmasdan, umumiy sinov orqali baholash ularning haqiqiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga imkon bermaydi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar menejerlik o‘quv kursida 1319 nafar direktorlikka nomzodlar o‘qitilib, ularning 834 nafariga sertifikat berilgan. Menejerlik kursida o‘qigan 485 nafar nomzodlar esa sertifikat ololmagan. Umumiy hisobda menejerlik sertifikati ololmagan nomzodlar ulushi 36.8 foizni tashkil qilgan.

Bu ko‘rsatkich biroz yuqori bo‘lib, kursdan o‘tganlarning deyarli uchdan bir qismi direktorlikka loyiq emas deb topilmaganligini anglatmoqda. Menejerlik o‘quv kurslari orqali direktorlikka nomzodlarni tayyorlash va sertifikatlash jarayoni ko‘plab afzalliklarga ega bo‘lsa-da, yuqori ulushdagi nomzodlarning sertifikat ololmasligi ba’zi bir salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu muammolarni bartaraf etish uchun menejerlik kurslarini amaliyot bilan boyitish, ko‘p bosqichli baholash tizimini joriy qilish va nomzodlarning individual qobiliyatlarini namoyon etishlariga ko‘proq urg‘u qaratish zarur.


Xo‘sh, salohiyatli direktorlarni tizimda saqlab qolish uchun qanday yechim mavjud?

Bizningcha, yakuniy sinov jarayonida bajariladigan amaliy topshiriqlar (bir mavzu doirasida taqdimot qilib berish) qismida inson omili ta’siri juda yuqori bo‘lib, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan direktorlarning butunboshli faoliyatini u tayyorlab kelgan qisqa taqdimotga qarab baholash xolislik prinsiplariga umuman mos bo‘lmasligi mumkin.

Chunki, ta’lim muassasalari rahbarlari faoliyatining samaradorligi ular sarflagan vaqt bilan pedagogik xodimlarning mehnat natijalari, ya’ni ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligi, o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining rivojlanishi, zamonaviy talablarga mos kelish o‘lchovi bo‘lib, bu o‘z navbatida rahbarlar mehnatining natijasi hamdir. [
Pedagogik menejment asoslari. O‘quv qo‘llanma. A.E.Kenjaboyev, B.X.Karimova. Termiz. 2023-y.] Shu sababli, yuqoridagi fikrlarni inobatga olib quyidagi takliflarni ilgari surmoqchimiz:


1-taklif: Menejerlik sertifikatining muqobil shakllarini joriy etish. Ya’ni, direktorlar faoliyatini baholash uchun maxsus reyting ko‘rsatgichini joriy etib, mazkur reyting ko‘rsatgichlariga qarab direktorlarga qo‘shimcha ball berish tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.

Masalan, direktor rahbarlik qilayotgan maktabdagi ta’lim sifati, bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatgichi, ota-ona va jamoatchilik bilan ishlash natijadorligi, byudjetdan tashqari topayotgan mablag‘lar, ta’lim muassasasidagi pedagoglarning salohiyat darajasi, muassasadagi ijtimoiy-ma’naviy muhit ahvoli va yana shunga o‘xshash bir qancha ko‘rsatgichlar uchun ma’lum bir miqdorda ball berish orqali eng salohiyatli direktorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri menejerlik sertifikatini berish tizimini yo‘lga qo‘yish mumkin.

Bunda direktorlar menejerlik o‘quv kursida majburiy tartibda o‘qib malakasini oshirishi, ammo yuqori ko‘rsatgichni qayd etgan direktorlarni yakuniy sinovlarga jalb etmay ularga menejerlik sertifikatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish lozim. Bunda menejerlik sertifikatining muqobil shakli uchun kamroq ball to‘plagan maktab direktorlari yakuniy imtihonlarga jalb qilinib, yetishmagan ballarni test orqali to‘plash imkoniyati yaratilishi lozim.


2-taklif: Menejerlik sertifikatining ma’lum bir darajalari bo‘lishi lozim. Hozirgi kunda menejerlik sertifikatining faqat birgina turi mavjud. Ya’ni, 70 va undan yuqori ball yiqqan nomzodlar sertifikat oladi, undan kam ball yiqqanlarga esa sertifikat berilmaydi.

Faqat bir darajali sertifikatlash tizimi ko‘plab nomzodlarning qobiliyatlarini to‘liq baholay olmaydi, chunki ular faqat bitta yakuniy natija bilan cheklangan. Bizning taklifimiz shundan iboratki, amaldagi boshqa sertifikatlar kabi menejerlik sertifikatlarining ham ma’lum bir darajalari belgilanishi lozim. Ya’ni, menejerlik sertifikatlariga direktor hamda direktorlikka nomzodlar yiqqan baliga qarab, A+, A, B, B+ C, C+ kabi darajalari bo‘lishi lozim.


Bunda A+ darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga lavozimini saqlab qolish hamda 50 foizlik ustama, A darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga lavozimini saqlab qolish hamda 30 foizlik ustama, B+ darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga lavozimini saqlab qolish hamda 10 foizlik ustama, B darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga lavozimini saqlab qolish hamda mazkur darajadagi sertifikat uchun hech qanday ustama tayinlamaslik, C+ darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga bir yil ichida navbatdagi bitta yakuniy sinovlarda ishtirok etish huquqini berish, C darajadagi sertifikatni olgan direktorlarni o‘rnatilgan tartibda lavozimidan ozod etish talablari belgilanishi lozim bo‘ladi.  


Darajali sertifikatlash tizimi nomzodlarni yuqori natijalarga intilishga va o‘z bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirishga turtki beradi. Har bir daraja o‘ziga xos imtiyozlar va yutuqlarni taqdim etgani bois raqobatni yanada oshiradi va natijada umumiy menejerlik ko‘nikmalarining yaxshilanishiga olib keladi.

Bunday tizimni yo‘lga qo‘yish orqali har bir nomzodning kuchli va zaif tomonlari aniq ko‘rinib, ularning o‘sishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Menejerlik sertifikatlarining darajalari belgilanishi nomzodlar orasida yuqori motivatsiya va raqobatni yaratadi, qobiliyatlarni to‘liq baholashga imkon beradi va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu taklif menejerlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va ta’lim tizimining umumiy samaradorligini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega.


Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati


1. Ta’lim menejmenti. R.X.Jurayev, S.T.Turg‘unov. Toshkent, 2006-y.


2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori.


3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom.


4. Pedagogik menejment asoslari. O‘quv qo‘llanma. A.E.Kenjaboyev, B.X.Karimova. Termiz. 2023-y.


5. U.U.Sharifxodjayev “Ta’lim muassasalarini boshqarishda muhim bo‘lgan omillarning nazariy jihatlari” maqolasi. Xalq ta’limi jurnali. 2022-y. 2-son.


6. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yil 15-dekabrdagi 03-04/1-5406-son xatiga ilova.


7. Internet nashrlari: www.xalqtaliminfo.uz, www.uzedu.uz, www.avloniy.uz.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • manager

Share