Top.Mail.Ru
Maktab bitiruvchilari uchun yagona davlat imtihoni joriy qilinishi mumkin

The website texts are translated by Google, errors possible!

Maktab bitiruvchilari uchun yagona davlat imtihoni joriy qilinishi mumkin

15:37 / 19.11.2026 97

O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilar bilimini baholash va yakuniy imtihonlarni tashkil etishning yangi tizimi joriy qilinishi mumkin. Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, o‘quvchilar 4-sinfda diagnostik test, 7-sinfda kasbiy qiziqishlar diagnostikasi, 9-sinfda asosiy davlat imtihoni va 11-sinfda yagona davlat imtihonidan o‘tishi mumkin. 


Ushbu yangiliklar yuzasidan o‘quvchilar, ota-onalar va pedagoglarning fikrini o‘rganish uchun anonim onlayn so‘rovnoma ham o‘tkazilmoqda. Bu haqda avvalroq xabar bergandik.


So‘rovnomada yangi baholash tizimining turli jihatlari, jumladan, imtihonlarning shakli, davomiyligi, o‘tkazilish joyi va natijalaridan foydalanish tartibi bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganilmoqda.

Muhim: Ushbu tartib hozirda taklif va jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Shu sababli unda keltirilgan muddatlar va mexanizmlarni tasdiqlangan, amalda joriy etilgan tartib sifatida qabul qilmaslik lozimligini eslatib o‘tamiz.

Nimalar o‘zgarishi mumkin?


Taklifga ko‘ra, o‘quvchilarning bilimini nazorat qilish to‘rt bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich 4-sinfga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha bilimlari diagnostik test orqali aniqlanadi. 


Muhimi, ushbu test natijalari baho sifatida qo‘yilmaydi va o‘quvchining keyingi sinfga o‘tishiga ta’sir qilmaydi. Testlar bolalar tahsil olayotgan maktabning o‘zida, odatiy sharoitda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Natijalar ota-ona va o‘qituvchiga taqdim etiladi, o‘quvchilar o‘zaro taqqoslanmaydi.


Ikkinchi bosqichda, ya’ni 7-sinfda o‘quvchilarning kasbiy qiziqishlari va qobiliyatlari o‘rganiladi. Bunda o‘quvchilar turli savollarga javob berib, mantiqiy topshiriqlarni bajaradi. 


Olingan natijalar asosida ularga kelgusida qaysi kasblar mos kelishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalar beriladi. Biroq bu tavsiyalar majburiy xarakterga ega bo‘lmaydi. Kasb tanlash o‘quvchining o‘z ixtiyorida qoladi.


Shuningdek, 7–9-sinf o‘quvchilarini kasblar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Kasblar shaharchasi”, texnikumlar va korxonalarga tashriflar tashkil etish ham taklif qilinmoqda.


9-sinfdan keyin davlat imtihonlari joriy etilishi mumkin


Taklif etilayotgan muhim tashabbuslardan biri 9-sinf yakunida uchta fan bo‘yicha asosiy davlat imtihonini tashkil etishdir. Bunda ona tili majburiy fan sifatida belgilanadi, qolgan ikkita fanni esa o‘quvchining o‘zi tanlaydi.


Imtihon natijalari shahodatnomada aks ettiriladi hamda akademik litsey va texnikumlarga qabul jarayonida hisobga olinadi. Biroq imtihonda yetarli ball to‘play olmagan o‘quvchilar uchun ham imkoniyat saqlanib qoladi. 


Ular o‘z maktabida 10-sinfda o‘qishni davom ettirishi mumkin. Eng kam ballni to‘play olmagan o‘quvchilarga esa ikki oy ichida bir marta qayta imtihon topshirish imkoniyati berilishi nazarda tutilgan.


Imtihonlar bepul tashkil etilishi, natijalardan norozi bo‘lganlar esa 10 kun ichida bepul apellyatsiya berishi mumkinligi ko‘rsatilgan.


11-sinfda maktabni bitirish va oliygohga kirish uchun yagona imtihon joriy qilinadi


Yangi tartibning eng e’tiborli jihatlaridan yana biri 11-sinf bitiruvchilari uchun yagona davlat imtihonini joriy etish taklifidir. Amaldagi tartibda maktabni bitirish va oliy ta’lim muassasasiga kirish jarayonlari alohida imtihonlar orqali amalga oshiriladi. 


