O‘quvchilar bilimini o‘lchaydigan tarozimiz buzuqmi yoki soz?
Ma’lumki, yangi baholash tizimi kirib kelganiga hech qancha bo‘lmadi, undan oldin 500 ta maktabda joriy qilingan bo‘lsa, bu yildan boshlab yana 1000 ta maktabda joriy qilindi. Demak, 1500 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy qilindi va bu o‘z navbatida muhokamalarga ham sabab bo‘lyapti.
Albatta, ta’lim tizimini, ta’lim sifatini, umuman o‘quvchilar olayotgan bilimini baholash uchun bizga tarozi kerak. Mana shu tarozi hozir bor. Endi biz bu tarozini qanchalik to‘g‘ri ishlayapti, qanchalik noto‘g‘ri ishlayapti, u buzuqmi yoki sozmi? Masalaning aynan mana shu jihatlari “Tanaffus” podkastida muhokama qilindi.
Ushbu muhokamada Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidova, ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilov, Toshkent shahar, Yashnobod tumani, 216-maktab o‘qituvchisi Xudoyberdiyeva Muxayyoxon hamda xalqtaliminfo.uz tahririyati direktori Ulug‘bek Po‘latov ishtirok etdi.
Dilrabo opa, birinchi navbatda siz baholash tizimi haqida ozgina tushuncha bersangiz. To‘g‘ri, bu yerdagilar, misol uchun, men uncha ichiga kirib bormaganman, [lekin] Komil aka yaxshi biladi, ammo kuzatuvchilar yaxshi tushunmasligi mumkin, shuning yangi baholash qanday ishlayapti, qachondan boshlab joriy qilindi va kelgusidagi rejalar haqida qisqacha gapirib bersangiz, keyin biz savollarga o‘tamiz, bevosita.
Dilrabo Davidova: Baholash tizimida gapirishdan oldin bir narsani aytmoqchi edim, hozir har bir sohada juda katta islohotlar olib borilyapti va ta’lim sohasida ham shu jumladan va hozir aytganingizdek, har bir sohada bo‘lganidek, o‘sha sohaning faoliyat samaradorligini ko‘rsatib beradigan ko‘rsatkichlar bo‘lishi kerak-da. Bu hamma sohada bor. Ta’limda bu ko‘rsatkich vazifasini baho bajaradi.
Yangi baholash tizimi haqida, umuman baho, bahoning vazifasi qanday? U asosiy ko‘rsatkich ekan, u qanday bo‘lishi kerak, degan savollar bo‘ladi. Bu baholash tizimini biz joriy etishdan oldin, ancha oldin izlanish boshlangan va bir narsani ishonch bilan ayta olaman-ki, bu baholash tizimi biz tomondan, yangilik kashf qilinmagan. Bu butun dunyoda xalqaro tajribani o‘rganganimizda, deyarli, deyarli juda ko‘p davlatlar, deyarli 80-90% davlatlar, hattoki 90% dan ham ko‘p davlatlar aynan shunday baholash tizimini yuritishni bilganmiz va buni o‘rganib chiqish davomida, bunda juda ko‘p o‘rganilgan va aynan qaysidir davlatning baholash tizimini olib, o‘zimizga joriy qilib qo‘ymaganmiz.
Buni ko‘p tomonlarini xorijiy tajribani o‘rganganimizda ham juda xorijdagi o‘ta rivojlanib ketgan davlat bilan cheklanmaganmiz. Rivojlangan davlatlarni, rivojlanayotgan davlatlarni xuddi bizga o‘xshagan postsovet davlat davlatlarining tajribasini o‘rgangan holda buni joriy qilishga qaror qilingan hamda bu baholash tizimini o‘zimizga mahalliylashtirish vaqtida ham bu jarayonning o‘zi ko‘pgina o‘tkaziladigan tadqiqotlar kabi qaysidir davlatni o‘rganib kelib, olimlar yoki mutaxassislar o‘tirib, buni ishlab, buni tepadan pastga tushirilmaganda. Bu bitta maktab misolida obdon o‘ylangan, tajriba qilingan, keyin buni uchta maktab misolida ko‘rilgan.
