Top.Mail.Ru
Prezident bunday topshiriq bermagandi: o‘qituvchilarni xorijga yuborish xarajatlari ularning bo‘yniga ilindi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Prezident bunday topshiriq bermagandi: o‘qituvchilarni xorijga yuborish xarajatlari ularning bo‘yniga ilindi

09:30 / 10.05.2026 253

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2025-yil 15-may kuni maktab ta’limida amalga oshirilgan islohotlar va kelgusidagi asosiy vazifalar to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan maktab o‘qituvchilarini xorijga malaka oshirishga yuborish vazifasi belgilangandi.


2025-yilning o‘zida har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan, jami 1000 nafardan ortiq maktab o‘qituvchilari xorijga malaka oshirishga yuborilishi lozim bo‘lsa-da, bu topshiriq ijrosi to‘liq bajarilmadi — 2025-yilda atigi 360 nafar pedagog xodim xorijga malaka oshirishga yuborilgan.


Ammo xalqtaliminfo.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda prezidentning ushbu topshirig‘i noto‘g‘ri talqin qilinib, pedagoglarni xorijiy davlatlarga yuborish xarajatlari o‘qituvchilarning o‘ziga yuklab qo‘yilmoqda.


Masalan, Toshkent viloyati pedagogik mahorat markazining 2026-yil 15-apreldagi 01-63-sonli xatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat maktabgacha va maktab ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini 2026-yil 25-apreldan 3-mayga hamda 10-maydan 20-mayga qadar Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan qisqa 36 soatlik va 144 soatga mo‘ljallangan malaka oshirish kurslariga jalb etish, moliyalashtirish masalasi esa ishtirokchilarning o‘z hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan.



Aslida esa prezident topshirig‘ida pedagoglarni xorijiy davlatlarga yuborish xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari zimmasiga yuklatilgandi.


Avvalroq biz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Pedagog kadrlarni kasbiy rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sirojiddin Qodirovdan mazkur topshiriq ijrosi qanday ketayotgani haqida ham so‘ragandik.


Sirojiddin Qodirov esa savolimizga javoban bu topshiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklariga berilgani, vazirlik esa xorijiy hamkorlarni topish va kelishuvlarda yaqindan yordam berishini ta’kidlagan.


Shuningdek, u prezidentning o‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha topshirig‘i mahalliy hokimliklar darajasidagi moliyaviy va tashkiliy masalalar, xususan, viza olishdagi kechikishlar sababli to‘liq bajarilmaganini aytgan.



“Ayrim hokimliklar tomonidan viza rasmiylashtirish jarayonlarining vaqt olishi va moliyalashtirishning o‘z vaqtida ochilmaganligi sababli 2025-yil yakuniga qadar to‘liq ulgurilmagan holatlar bo‘ldi.Har bir tuman-shahardan 5 tadan bo‘lganda, 1040 nafar o‘qituvchini hududiy hokimliklar moliyalashtirgan holda xorijga malaka oshirishga yuborish kerak edi. 


Shundan 333 nafar o‘qituvchi 2025-yilgacha malaka oshirishga yuborilmasdan qoldi, qolganlari esa yuborildi”, degan edi Sirojiddin Qodirov.

Tahririyatdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda boshqa hududlarda ham pedagoglarni xorijga safarga yuborish xarajatlarini ularning o‘ziga yuklash holatlari kuzatilmoqda.


O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi prezidentning mazkur topshirig‘i ijrosini nazoratga oladi va holatga rasmiy izoh beradi.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • Training

Share