Top.Mail.Ru
Vazirlik xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 sertifikati talabini malaka talablariga kiritdi

Vazirlik xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 sertifikati talabini malaka talablariga kiritdi

09:13 / 17.01.2026 51

Joriy yil 13-yanvar kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 9-sonli buyrug‘i imzolandi.


Mazkur buyruq bilan xorijiy til yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy shart sifatida belgilandi.


Aslida mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi tegishli qarorida belgilangandi, ammo vazirlik tomonidan xorijiy til o‘qituvchilar malaka talabiga kiritmagandi.


Endilikda, xorijiy til yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari shart bo‘ladi.


Vazir o‘rinbosari Sherzod Karimov imzolagan mazkur buyruqda aytilishicha, umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) xodimlari yangi malaka tavsiflari bilan to‘liq tanishtirilishi, direktorlar tomonidan esa xodimlarni ishga qabul qilish va ularni boshqa lavozimga o‘tkazishda mazkur malaka tavsiflariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashi kerak bo‘ladi.


Eng asosiysi shundaki, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari malaka tavsiflariga mos kelmagan xodimlar bilan amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish choralarini ko‘rishi ham kerak boladi.


Eslatib o‘tamiz, vazirlik tomonidan B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2026-2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar imkoniyat berildi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xorijiy til

Ulashish