Top.Mail.Ru
Farzandini hujraga bergan ota-onalarga javobgarlik belgilanmoqda

Farzandini hujraga bergan ota-onalarga javobgarlik belgilanmoqda

20:34 / 20.08.2024 1.17k

Senatning 55-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yana-da mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. 


Muhokama jarayonida ta’kidlanishicha, keyingi yillarda voyaga yetmagan bolalarni qonunga xilof diniy ta’lim olishga aynan ota-onalarning o‘zi olib borishi holatlari ko‘payib bormoqda.


Huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra 2021-2023-yillar mobaynida noqonuniy diniy ta’limotdan saboq berish bilan bog‘liq 2 457 ta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan. Ularning 1 479 tasi  “hujra” sharoitida tashkil etilgan bo‘lib, ularda tahsil olayotganlarning 60 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.


Xususan, so‘nggi 3 yilda diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan voyaga yetmagan shaxslar soni 4 baravarga oshgan. 


Muhokama etilayotgan qonunga ko‘ra, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb qilishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek ushbu qonunchilik talabiga rioya etmaganligi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.


Shu bilan birga Qonunda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning o‘z bolalarini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqi aniq bayon qilinmoqda.


Endilikda, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini tayinlash belgilanmoqda. 


Shu bilan birga, qonunda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning o‘z bolalarini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqi aniq bayon qilinmoqda. Mazkur norma Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 18-moddasida belgilangan qoidalar asosida kiritilyapti.


Qonunning qabul qilinishi bolalarning ta’lim olish huquqi kafolatlarini ta’minlashga, ularning komil inson bo‘lib yetishishiga, turli og‘ir jinoyatlar va diniy ekstremistik g‘oyalar qurboniga aylanishining oldini olishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan ta’kidlandi. 

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Javobgarlik
  • Diniy ta'lim

Ulashish