Maktablarda bosqichma-bosqich bu jarayonga o‘tilganda, birdaniga o‘tilmagan va bir so‘z bilan har bosqichda biz o‘zimizga kerakli xulosalarni qilganmiz. Ha, bu bizda ishlamas ekan, bu bizda ishlaydi. Bir nimaga buni tadqiqot o‘tkazibgina, o‘zimizga joriy qilibgina, qaysi elementlar bizda qanday ishlashi yoki natija ko‘rsatishiga qarab xulosalar qilingan.
5 ballik baholashning mezonlarga asoslangan baholash tizimidan ustunlik jihati bormi?
Dilrabo Davidova: Bu baholash tizimi, besh ballik shu kungacha amal qilib kelgan, hozir ham ayrim maktablarimizda amal qilayotgan besh ballik baholash tizimidan nimasi bilan farq qiladi? Eng asosiy farqi shundaki, bizda baholashda, baholashning turlari, maqsadlariga ko‘ra bir necha xil va bu baholash tizimida biz asosan ikkita eng asosiy turidan foydalanamiz: bu formativ va summativ. O‘zi shu kungacha ham o‘sha besh ballik tizimda ham formativ va summativ baholash bo‘lgan, sinfda baholash va hokazo. Faqatgina besh ballik tizimimizda bizda aynan dars vaqtida qo‘yiladigan joriy baholarga katta ustunlik berilgan.
Nimaga ustunlik berilgan deyapman. Bu aytganimdek, biz bitta maktab misolida o‘rganib chiqqanimizda shunaqa haqiqat bilan yuzlanganmiz-da. Bolalarning bahosi yomon emas, jurnaldagi baholari yomon emas, lekin bolalarni olib, aynan o‘zlarining o‘qiyotgan dasturlari bo‘yicha monitoring qilsak, tashqaridan o‘zimiz monitoring qilsak, natija umuman boshqacha bo‘lgan.
Bizda savol: nega jurnaldagi bolaning natijasi bilan monitoring qilingandagi natija har xil? Shundan sekin-sekin sababi ham aniq bo‘ladi. Demak, a’lo bahoga o‘qigan bola ham repetitorga bormasa, oliy ta’limga kira olmayapti. Demak, uning maktabda olayotgan bahosi aniq, mezonlarga asoslanib qo‘yilmaganki, uning bahosi hamma joyda har xil. Uning olayotgan bilimini tekshiradigan bo‘lsak, hamma joyda har xil natija beryapti.
Eng qizig‘i, bizning kuzatishimiz natijasida dars davomida qo‘yilgan baho, bitta o‘qituvchi tomonidan qo‘yilayotgan baho, bu esa subyektiv fikr hisoblanadi, har doim bir odamning fikri. Agar o‘qituvchi bitta emas, bir nechta sinfni olgan bo‘lsa, dars bersa, bir nechta sinfga kirib qo‘yadigan bahosi, bir nechta sinf o‘quvchilarga, subyektiv o‘zining shaxsiy yondashuvidan kelib chiqib, o‘quvchini shu u yoki bu fan bo‘yicha “biladi” yoki “bilmaydi” deb u qaror chiqaryapti-da, u baholayapti.
Hozirgi tizimda unday emasmi?
Dilrabo Davidova: Bu tizim aynan birinchi bo‘lib shu subyektiv fikrga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi. Bitta o‘qituvchi bir sinf o‘quvchiga, aytaylik, 40 ta bolaga kirib, “biladi, bilmaydi” deyish uchun, birinchidan, hattoki eng zo‘r mutaxassis, salohiyati yuqori bo‘lgan taqdirda ham, u yerda boshqa faktorlar ham bo‘lishi mumkin-da.
