Top.Mail.Ru
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni o‘qitadigan xususiy maktablarga subsidiya ajratiladi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni o‘qitadigan xususiy maktablarga subsidiya ajratiladi

14:24 / 15.11.2026 180

Vazirlar Mahkamasi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni korreksion sinflarda o‘qitadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari xarajatlarini davlat tomonidan subsidiyalash tartibini tasdiqladi.


2026-yil 12-noyabrdagi 619-sonli Hukumat qarori bilan ‘‘Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi to‘g‘risida’’gi nizom tasdiqlandi.


Yangi nizomga ko‘ra, jismoniy, aqliy, sensor (ko‘rish va eshitish), nutqiy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari yoxud o‘ziga xos rivojlanish xususiyatlari mavjud bo‘lgan, moslashtirilgan ta’lim dasturlari va maxsus pedagogik sharoitlarga muhtoj bolalar uchun nodavlat ta’lim tashkilotlarida korreksion sinflar tashkil etilishi mumkin.


Buning uchun nodavlat ta’lim tashkiloti umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lishi kerak. Korreksion sinf tashkil etish istagidagi ta’lim tashkiloti "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimi orqali tegishli hududiy boshqarmaga murojaat qiladi. 


Arizada tashkilot litsenziyasi, o‘quv jarayoni tashkil etiladigan bino, korreksion sinflar soni, maxsus pedagoglar va yordamchi xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.


Ariza hududiy boshqarma tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganiladi. Bunda bino va xonalarning belgilangan talablarga muvofiqligi, zarur jihozlar mavjudligi hamda jalb etilayotgan mutaxassislarning malakasi tekshiriladi. Tashkilot bilan tuziladigan bitim ikki o‘quv yili muddatiga mo‘ljallanadi.


Bir sinfda 12 nafargacha bola ta’lim oladi


Nizomda korreksion sinflarni tashkil etish va ularning faoliyatiga oid talablar ham belgilangan. Jumladan, korreksion sinflar bolalarning alohida ta’lim ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va psixofizik xususiyatlaridan kelib chiqib shakllantiriladi. Bir sinfda o‘quvchilar soni 12 nafardan oshmasligi lozim.


Har bir korreksion sinf boshqa sinflardan ajratilgan alohida o‘quv xonasida tashkil etiladi. Xona bolalarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, zarur maxsus ta’lim vositalari va jihozlari bilan ta’minlanishi kerak.


Har bir korreksion sinfga maxsus pedagog va 1,0 shtat birligida yordamchi xodim (assistent-o‘qituvchi) jalb qilinadi. Maxsus pedagoglar korreksion pedagogika va defektologiya yo‘nalishlari, jumladan, surdopedagogika, tiflopedagogika, oligofrenopedagogika va logopediya bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi yoki tegishli qayta tayyorlovdan o‘tgan bo‘lishi kerak.


Shuningdek, nodavlat ta’lim tashkiloti har bir bolaning individual ta’lim rejasini yuritadi va uning rivojlanishini o‘quv yili davomida kamida ikki marta baholaydi.


Korreksion sinflarga bolalarni qabul qilish psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning tegishli xulosasi asosida amalga oshiriladi. O‘quvchilarni o‘quv yili davomida ham qabul qilish mumkin.

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun belgilangan yosh me’yoridan ikki yilga oshgan bolalarni ham korreksion sinflarga qabul qilishga ruxsat etiladi.


Har bir bola uchun qancha subsidiya ajratiladi?


Nizomga muvofiq, nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya korreksion sinflarda tahsil olayotgan bolalarning haqiqiy davomati asosida Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.


Har bir bola uchun to‘liq bir oylik subsidiya miqdori hududlarga qarab quyidagicha belgilanadi:


  • Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravari;


  • Viloyatlar markazlari va Nukus shahrida — BHMning 9,5 baravari;


  • Boshqa tuman va shaharlarda — BHMning 8,5 baravari.


Bunda subsidiya bolaning korreksion sinfga haqiqatda qatnagan kunlariga mutanosib ravishda hisoblanadi. Masalan, bola hisobot oyidagi barcha ish kunlarida mashg‘ulotlarda qatnashmagan bo‘lsa, subsidiya ham to‘liq oy uchun emas, uning haqiqiy davomati asosida hisoblanadi.


Davomat mobil ilova yoki maxsus qurilmalar yordamida biometrik identifikatsiya texnologiyasi orqali qayd etiladi. Jarayon ta’lim tashkilotining geolokatsiyasi hisobga olingan holda amalga oshiriladi.


Hisoblangan subsidiya mablag‘lari hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar shakllantiriladi va ikki ish kuni ichida nodavlat ta’lim tashkilotining bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.


Bolalar uchun ta’lim xizmatlari bepul bo‘ladi


Nizomda subsidiya hisobidan bolaga ko‘rsatiladigan umumiy o‘rta ta’lim xizmatlari bepul bo‘lishi belgilangan. Nodavlat ta’lim tashkilotlari ushbu xizmatlar uchun bolalar yoki ularning ota-onalaridan haq undirishga haqli emas.


Shu bilan birga, ota-onalarning talab va istaklaridan kelib chiqib, subsidiya hisobidan bepul ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlaridan tashqari qo‘shimcha xizmatlar ham taklif etilishi mumkin. Bunday xizmatlar va ularning shartlari ota-onalar bilan tuziladigan shartnomada nazarda tutiladi.


Tizimni ishga tushirish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi


Qarorga muvofiq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ‘‘Yagona milliy ijtimoiy himoya’’ axborot tizimining tegishli modulida quyidagi imkoniyatlar yaratilishi belgilandi:


  • 2026-yil 15-noyabrga qadar — nodavlat ta’lim tashkilotlarining korreksion sinf tashkil etish uchun murojaat qilishi va tegishli bitim tuzishi;


  • 2026-yil 25-noyabrga qadar — tashkil etilgan korreksion sinflar haqidagi ma’lumotlarni kiritish, ularni boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;


  • 2026-yil 1-dekabrga qadar — nodavlat ta’lim tashkilotlariga umumiy o‘rta ta’lim xizmatlari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish imkoniyatini yaratish.


Shuningdek, Ta’lim va ilm-fan vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida korreksion sinflarni tashkil etish, ular joylashadigan bino va xonalarga qo‘yiladigan talablarni hamda foydalaniladigan assistiv (yordamchi) jihozlar va texnik vositalar ro‘yxatini tasdiqlashi belgilangan.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Inclusive education

Share