O'qituvchilar yana paxta dalasiga qaytmoqda...mi?
So‘nggi yillarda ta’lim tizimida qator islohotlar amalga oshirilib, o‘qituvchilarni ortiqcha vazifalardan ozod qilishga alohida e’tibor qaratilgandi. Shu jumladan, o‘qituvchilarni paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb qilish ham to‘xtatildi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan so‘nggi xabarlar – “O‘qituvchilar yana paxta dalasiga qaytmoqda” degan gaplar jamoatchilik o‘rtasida yangi xavotirlarni uyg‘otmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qituvchilarga ota-onalarni paxta yig‘im-terimiga jalb qilish uchun topshiriqlar berilgan. Ushbu holat keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘qituvchilar paxta yig‘im-terimida ishtirok etmasliklari kerakligi ta’kidlanayotgan bir paytda, ota-onalarni jalb qilish bilan bog‘liq topshiriqlar berilishi haqidagi xabarlar muhokamalar markazida turibdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni paxta xom-ashyosi narxi shakllanishi bilan bog‘lamoqda.
“Sentyabrning 18-sanasiga kelib, qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun 1 300 so‘mdan 1 600 so‘mgacha, o‘rtacha 1 500 so‘m atrofida haq to‘lanmoqda. Vodiyda arzonroq, vohada qimmatroq. Solishtirish uchun, 2022-yilda terim puli 1 500 so‘mdan 1 800 so‘mgacha miqdorni tashkil etgan.
O‘tgan yili birinchi terimda tavsiya etilgan to‘lov miqdori 1 500 so‘mdan iborat bo‘lgan. Ma’lumot uchun, 2 yil davomida jamlangan inflyatsiya 21 foizga yetgan. Shu bilan birga, paxta xom-ashyosi xarid narxi pasaygani fonida narx mundarijasida terim pulining ulushi o‘tgan 2 yilda o‘rtacha 14 foizdan 20 foizga ko‘tarilgan”, deydi iqtisodchi.
Paxta xom-ashyosi narxining arzonligi sababli, ko‘pchilik paxta dalasiga borishdan bosh tortayotgan bo‘lishi mumkin. Bu esa o‘z-o‘zidan o‘qituvchilarga nisbatan shunday topshiriqlar berilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur holat bo‘yicha pedagoglarning ham fikrini o‘rganish maqsadida @xalqtaliminfo telegram kanalida so‘rovnoma o‘tkazdik. Hozirgi vaqtga qadar so‘rovnomada 3 mingga yaqin pedagoglar ishtirok etib, ularning 17 foizi paxta yig‘im-terimi mavsumiga oid tadbirlarga jalb qilinayotganligini bildirgan. Ayni vaqtda so‘rovnoma davom etmoqda.
Ismi ochiqlanishini istamagan o‘qituvchining xalqtaliminfo.uz’ga murojaat qilishicha, Namangan viloyatida ham pedagoglarga ota-onalarni paxta yig‘im-terimiga jalb qilish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berilgan.
Xalqtaliminfo.uz tahririyati mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pozitsiyasini bilish maqsadida vazirlik Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova bilan bog‘landi.
Vazirlik esa o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishini noqonuniy holat ekanligi hamda majburiy mehnatning har qanday shakliga qat’iy qarshi ekanligini ma’lum qildi.
“Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday shakliga qat’iy qarshi ekanligini ma’lum qiladi. Jumladan, o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishini noqonuniy holat deb hisoblaydi.
Bugungi kunda vazirlikda Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aniqlangan har qanday noqonuniy holat yuzasidan huquq-tartibot organlari orqali albatta tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi.Hurmatli pedagoglar, agar siz vakolatingizga kirmaydigan yumushlarga jalb qilinsangiz, zudlik bilan vazirlikning ishonch telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling: (71) 202-09-09”, deydi vazirlik Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
Maktablar yaqinida 30 km/s tezlikdan oshganlar jarima to‘laydi
“Uchta o‘quvchida virusli kasallik aniqlansa, maktab karantinga yopiladi” — Sanepidqo‘mita vakili
Maktab darsliklari bu yil ham tekin bo‘ladi
A.Avloniy nomidagi malaka oshirish institutiga prorektor tayinlandi
Mavzuga doir yangiliklar
Kaltak qachongacha maktab direktorlari boshida sinadi?
Maktab direktorlarini jarimaga tortish holatlari ko'paymoqda
O‘qituvchilarga chiqindilarni tashitgan direktorga 34 mln so‘m jarima solindi
Holat Andijondagi maktablarning birida sodir bo'lgan
O‘qituvchilarga maktab hududini tozalatgan direktor 17 million so‘m jarimaga tortildi
Direktor bu ishlarni qilishni istamagan o‘qituvchilardan 500 ming so‘mdan pul talab qilgan
Izohingizni tahrirlang