Biz hammamiz o‘qituvchi bo‘lganmiz, tan olaylik. Misol uchun, darsga kiramiz-da, bizga uchta sinf berildi, deylik. Men darsga kirdim, o‘quvchilarni baholadim, mavzuni o‘tdim-da, sekin-sekin baholashni boshlayapman… Mening hali ular haqida hech qanday xulosam yo‘q, fikrim yo‘q, lekin ular ichida kimdir tabiatan juda ham, nima deydi, hozirjavob yoki tez muloqotga kirishib ketadigan, qo‘lini ko‘taradi, bilsa-bilmasa javob berishga harakat qiladi, kitobdan qaraydiganlar ham bor.
Kimdir bilsa ham [indamaydi], har xil tabiatli bolalar bor. Har xil qobiliyatli bolalar bor-da. O‘qituvchilar tan olaylik, uch marta darsga kiramizda shu sinfdagi bolalarga taxminan baho qo‘yib chiqilgan. To‘g‘rimi?
Umumiy xulosa shunday bo‘lyaptiki, demak o‘qituvchining qo‘yayotgan baholariga ishonchsizlik bor, shundaymi?
O‘qituvchiga ishonchsizlik yo‘q. Aytaylik, siz uchun aktiv deb hisoblangan narsa, aktiv mana bir sinf o‘quvchini to‘rtta o‘qituvchi kuzatadi-da, siz qaraysiz-da, anavi bola aktiv ekan deysiz, u bilsa-bilmasa... Men aytaman-da, yo‘q, men uchun u juda aktiv emas. Aytmoqchimanki, o‘qituvchiga ishonmagandan emas, faqat bitta odamning fikri u har doim subyektiv bo‘ladi. U yaxshimi, yomonmi, har doim subyektiv bo‘ladi.
Yangi baholash tizimi bo‘yicha ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning fikrlari qanday? Komil aka, mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimi bo‘yicha sizning umumiy xulosalaringiz, fikrlaringiz qanday? hozirda yangi baholash bo‘yicha sizda qanaqa “kartina” hosil bo‘ldi?
Komil Jalilov: Qarang, savolingizga javob berishdan oldin, maylimi, men ozgina vaziyat tushunarliroq bo‘lishi uchun, mavzu tushunarliroq bo‘lishi uchun buni ilmiy tarafini tushuntirib bersam. Qarang, mana pedagogikaning baholash degan yo‘nalishi bor, testologiya degan fan bor. Deylik, ko‘p davlatlarda oliy ta’limda o‘qitiladi, shu bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari yoqlanadi, boshqa. Mening ham, masalan, Londonda yoqlagan magistrlik dissertatsiyam aynan baholash bo‘yicha bo‘lgan va baholashni ikki semestr alohida bir fan sifatida o‘rganganmiz.
Shuning uchun o‘sha mavzu tushunarli bo‘lishi uchun ozgina buni ilmiy tarafini tushuntirib bersam. Qarang, mana baholashning har xil turlari bor. Siz uni nimaga nisbatan baholashingizga qarab uch xil turi bor, asosan. Bu mezonlarga asoslangan baholash tizimi, bu normalarga asoslangan baholash tizimi va bu ipsativ baholash tizimi.
Normaga asoslangan baholash tizimi nima?
Misol uchun, deylik, siz misol uchun mana beshinchi sinf bolasini baholamoqchisiz-a? Siz oldin bir normani aniqlashtirib olasiz, ya’ni ilmiy bir “reprezentativniy viborka” deydi-ku ilmiy tilda. Ya’ni mana shu o‘rtacha beshinchi sinf bolasini ko‘rsatadigan har xil guruhni yig‘asiz-da. Misol uchun, bitta qishloqda o‘qiydigan beshinchi sinf bolasi, bitta shaharda o‘qiydigan, bitta yaxshi sharoitli maktabda o‘qiydigan, bitta yomon sharoitli maktabda, bitta boy oila, bitta kambag‘al, xullas, “reprezentativniy viborka” deydi, “representative sample”.
