Top.Mail.Ru
Rossiya darsliklardagi tarixni “yaxshilash” niyatida – O‘zbekiston bunga rozi bo‘lganmi?

Rossiya darsliklardagi tarixni “yaxshilash” niyatida – O‘zbekiston bunga rozi bo‘lganmi?

15:23 / 29.06.2025 848

Rossiya Federatsiyasi Maorif vaziri Sergey Kravtsov Davlat Dumasi yalpi majlisida so‘zga chiqib, MDHning ayrim davlatlaridagi tarix darsliklarida Rossiyaga nisbatan, ayniqsa, sovet davriga oid mavzularni yoritishda salbiy munosabat mavjudligini aytdi. Uning so‘zlarini “Meduza” nashri keltirdi.

“Tarix darsliklariga kelsak, bu yerda bir qator davlatlar tarixini ko‘rib chiqishda tarixiylik va xolislik tamoyillariga rioya qilmagan, tarixiy materialni bayon etishda ma’lum murakkabliklar va muammolar mavjud. Avvalo, bu bizning umumiy o‘tmishimizga, Sovet Ittifoqi tarkibidagi respublikalar hududlari bo‘lgan davrga tegishli bo‘lib, ular umuman olganda Rossiyaga nisbatan salbiy xarakterga ega,” - degan Kravsov.

Uning aytishicha, Rossiya Maorif vazirligi MDH davlatlaridagi ayrim vazirliklar bilan bilan birgalikda tarixiy o‘tmishga yagona yondashuvni ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.


Ammo Kravtsov bu qaysi davlatlar ekanligini aniq aytmagan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Maorif vazirligi ish olib borilayotgan bu mamlakatlar bilan “yagona ma’rifiy, madaniy va ma’naviy makon” barpo etilmoqda. Uning fikricha, bu makonda barcha bir-birini tushunadi va yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga sodiq bo‘ladi.


Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasi rasmiylari MDH davlatlaridagi tarix darsliklarida, ayniqsa Sovet davriga oid mavzularda Rossiyaga nisbatan tanqidiy yondashuv bor deb hisoblayapti. 


Shuning uchun ular ayrim davlatlar bilan “umumiy tarix”ni birga muhokama qilib, darsliklardagi yondashuvni “kelishib olish” niyatida. Hozircha Sergey Kravtsov nazarda tutayotgan “ayrim davlatlar” aynan qaysilar ekani ochiqlanmagan, lekin Rossiya bu ishni “madaniy va ma’naviy makon qurish” deb atamoqda. O‘zbekiston bu ro‘yxatda bormi – noma’lum. 


O‘ylaymizki, O‘zbekiston Respublikasi Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tez kunlarda bu borada rasmiy bayonot beradi.

Izohlar 7

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • darsliklar
  • Rossiya

Ulashish