Top.Mail.Ru
Oddiy maktablarda taqiqlangan “Bitiruv oqshomi” Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi maktablarda o‘tkazilgani aytilmoqda

The website texts are translated by Google, errors possible!

Oddiy maktablarda taqiqlangan “Bitiruv oqshomi” Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi maktablarda o‘tkazilgani aytilmoqda

13:40 / 25.05.2025 407

2025-yil 21-may kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2024-2025-o‘quv yilini yakunlash hamda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida 592-xdfu xati imzolagandi.


Vazirlik bu yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirini o‘tkazish haqidagi ko‘rsatma xatni negadir jamoatchilikdan sir tutish maqsadida faqatgina xizmat doirasida foydalanish (maxfiy) ko‘rinishida imzolagan.


Vazirlikning ko‘rsatma xatida maktab rahbariyati, sinf rahbarlari hamda o‘quvchilar ota-onalarga restoran, kafe va xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazmaslik, turli maqsadlar uchun pul yig‘maslik to‘g‘risida tushuntirish va qat’iy ogohlantirish berilgandi.


Albatta, ushbu ko‘rsatma va qat’iy ogohlantirishlar faqatgina umumiy o‘rta ta’lim maktablari nazarda tutilgan bo‘lib, unda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi maktablar nazarda tutilmagan.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oddiy maktablarga “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazmaslik bo‘yicha qat’iy ko‘rsatma bergan bir vaqtda ayrim Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda kunning kechki vaqtida “Bitiruv oqshomlari” o‘tkazilgani haqida xabar tarqaldi.

“Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli maktablarda “Bitiruv oqshomlari” kechki payt katta dabdaba bilan, estrada yulduzlari ishtirokida nishonlanmoqda. Ixtisoslashtirilgan maktablarda olingani aytilayotgan videolarda katta ekranda “Prom night-2025” (“Bitiruv kechasi-2025”) yozuvini hamda agentlik logotipini ko‘rish mumkin”, - deb yozmoqda ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov.

Xabar ostidagi izohlarda yozilishicha, “PIMA” (Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi) tarkibidagi mashhur maktablardan birida bitiruv tadbiri ertalab soat 8:00 dan kechki soat 23:00 gacha davom etgan. Unda 19:00 dan keyin “diskoteka” boshlangan va o‘quvchilar soat 23:00 da uylariga qaytgan. 


“Xabarda muallif haqli savol ko‘taradi: nega oddiy maktablarda bunday nishonlashga ruxsat berilmayapti, ayniqsa u yerda har yili qimmatbaho xonandalarni taklif qilib, kechasi bilan bayram qilishga ruxsat bor ekan?”

Tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan videolardan ham shuni taxmin qilish mumkinki, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘tkazilgan “Bitiruv oqshomi” kechasiga taniqli san’atkor va xonandalar ham tashrif buyurgan bo‘lishi mumkin.


E’tiborli jihati shundaki, 2023-yilda ham vazirlik tomonidan oddiy maktablarga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini 40 daqiqadan oshirmaslik haqida ko‘rsatma bergan bir vaqtda, Prezident maktabi bitiruvchilari uchun esa 3 kunlik “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tashkil etilgani jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.


Buning nimasi yomon?


Aslida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda “Bitiruv oqshomi” tashkil etilishining yomon jihati yo‘q. Masalaning mohiyati shundaki, nima uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oddiy maktablarga “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazmaslik bo‘yicha qat’iy ko‘rsatma berib, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda bunday tadbirlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yib bermoqda?


Aslida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda “Bitiruv oqshomlari” tashkil etilishi salbiy holat emas. Bu kabi tadbirlar o‘quvchilarda unutilmas xotiralar qoldiradi, yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. 


Bizning e’tirozimiz bunday tadbirlarning o‘tkazilishiga emas, balki ularning faqat ayrim maktablar uchun ruxsat etilib, oddiy maktab o‘quvchilari uchun taqiqlab qo‘yilganida.


Bu holat ta’lim tizimida tenglik tamoyiliga zid bo‘lib, ikki xil yondashuv – ya’ni ixtisoslashtirilgan va oddiy maktablar o‘rtasida tabaqalanish mavjudligini anglatadi.


Ta’lim sohasida barcha o‘quvchilar, qaysi turdagi maktabda o‘qishidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak. Agar vazirlik “Bitiruv oqshomlari” mutlaqo o‘tkazilmasligi kerak deb hisoblasa, u holda bunday tadbirlar barcha maktablar uchun birdek taqiqlanishi kerak. Aks holda, bu qarorlar oddiy maktab o‘quvchilarini kamsitish hisoblanadi.


Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy munosabat bildirishini kutamiz.

Comments 1

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Presidential School
  • Soʻnggi qoʻngʻiroq

Share