Shuni yig‘asiz-da, shularga o‘sha test berib turib, ularning ko‘rsatkichini norma deb olasiz va undan keyin, keyingi o’sha boshqa o‘sha real baho, o‘sha beshinchi sinf bolalarini baholayotganingizda har safar ularning natijasini shu norma bilan solishtirasiz. Qani, qay darajada shu normaga yaqin, yaqin emas, og‘ishdi, og‘ishmadi, ya’ni o‘sha natijalarni keyin shu norma bilan solishtirib ketaverasiz. Bu normaga asoslangan baholash.
Mezonlarga asoslangan baholash nima?
Mezonlarga asoslangan baholashda siz qandaydir mezonlar qo‘yasiz. Masalan, beshinchi sinf bolasi, misol uchun, matematikadan o‘sha matematika beshinchi sinf dasturini yaxshi bilishi uchun u mana bunaqa darajada javob berishi kerak. Kriteriyalar qo‘yib borasizda, mana bunaqa darajada javob berishi kerak. To‘rtga bilishi uchun mana bunaqa darajada javob berishi kerak. Har safar olgan natijalarni esa shu mezonga qarab solishtirasiz.
Ipsativ baholash nima?
Ipsativ baholashda bu ko‘pincha o‘sha, masalan, Amerikada, deylik, kambag‘al oilalardan chiqqan bolalarni baholash uchun ishlatiladi va maktab faoliyatiga baho berish uchun. Bu o‘sha o‘quvchining o‘zining oldingi natijasi bilan solishtiriladi. Qay darajada progress qilganini ko‘rasiz. Masalan, oldin bunaqa edi, hozir bunaqa bo‘ldi, ya’ni o‘zining oldingi natijasi bilan solishtirib. Demak, mana shu testologiyada mana shu uch xil baholash tizimi bor.
Endi qarang, mana o‘sha besh ballik tizimda ham u ham baribir qandaydir mezonlarga asoslangan, chunki o‘qituvchi u qanchalik subyektiv bo‘lmasin, o‘quvchiga baho qo‘yayotganda baribir qandaydir mezonlarga asoslanadi. U mezonlar qog‘ozga tushirilgan, formallashtirilgan bo‘lmasligi mumkin, lekin o‘qituvchi baho qo‘yayotganida baribir o‘zining hayolida bo‘lsa ham, o‘zining kallasida bo‘lsa ham, u baribir pedagog, shu narsani o‘qigan, o‘rgangan, biladi.
Masalan, beshinchi sinf bolasi adabiyotdan yoki ona tilidan, deylik, beshga bilishi uchun mana bu narsalarni bilish kerak, deydi va o‘quvchiga baho qo‘yayotganda shu narsaga asoslanadi. To‘g‘ri, bu yerda ma’lum darajada subyektivlik bor, lekin baribir buni ham, deylik, besh ballik tizim umuman mezonlarga asoslanmagan deyish bu noto‘g‘ri bo‘lar edi.
Endi hozirgi joriy qilayotgan tizimda mezonlarga asoslangan deyishimiz uchun bitta narsa bo‘lishi kerak edi. Har bitta sinf va har bitta fan kesimida aniq mezonlar ishlab chiqilishi kerak, aniq mezonlar. Mana misol uchun, deylik, beshinchi sinf matematikasi. Qay darajada bilsa, biz uni, deylik, besh deb olamiz yoki, deylik, 80 va 100 foiz oralig‘ida deb olamiz. Qay darajada bilsa, buni bunaqa deb olamiz va bu narsalar ochiq ma’lumot bo‘lishi kerak-da, ya’ni bu narsalar qayerdadir... o‘sha o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar, anavi ingliz tilida “stakeholder” degan tushuncha bor-da, manfaatdor tomonlar.
Ya’ni manfaatdor tomonlar bu yerda kimlar? O‘sha ta’lim tizimining ishtirokchilari va ularning atrofidagilar: ota-onalar, o‘quvchilar, o‘qituvchilar, maktabni boshqaradiganlar, hamma bilishi kerak-da u narsani. Ya’ni ular ochiq bo‘lishi kerak. Deylik, hozirgi joriy qilinayotgan tizimda o‘sha ochiq narsalar qayerdadir e’lon qilinganmi?
