Top.Mail.Ru
Olimpiadadagi past natija uchun o‘qituvchini jazolash to‘g‘rimi?

Olimpiadadagi past natija uchun o‘qituvchini jazolash to‘g‘rimi?

13:11 / 16.11.2025 5.37k

Savol

Men 26 yildan buyon maktabda o‘qituvchilik qilaman. Yaqinda bo‘lib o‘tgan olimpiadada o‘quvchim yetarli ball to‘play olmadi. Direktor bu uchun hayfsan berdi.


Birinchi martada ogohlantirilmaydimi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hayfsan beriladimi? Qaysi qonun yoki qarorda belgilangan? Iltimos, tushuncha bersangiz?


Javob

Mehnat kodeksining 312-moddasiga ko‘ra, pedagog xodim tomonidan mehnat intizomi buzilganligi aniqlangandan so‘ng, xodimga intizomiy jazo turlaridan biri qo‘llaniladi.


Mehnat kodeksining 301-moddasiga ko‘ra, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.


Intizomiy qilmish deganda xodim tomonidan o‘z mehnat majburiyatlarini aybli tarzda, g‘ayriqonuniy ravishda bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi (mehnat (lavozim) majburiyatlarining buzilishi) tushuniladi.


Agar xodimning o‘z mehnat (lavozim) majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yuz bergan bo‘lsa (xodimning o‘z mehnat vazifalarini bajarish uchun ish beruvchi tomonidan zarur shart-sharoitlar ta’minlanmaganligi, fors-major holatlari va hokazolarda), xodimni intizomiy javobgarlikka tortishga yo‘l qo‘yilmaydi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 16-maydagi 156-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi xodimlarining lavozim yo‘riqnomasi”da fan o‘qituvchilari o‘quvchilarni o‘z fani bo‘yicha fanlar olimpiadalari, turli tanlovlar va musobaqalarga tayyorlashi belgilangan. 


Ammo, mazkur yo‘riqnomada pedagog xodimlarning fan olimpiadalari natijalari uchun javobgarlik belgilanmagan.


Shu sababli, fan olimpiadasida o‘quvchining yetarli ball to‘play olmaganligi uchun pedagog xodimga intizomiy jazo qo‘llab bo‘lmaydi.


Xodimga asossiz ravishda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan taqdirda xodim intizomiy jazoni olib tashlash bo‘yicha kasaba uyushmasi qo‘mitasiga murojaat qilishi mumkin.


Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga ko‘ra mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bundan bila turib g‘ayriqonuniy ishdan bo‘shatish mustasno, — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • olimpiada
  • Javobgarlik

Ulashish