Top.Mail.Ru
Dekret ta’tilidan qaytgan xodimga necha kun mehnat ta’tili beriladi?

Dekret ta’tilidan qaytgan xodimga necha kun mehnat ta’tili beriladi?

17:30 / 13.06.2024 5.82k
Savol
Men 2021-yildan buyon maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. 2023-yil 1-oktabrda tug‘ruq ta’tiliga chiqdim. 126 kunda, ya’ni 2024-yil fevralda ishga qaytdim. Menga necha kunga ta’til puli to‘lanadi? 24 kunga to‘lanibdi, shu to‘g‘rimi? Stajimda hech qanday uzilish bo‘lmagan, bola parvarish ta’tili yoki ish haqi saqlanmagan ta’tillarga ham chiqmaganman.

Javob
MK 404-moddasiga ko‘ra, ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

MK 237-moddasiga ko‘ra, ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan ijtimoiy ta’tillar (bundan Kodeks 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan bolani parvarishlash ta’tillari mustasno) navbatdagi har yilgi mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiritiladi. 

Shuningdek, MK 226-moddasiga ko‘ra, har yilgi asosiy mehnat ta’tilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga xodim haqiqatda ishlamagan, lekin mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq uning ish o‘rni (lavozimi) saqlangan vaqt, shu jumladan har yilgi mehnat ta’tili vaqti, dam olish kunlari, ishlanmaydigan bayram kunlari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa davrlari kiradi.

Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, 126 yoki 140 kalendar kun davomidagi homiladorlik va tug‘ish ta’tili xodimning har yilgi asosiy mehnat ta’tilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga kiradi. 

Ya’ni yanada soddaroq tushuntirsak, siz 126 yoki 140 kalendar kun davomida ishlamagansiz, shuning uchun har yilgi mehnat ta’tilingiz kunlari shunga mutanosib kamroq chiqadi deyilishi mutlaqo noto‘g‘ri.

MK 257-moddasiga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi hisoblab chiqarilayotganda hisob-kitob davridan vaqt, shuningdek ushbu vaqtda hisoblangan summalar chiqarib tashlanadi, agar xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini yoki homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olgan bo‘lsa.

226- va 257-moddalarni chalg‘itib yubormaslik lozim. Ya’ni homiladorlik va tug‘ish ta’tili xodimning har yilgi asosiy mehnat ta’tilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga kiradi, lekin xodimning o‘rtacha ish haqi hisoblab chiqarilayotganda hisob-kitob davridan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun hisoblangan pul chiqarib tashlanadi.

Ya’ni sodda qilib aytganda, o‘rtacha ish haqini hisoblash chiqarishda “dekret puli” hisobga olinmaydi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Sizga 56 kalendar kun har yilgi mehnat ta’tili beriladi. Ta’til puli 48 ish kuniga to‘lab beriladi, 24 ish kuniga emas.

Yana bir bor qaytaramiz, homiladorlik va tug‘ish ta’tili xodimning har yilgi asosiy mehnat ta’tilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga qo‘shiladi.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillarni chalg‘itmaslik lozim.

Diqqat! MK 226-moddasiga ko‘ra, MK 405-moddasida nazarda tutilgan bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar vaqti har yilgi asosiy mehnat ta’tilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga kirmaydi, agar jamoa shartnomasida, shuningdek tashkilotning ichki hujjatida yoxud mehnat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Mehnat huquqiga oid maqolalarni Mehnat huquqi telegram kanalida ham kuzatib boring.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mehnat ta'tili
  • Dekret ta'tili

Ulashish