Yangi tartibda esa ushbu jarayonlarni birlashtirish taklif qilinmoqda. Ya’ni bitiruvchi bitta imtihon topshiradi va uning natijasi ham attestatga baho sifatida kiritiladi, ham oliy ta’lim muassasasi yoki texnikumga qabul jarayonida hisobga olinadi.


Imtihon natijasi ikki yil davomida — topshirilgan yil va keyingi yilda amal qilishi ko‘zda tutilgan. Agar abituriyent imtihonni bir necha marta topshirsa, uning eng yuqori natijasi hisobga olinadi. Joriy yil bitiruvchilari uchun imtihon bepul bo‘lishi belgilangan.


Shuningdek, imtihon fanlari kamida olti oy, namunaviy test topshiriqlari esa kamida uch oy oldin e’lon qilinishi rejalashtirilgan.


Imtihonlarda kamera va kompyuterlardan foydalaniladi


Loyihada 9- va 11-sinf imtihonlarini asosan kompyuter orqali o‘tkazish nazarda tutilgan. Zarur hollarda qog‘oz shaklidagi imtihonlardan ham foydalanish mumkin.


Imtihonlar maxsus markazlarda yoki maktablarda tashkil etilishi mumkin. Bunda imtihon jarayonida o‘quvchilarning shaxsi tekshiriladi, xonalarga videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi.


Kompyuter orqali topshirilgan imtihon natijasi esa yakunlanganidan so‘ng darhol e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.


Yangi tartib qachondan joriy etiladi?


Taklifga ko‘ra, yangi baholash tizimi dastlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida sinovdan o‘tkaziladi. Bu jarayon 2027/2028-o‘quv yili yakunida, ya’ni 2028-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.


Sinov davrida olingan natijalar o‘quvchilarning keyingi ta’lim bosqichiga o‘tishi yoki oliy ta’limga kirishiga ta’sir qilmaydi.


2028/2029-o‘quv yili yakunidan, ya’ni 2029-yildan boshlab yangi tizimni respublikaning barcha hududlarida joriy etish taklif qilinmoqda.


Jamoatchilikdan qanday fikrlar so‘ralmoqda?


E’lon qilingan so‘rovnoma sakkizta bo‘limdan iborat bo‘lib, unda qariyb 30 ta savol o‘rin olgan. Ishtirokchilar o‘zlarini o‘quvchi, ota-ona, o‘qituvchi, maktab rahbari, ta’lim bo‘limi xodimi yoki talaba sifatida ko‘rsatishi mumkin.


Savollar orasida yangi tizimning ayrim jihatlari bo‘yicha bahsli masalalar ham bor. Masalan, 4-sinf o‘quvchilari uchun testni qog‘ozda yoki kompyuterda o‘tkazish ma’qulmi, 30, 45 yoki 60 daqiqa vaqt ajratish kerakmi, degan savollar berilgan.


Shuningdek, 7-sinfda kasbiy qiziqishlarni aniqlash uchun hali erta emasmi, 9-sinfda matematika kabi qo‘shimcha majburiy fanlar bo‘lishi kerakmi, 11-sinf imtihon fanlarini olti oy oldin e’lon qilish yetarlimi, degan masalalar ham muhokamaga qo‘yilgan.


Asosiy e’tibor imtihonlarni tashkil etishdagi sharoitlarga qaratilgan. Xususan, interneti sust hududlarda imtihonlarni o‘quvchilarning o‘z maktabida qog‘oz shaklida o‘tkazish yoki ularni maxsus markazlarga olib borish bo‘yicha fikrlar so‘ralmoqda.


O‘qituvchilar va maktab rahbarlaridan esa ta’lim muassasalarida kompyuter, internet va elektr ta’minoti imkoniyatlari yangi tizim talablariga javob berish-bermasligi haqida fikr bildirish so‘ralgan.


Bundan tashqari, yangi tartib repetitorlarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishi yoki aksincha, oshirishi, o‘quvchilarning hayajoni, imtihonlardagi texnik nosozliklar va qishloq maktablaridagi sharoitlar bilan bog‘liq xavotirlar ham o‘rganilmoqda.


Eslatib o‘tamiz, hozircha ushbu tartib taklif va jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Shu sababli unda keltirilgan muddatlar va mexanizmlarni tasdiqlangan, amalda joriy etilgan tartib sifatida qabul qilmaslik lozimligini eslatib o‘tamiz.


So‘rovnomada imtihon-sorovnoma.vercel.app manzili orqali qatnashish mumkin.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Education policy
  • Summative assessment

Share