Top.Mail.Ru
“Orzudagi maktab” loyihasi o‘tkaziladi

The website texts are translated by Google, errors possible!

“Orzudagi maktab” loyihasi o‘tkaziladi

14:22 / 05.03.2025 294

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini yanada jonlantirish hamda zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish orqali maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish va pedagoglarning samarali faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Orzudagi maktab” loyihasi tashkil etiladi.


Mazkur loyiha Profi University nodavlat ta’lim muassasasining homiylik mablag‘lari asosida “Xalq ta’lim Info” tahririyati tomonidan o‘tkaziladi.


Loyiha doirasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini zamonaviy texnologiyalar va innovatsion jihozlar bilan ta’minlash, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi faolligini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish hamda tadbirkorlik subyektlari va homiylarni ta’lim jarayoniga jalb qilish orqali davlat va xususiy sektor hamkorligini kuchaytirish choralarini ko‘rish reja qilingan.


Loyihaning maqsadi


Ushbu loyiha maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini yanada jonlantirish hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan. Loyihaning asosiy maqsadi – zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish orqali maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish va pedagoglarning samarali faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdir.


Loyiha doirasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari zamonaviy texnologiyalar va innovatsion jihozlar bilan ta’minlanadi, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi faolligini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.


Quyidagilar loyihaning asosiy vazifalari hisoblanadi


  • maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi pedagoglar faolligi, mehnat samaradorligi, ijodiy qobiliyati va tashabbuskorligini rivojlantirish, kasbiy mahoratining ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish;


  • tadbirkorlik subyektlari va homiylarni ta’lim jarayoniga jalb qilish;


  • ta’lim muassasalarini ta’mirlash, zamonaviy jihozlar, interaktiv texnologiyalar va o‘quv materiallari bilan ta’minlash;


  • bolalar uchun sifatli va zamonaviy ta’lim muhitini yaratish orqali ularning bilim olish jarayonini samarali va yanada qiziqarli qilish;


  • zamonaviy maktablar sonini ko‘paytirish;


  • ta’lim tizimini raqamlashtirish, onlayn o‘quv platformalarini joriy etish va o‘quvchilarga va o‘qituvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish;


  • maktabgacha va maktab ta’limi tizimida sifatli ta’limni ta’minlash.


Loyiha ikki bosqichda o‘tkaziladi, jumladan:


Birinchi bosqich – bunda maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi pedagog xodimlar o‘zi faoliyat yuritib kelayotgan ta’lim muassasasidagi ta’mir va zamonaviy jihozlashga muhtoj bo‘lgan 1 ta sinfxonani tanlab, mazkur sinfxona haqida qisqacha ma’lumot hamda ushbu sinfxona zamonaviy ko‘rinishda  ta’mirlab, jihozlangan taqdirda undan qanday foydalanishi haqida @orzudagimaktab_bot'ga qisqa (1 daqiqadan oshmagan) motivatsion videoxabar yo‘llaydi.


Video uchun qo‘yiladigan talablar:


  • video davomiyligini bir daqiqadan, uning hajmini esa 30 MBdan oshirmaslik;


  • ta’lim muassasasi va sinfxona haqida qisqacha ma’lumot (joylashuvi, sinfxonaning hozirgi holati) aks etishi;


  • sinfxonaning zamonaviy ta’mir va jihozlarga bo‘lgan ehtiyoji haqida qisqacha izoh;


  • sinfxona ta’mirlangach, undan qanday maqsadda foydalanilishi va bu jarayon o‘quvchilar uchun qanday ijobiy natijalar berishi haqida atroflicha tushuntirish.


Ikkinchi bosqich – pedagog xodim tomonidan yuborilgan videoxabardan so‘ng, unga taqdim etilgan referal havola orqali ta’lim muassasasida faoliyat yurituvchi pedagog, rahbar va boshqa xodimlar, shuningdek, ota-onalar tomonidan mazkur videoxabarda aks etgan holat tasdiqlanishi lozim.


Tasdiqlash jarayonining haqqoniyligi ta’minlanishi uchun har bir tasdiq qayd etiladi va nazorat qilib boriladi.


Loyiha goliblarini aniqlash


Nomzodlar videoxabar uchun qo‘yiladigan talablardan kelib chiqqan holda loyihani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan hakamlar hay’ati tomonidan saralanadi. Saralab olingan videoxabar orasidan eng munosiblari tasodifiy tarzda (random) tanlab olinadi.


Loyihaga nomzod sifatida ko‘rsatilgan pedagog xodim tavsiya etgan sinfxona loyiha homiylari tomonidan to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda jihozlanadi.


“Orzudagi maktab” ijtimoiy loyiha hisoblanib, tanlab olingan ta’lim muassasalarini ta’mirlash hamda jihozlash bilan bog‘liq xarajatlar tadbirkorlik subyektlarining homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Loyiha doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlar bo‘yicha xalqtaliminfo.uz tahririyati tomonidan qo‘shimcha qarorlar qabul qilinishi, zaruriyat tug‘ilganda loyiha to‘xtatilishi mumkin.


Loyiha respublika bo‘ylab barcha ta’lim muassasalari uchun tashkil etiladi. Bunda har oy bitta ta’lim muassasasining sinfxonasi tanlanib, ta’mirlanadi va zamonaviy elektron qurilmalar bilan jihozlanadi. Loyihaga qo‘shimcha homiylik mablag‘lari jalb qilinsa, g‘oliblar soni ham shunga mutanosib ravishda oshirib boriladi.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Dream School

Share