Ekspertning ushbu savoliga yangi baholash tizimi joriy qilingan, Toshkent shahar, Yashnobod tumani, 216-maktab o‘qituvchisi Xudoyberdiyeva Muxayyoxon quyidagicha javob berdi:
O‘qituvchi: Ha, foydalanish sifatida o‘qituvchilarga beriladi. O‘qituvchilarda, masalan, har bitta olinadigan o‘sha talablar, BSB, ChSBlar bo‘ladi-ku, summativ baho qo‘yiladigan, o‘sha summativ qo‘yiladigan baholarning har bittasining o‘zining alohida baholash mezoni bo‘ladi.
Komil Jalilov: Yo‘q, mana uzr, qarang. Mana demo versiyasini men ko‘rganman-da, u yerda mana savollar ketyapti, deylik mana buni yechsa to‘rt ball, buni yechsa, bir yarim ball, anavi savollarning uchta darajasi bor: bilish, qo‘llash, mulohaza yuritish, har biriga shunga qarab baho beriladi. Lekin, xo‘p, misol uchun mana o‘sha bola mana shu variantni yechdi, o‘sha variantdan deylik 40 balldan misol uchun 25 ball oldi. Bu yaxshimi, o‘rtachami, yomonmi? Bu nimaga qarab belgilanyapti? Shuning aniq mezonlari, aniq tosh tarozusi bormi o‘zi?
O‘qituvchi: O‘sha bo‘yicha, masalan, bolaga ham biz oldiga baholash mezonini ham qo‘yamiz va keyin qanday baholanishi bo‘yicha ota-onalar majlisi qilingan sinflarda alohida qilinadi, maktab bo‘yicha ham alohida qilingan va har bitta fan o‘qituvchisi o‘zi bilishi kerak, necha balldan necha ballgacha bo‘lishini. Masalan, biz oldin yangi baholashga o‘tmasimizdan oldin, 3 bahosini o‘zini kiritish [tartibi] bor edi. 56 dan, 55 dan past bo‘lsa 3 bo‘lardi. Hozir o‘sha mezonlarga asoslangan yangi baholashga o‘tganimizdan keyin pastga tushirilgan.
Komil Jalilov: O‘sha nima asosida tushirildi? Mana 56 edi, endi 30 bo‘ldi. Nima asosida 30? O‘shaning aniq bir ilmiy asosi bormi? Nimaga 30? Nimaga 31 emas? Nimaga 35 emas? Nimaga 28 emas?
O‘qituvchi: Bu narsani so‘raganmiz, o‘sha bizga o‘tilgan paytida so‘raganmiz, nima uchun aynan 30 olingan deb so‘ragan edik-da, taxminan olinadigan narsa emas-ku. Ular aytilganida, o‘sha mezonlarga asoslangan yangi baholash bo‘yicha, o‘sha, masalan, olinadi, tashqi nazoratlar olinadi, monitoring bo‘yicha, olingan paytida umumiy holatda bizning o‘zimizning o‘quvchilarimizning o‘sha o‘zlashtirish foizi juda ham past chiqqan-da.
Komil Jalilov: Unda bu mezonlarga asoslangan bo‘lmay qoladi-da. Boyagi aytganimdek, mana misol uchun, qarang, konkret bitta fanni olaylik, deylik beshinchi sinf adabiyot fani. Adabiyot fanining maqsadi nima? Deylik, bolani badiiy matn bilan ishlashga o‘rgatish, to‘g‘rimi? Misol uchun, unda konkret nimalar bo‘lishi kerak? Mezoni bo‘lishi kerak. Mana bola badiiy matnni mana bu darajada tahlil qilsa, unga 3 qo‘yaman yoki 30 ball qo‘yaman. Mana bu darajada tahlil qilsa, 4 qo‘yaman. Ha, siz aytyapsizki, bizlar umumiy kartinadan ham olganmiz-da, o‘shanga qarab...
