Top.Mail.Ru
Endi "Kasbiy rivojlanish kuni" belgilangan joyga bormagan o‘qituvchilar ishga kelmagan deb hisoblanadi

Endi "Kasbiy rivojlanish kuni" belgilangan joyga bormagan o‘qituvchilar ishga kelmagan deb hisoblanadi

17:38 / 08.08.2024 10.20k

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini tashkil etish tartibi belgilandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 7-avgustdagi 246-sonli buyrug‘i imzolandi.


“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari tashkil etiladigan kunlar quyidagicha belgilanadi:


  • Dushanba — Ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya) o‘qituvchilari;


  • Seshanba — Filologiya fanlari (ona tili va adabiyot, o‘zbek tili/rus tili) o‘qituvchilari;


  • Chorshanba — Tabiiy fanlar (fizika va astronomiya, kimyo, biologiya, geografiya va iqtisodiyot, tabiiy fan – Science) o‘qituvchilari;


  • Payshanba — Aniq fanlar (matematika, informatika va axborot texnologiyalari) o‘qituvchilari;


  • Juma — Xorijiy tillar o‘qituvchilari;


  • Shanba — Amaliy fanlar (tasviriy san’at, chizmachilik, musiqa madaniyati, texnologiya, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik) va boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari.


Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘qituvchisining “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida ishtirok etishi uning o‘z malakasini muntazam ravishda oshirib borish bo‘yicha majburiyati etib belgilandi.


Kasbiy rivojlanish kunlari tegishli fan o‘qituvchilari uchun asosan kasbiy rivojlantirish tadbirlarida ishtirok etadigan ish kuni hisoblanadi.


“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari o‘tkaziladigan vaqtda tegishli fan o‘qituvchilarini maktablardagi dars mashg‘ulotlariga va boshqa tadbirlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.


O‘qituvchining “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida ishtirok etmaslik holati shu kuni ishga kelmaganlik sifatida qayd etiladi va unga ish haqini hisoblashda amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda hisobga olinadi.


O‘qituvchi o‘quv yili davomida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida uzrli sabablarga (mehnatga layoqatsiz bo‘lgani, xizmat safarida bo‘lgani va qonunchilikda belgilangan boshqa holatlar) ko‘ra 12 soat qatnashmagan taqdirda unga “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasida tashkil qilingan maxsus o‘quv kursida malaka oshirish orqali zarur bilim va ko‘nikmalarni egallash uchun imkoniyat beriladi.


O‘qituvchi o‘quv yili davomida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida 12 soat uzrli sabablarsiz qatnashmagan taqdirda uning “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasida tashkil qilingan maxsus o‘quv kursida shartnoma asosida malaka oshirishi talab qilinadi.


O‘quv yili davomida uzrli sabablarsiz qatnashmagan va “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasida tashkil qilingan maxsus o‘quv kursida malaka oshirmagan o‘qituvchiga nisbatan amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llaniladi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq metodik kunlar “Kasbiy rivojlanish kunlari” sifatida qayta joriy qilingani haqida xabar bergandik.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Kasbiy rivojlanish

Ulashish