Top.Mail.Ru
Metodik kunlar “Kasbiy rivojlanish kunlari” sifatida joriy qilinadi

Metodik kunlar “Kasbiy rivojlanish kunlari” sifatida joriy qilinadi

17:40 / 25.06.2024 7.90k
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra 2025-yil 1-yanvardan boshlab pedagog va mutaxassis kadrlar kasbiy rivojlanishining uzluksizligini ta’minlash maqsadida barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida malaka oshirishning Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa, shuningdek, “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bunda “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarini tashkil etish uchun har bir tuman (shahar)da yuqori malakali o‘qituvchilar orasidan fanlar kesimida mentor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantiriladi.

“Kasbiy rivojlanish soati” doirasida fan metodika birlashmalari va mentor-o‘qituvchilar tomonidan o‘qituvchilarning darslari tahlil qilinadi, ularga metodik yordam ko‘rsatiladi, kasbiy rivojlanishi bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

“Kasbiy rivojlanish kuni” doirasida har bitta fan bo‘yicha tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalari tanlanadi va ushbu muassasalarda o‘qituvchilar uchun kasbiy rivojlantirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti (yangi tashkil etilgan) va hududiy markazlarda mentor-o‘qituvchilar uchun alohida tayyorlov kurslari tashkil etiladi.

Mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritayotgan fan o‘qituvchilariga asosiy ish joyi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktor jamg‘armasi hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa ikki oy muddatda “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarini o‘tkazish tartibini tasdiqlaydi.

Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, quyidagi hafta kunlari o‘qituvchilarga “Kasbiy rivojlanish kunlari” sifatida belgilanishi mumkin:

  • Dushanba – Aniq fanlar (matematika, informatika va axborot texnologiyalari) fani;

  • Seshanba – Filologiya fanlari (Ona tili va adabiyot, O‘zbek tili/rus tili);

  • Chorshanba – Tabiiy fanlar (fizika va astronomiya, kimyo, biologiya, geografiya va iqtisodiyot, tabiiy fan (Science);

  • Payshanba – Ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya);

  • Juma – Xorijiy tillar;

  • Shanba – Amaliy fanlar va boshlang‘ich ta’lim (tasviriy san’at, chizmachilik, musiqa madaniyati, texnologiya, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik, boshlang‘ich ta’lim).

Eslatib o‘tamiz, o‘qituvchilarning metodik kunlari, fan oyliklarini o‘tkazish tartibi sobiq Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovning 2022-yil 5-dekabrdagi 372-sonli buyrug‘i bilan bekor qilingandi.

Metodik kunlar amaliyotining qayta joriy qilinishi kutilayotgani haqida avvalroq xabar bergandik.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Malaka oshirish
  • Kasbiy rivojlanish

Ulashish