Top.Mail.Ru
Mentor-o‘qituvchilarga 20 foizlik ustama to‘lash boshlanadi

Mentor-o‘qituvchilarga 20 foizlik ustama to‘lash boshlanadi

01:01 / 05.01.2025 9.41k

Malumki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida malaka oshirishning “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari joriy etilishi belgilangan.


Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-son qarorida nazarda tutilgan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 7-avgustdagi tegishli buyrug‘i bilan “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarini tashkil etish tartibi belgilangan.


Bunda “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarini tashkil etish uchun har bir tuman (shahar)da yuqori malakali o‘qituvchilar orasidan fanlar kesimida mentor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantiriladi.


“Kasbiy rivojlanish soati” doirasida mentor-o‘qituvchilar pedagoglarning darslari tahlil qilinadi, ularga metodik yordam ko‘rsatadi, kasbiy rivojlanishi bo‘yicha tavsiyalar beradi.


Mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritayotgan fan o‘qituvchilariga asosiy ish joyi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktor jamg‘armasi hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.


Mentor-o‘qituvchilarga ustama to‘lash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-dekabrdagi 867-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom 26-1-band bilan to‘ldirildi.


Ushbu bandga ko‘ra “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarida mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritayotgan fan o‘qituvchilariga asosiy ish joyi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktor jamg‘armasi hisobidan oladigan ustamasiga qo‘shimcha ravishda lavozim maoshining 20 foizi miqdorida har oylik ustama haq belgilanadi.


Masalan, agar o‘qituvchi direktor jamg‘armasi hisobidan 40 foiz ustama olayotgan bo‘lsa, unga mentor-o‘qituvchi vazifasini ham bajargani uchun yana 20 foiz ustama to‘lab beriladi. Ya’ni, o‘qituvchi direktor jamg‘armasidan 60 foiz ustama olish mumkin bo‘ladi.

“Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlari qanday tashkil etiladi?

Izohlar 5

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama
  • Kasbiy rivojlanish

Ulashish