Dilrabo Davidova: Siz noto‘g‘ri xulosa chiqaryapsiz. Maylimi, mana shu yerda fikrimni bildirsam? Komil aka aytdilarki, testologiyaning o‘zining talablari bor, o‘qitiladi dedilar-ku, lekin bitta fikrni aytib ketdilar: "Besh ballik tizimda ham qandaydir mezon bilan o‘qituvchi baholagan" deyaptilar. Qandaydir? O‘sha hamma gap shundaki, hammaning o‘zini "qandaydir" degan savolga hamma o‘zicha javob bergan.
Mana bular informatika o‘qituvchisi, aytaylik yettinchi sinfga kirganda dastur bo‘yicha qandaydir mezonlar bilan baholaganlar. Men informatika o‘qituvchisiman, men o‘zimning sinfimga kirib qandaydir, o‘sha "qandaydir" bo‘lishi kerak emas-da, hammamizning mezonimiz bir bo‘lishi kerak.
Nimaga biz o‘quvchining o‘zlashtirish bahosini qo‘yyapmiz-da, bahosini keyin maktablarning reytingini chiqaryapmiz, ta’limga baho beryapmiz-da, a’lochisi shuncha, boshqasi shuncha deyapmiz-da, lekin uni o‘qituvchining qandaydir mezoniga asoslayapmiz. Nimaga qandaydir bo‘lishi kerak?
Hozir Komil aka, siz standart talab bilan shkalani adashtirmang. Siz aytayotgan narsa, mana qarang, siz bizga ko‘p marta shu savolni berdingiz, biz sizga savolingizga javob berishga harakat qildik, hattoki bir necha marta o‘zimizga, markazga taklif qildik ham. Biz mana yaqinda borib o‘sha Oksfordning AKA tashkilotida, aynan baholash bo‘yicha kurslarni o‘tib keldik, katta kurslarni. O‘tib kelganimizda ham nima bo‘ladi?
Standartlar bor. To‘g‘ri, bizda qaysidir fanlarda, qaysidir sinflarda standart, qaysidir milliy dastur. Lekin biz hozir o‘shani o‘zimizga standart qilib ishlab turibmiz. Hozir yana ham standartlar ustida takomillashtirish ishlari boshlangan. Hozir biz shuni ishlab, o‘sha standartlarga milliy dasturdagi talablardan kelib chiqib malaka talablarini ishlab chiqildi.
Malaka talablaridan kelib chiqib, o‘sha o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. Taqvim reja ishlab chiqildi. Taqvim rejadan asoslanib, malaka talablariga muvofiq, savollar ishlab chiqilyapti.
Suhbatning to‘liq qismini YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Yangi baholash tizimi — yangi muammo…mi?
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
Sobiq PIMA xodimi Fan olimpiadalari markaziga direktor bo‘ldi
A.Avloniy nomidagi malaka oshirish institutiga matbuot kotibi tayinlandi
Rahbar xodimlarning oylik maoshi yana ikki barobarga oshiriladi
Pedagog xodimlar yangi yil bayrami arafasida ketma-ket 5 kun, o‘quvchilar esa 14 kun dam oladi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangi baholash tizimi bekor qilinmasligi kerak, ammo...
Ushbu maqolada yangi baholash tizimi haqida so'z boradi
Yangi baholashga o‘tgan maktablarni qog‘oz bilan ta’minlash vazirlik mablag‘lari hisobidan qoplanadi — MMTV
Yangi baholash tizimi bo‘yicha ayrim savollarga javob berildi
Yangi baholash tizimidan norozi bo‘lgan jamoatchilik faollari vazir Hilola Umarovaga murojaat yo‘lladi
Ular vazirlik tomonidan yo‘llangan javob ham e’lon qilishga va’da berdi
Izohingizni tahrirlang