Vazir E’zoza Karimova birinchi marta prezidentga taqdimot qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu E’zoza Karimovaning vazir lavozimiga tayinlangandan buyon maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish yuzasidan qilgan birinchi taqdimoti hisoblanadi.
(Sobiq vazir Hilola Umarova ikki yillik faoliyati davomida prezidentga jami 9 marotaba ta’limni isloh qilish bo‘yicha taqdimot qilgandi.)
E’zoza Karimovaning 4-fevral kungi taqdimotida maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Taqdimotda maktabgacha ta’limga qamrovni 80 foizga yetkazish uchun yangi bog‘cha o‘rinlarini yaratish talab etilishi, 39 ta tuman va shaharda esa bog‘cha qamrovi 70 foizdan past darajada qolayotgani aytildi. Shuningdek, davlat bog‘chalarida pedagoglarning 61 foizi, nodavlat bog‘chalarda esa 76 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga egaligi, kadrlar salohiyatini yanada oshirish dolzarb masala ekani qayd etildi.
Endilikda, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida joriy etiladi. Bunda bolalarni maktab ta’limiga puxta tayyorlash, ta’limda uzluksizlikni ta’minlash asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.
Maktabgacha ta’lim tizimida o‘yinga asoslangan ta’lim modeli joriy etilib, bolaning tabiiy qobiliyati va qiziqishlarini hisobga olgan holda ta’lim-tarbiya jarayoni tashkil qilinadi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv muhiti yangilanadi.
Shuningdek, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini shakllantirish rejalashtirilgan. 2026-2028-yillarda har bir hududda 120 o‘rinli “Yangi avlod” davlat bog‘chalari hamda ularning tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etiladi. Mazkur bog‘chalarda qo‘shimcha rahbar hamda tarbiyachi-yo‘riqchi shtatlari joriy qilinib, rahbar va pedagog xodimlarga tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu orqali ta’lim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni kengaytirish va qamrovni oshirish maqsad qilingan.
Kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi. 2026-2027-o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlari xalqaro ilg‘or tajribalarga mos ravishda takomillashtiriladi. Shu bilan birga, amalda ishlab kelayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’lim (“5+1”) asosida bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.
2027-2028-o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishi, mazkur ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda maktabgacha ta’lim sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar ham muhokama qilindi.
Maktabgacha ta’lim sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlar uchun qator qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.
Jumladan, maktab va bog‘chalar hududidagi bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etilganda, ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmaydi. Shuningdek, har bir tarbiyalanuvchi uchun davlat bog‘chalarida bir bolaga to‘g‘ri keladigan xarajatning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Ushbu tartib 2024-yildan tashkil etilgan nodavlat bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.
Qamrov darajasi past hududlarda bog‘cha va maktabdan tashqari joylarda quvvati kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etilsa, 7 yilgacha muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shu bilan birga, tarbiyachilarga oylik ish haqi to‘lash xarajatlari davlat bog‘chalarida belgilangan me’yorlar asosida uch yil davomida qoplab beriladi. Har 30 nafar bolaga bir nafar tarbiyachi shtati hisoblanadi.
Mazkur imtiyozlar yangi ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida tashkil etiladigan xususiy bog‘chalarga ham tatbiq etiladi. Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvarga qadar quvvati 150 o‘rindan kam bo‘lmagan nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi bo‘yicha yengilliklar beriladi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Surxondaryodagi maktablar yana qog‘ozbozlikka qaytyaptimi?
Qoraqalpog‘iston Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri lavozimidan ozod qilindi
Endi pedagoglar bolalarga zo‘ravonlik qilsa, maktab direktori ularni ishdan bo‘shatishi mumkin bo‘ladi
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi qonunbuzilish murojaatlari soni bo‘yicha “yetakchi” sohalardan biri deb topildi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Sanitariya talablari buzilgani uchun ayrim xususiy bog‘chalar yopildi
60 ta bog‘chaning oshxonasi ta’mirtalab holda ekani, suv ta’minotida uzilishlar borligi, qo‘l yuvish uskunalari yetarli darajada jihozlanmagani ma’lum bo‘ldi.
Yangiliklar
Jizzaxdagi bog‘chada zaharlangan bolalardan 4 nafari shifoxonada qolmoqda
Bolalar ombudsmani 1,3,5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, monitoring o‘rganishi o‘tkazdi.
Yangiliklar
Bog‘cha bolalari ommaviy zaharlandi, vazir holatni shaxsan nazoratga oldi
24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlangani haqida xabar tarqaldi.
Yangiliklar
Yana bog‘cha bolalari ovqatdan zaharlandi
Jizzax viloyatining Forish tumanidagi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1, 3, 5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlangani ma’lum bo‘ldi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang