6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov bilan to‘liq qamrab olinadi, 10 ta oliygoh Top-1000 ga kiritiladi — prezident farmoni
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 10-noyabr kuni “Inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–242-son farmonni imzoladi.
Hujjat bilan yettita milliy dastur va ularni 2027–2031-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Dasturlardan biri bevosita ta’lim sohasiga bag‘ishlangan.
Ta’lim yo‘nalishidagi vazifalar ijrosi uchun Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, ta’lim va ilm-fan vaziri E. Turdimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari O. Hakimov hamda Prezident maslahatchisi O. Davlatov shaxsan mas’ul etib belgilangan.
6 yoshli bolalar uchun bir yillik tayyorlov majburiy bo‘ladi
2027-yildan boshlab 6 yoshli bolalarni bir yillik majburiy maktabga tayyorlov bilan 100 foiz qamrab olish rejalashtirilgan. Buning uchun 2026-yil dekabrgacha hududlardagi ehtiyoj o‘rganilib, zarur pedagoglar va jihozlarga bo‘lgan talab aniqlanadi. Bepul tayyorlov guruhlari tashkil etiladigan xonalar esa 2027–2028-yillarda mebel va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida 500 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi. Har yili kamida 100 ta bog‘cha qurish yoki rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Xususiy bog‘chalar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi. Shu bilan birga, ularning samaradorligi va ta’lim sifati ham baholab boriladi.
2027-yil aprelgacha xususiy bog‘chalarga yer ajratish hamda imtiyozli kredit liniyalarini ishga tushirishni nazarda tutuvchi me’yoriy hujjat tayyorlanadi.
Yana bir yangilik — nodavlat bog‘chalardagi tarbiyachilar uchun “Tarbiyachi” nomli ta’limni boshqarish platformasi (LMS) yaratiladi. Unda zamonaviy pedagogik metodikalar bo‘yicha videodarslar, uslubiy qo‘llanmalar, testlar va interfaol mashg‘ulotlar joylashtiriladi.
Eng muhimi, xususiy bog‘chalarga ajratiladigan budjet subsidiyalari shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Kelgusida subsidiyalarni ta’lim sifati bilan bog‘lash rejalashtirilgan.
Maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan qamrab olinadi
2030-yilgacha barcha umumta’lim maktablari xalqaro mezonlarga mos milliy diagnostika tizimi bilan qamrab olinishi reja qilinmoqda.
Bunda PISA va boshqa xalqaro baholash dasturlari natijalari muntazam tahlil qilinadi. Olingan natijalar asosida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, o‘quv dasturlari va darsliklarga funksional savodxonlikni rivojlantiruvchi topshiriqlar kiritiladi.
Shuningdek, maktablarda “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” doirasida o‘qituvchilar uchun xalqaro baholash natijalari hamda funksional savodxonlik bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Texnikumlarda amaliy mashg‘ulotlar 70 foizga yetkaziladi
Kasbiy ta’lim tizimida ham katta maqsadlar belgilangan. 2031-yilgacha texnikumlarda 1 million nafar yoshni yuqori daromadli kasblarga o‘qitish rejalashtirilmoqda.
Xalqaro ta’lim standartlari joriy etilgan texnikumlar soni 300 taga yetkaziladi. Buning uchun mahalliy ta’lim dasturlari qayta ishlab chiqiladi, amaliy mashg‘ulotlar ulushi esa 70 foizga oshiriladi.
Dual ta’limni rivojlantirishda ish beruvchilarning talablari asosiy mezonlardan biri bo‘ladi. Ishsiz va band bo‘lmagan aholini talab yuqori kasblar hamda xorijiy tillarga o‘qitishda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining vaucher tizimidan foydalaniladi.
10 ta oliygoh xalqaro reytinglarning Top-1000 taligiga kiritiladi
Oliy ta’lim sohasidagi asosiy maqsadlardan biri — 2030-yilgacha kamida 10 ta mahalliy oliy ta’lim tashkilotini dunyoning nufuzli xalqaro reytinglaridagi top-1000 taligiga olib kirish. Bu vazifa “U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi orqali amalga oshiriladi.
Dastur doirasida ilmiy salohiyati yuqori, yirik ilmiy loyihalarni amalga oshirayotgan oliygohlar tanlov asosida saralab olinadi. Tanlov g‘oliblari uchun xalqaro reytinglarga kirish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi. Xalqaro reyting tashkilotlari vakillari bilan ham muzokaralar olib boriladi.
10 million yosh raqamli kasblarga jalb qilinadi
Farmonda yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2031-yilgacha 10 million nafar yoshni raqamli ko‘nikmalar va kelajak kasblariga jalb qilish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun IT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishlarida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.
2027-yil yanvargacha hududlar kesimida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi. Shuningdek, o‘qishni sertifikat va keyinchalik bandlik bilan bog‘laydigan vaucher tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Farmonda o‘zbek tilining raqamli muhitdagi mavqeini mustahkamlash, uni ilm-fan va texnologiyalar tiliga aylantirish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan.
Xususan, o‘zbek tilidagi adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari va boshqa axborot resurslarini raqamlashtirish dasturi tasdiqlanadi. O‘zbek tilidagi sun’iy intellekt modellaridan, jumladan, katta til modellaridan ta’lim jarayonida foydalanish choralari ko‘riladi.
Bu yo‘nalishdagi ishlarga Fanlar akademiyasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ham mas’ul etib belgilangan.
Maktab o‘quvchilariga huquqiy savodxonlik o‘rgatiladi
2031-yilgacha barcha umumta’lim maktablarida huquqiy savodxonlik dasturi to‘liq joriy etiladi. Huquqiy tarbiya 1–11-sinflar kesimida bosqichma-bosqich tashkil qilinadi.
Bunda kichik sinf o‘quvchilariga bola huquqlari, o‘zaro hurmat va zarur vaziyatlarda yordam so‘rash o‘rgatiladi. Yuqori sinflarda esa zo‘ravonlikdan himoyalanish, mehnat va iste’molchi huquqlari, murojaat qilish tartibi, shartnomalar hamda mehnat munosabatlari haqida tushunchalar beriladi.
Mavzular “Tarbiya” faniga kiritiladi. O‘qituvchilar uchun Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida metodik qo‘llanmalar tayyorlanib, qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Darslarda faqat nazariy ma’lumotlar bilan cheklanilmaydi. O‘quvchilar huquqlari buzilgan vaziyatlarda kimga va qanday murojaat qilish kerakligi bo‘yicha amaliy mashqlar ham bajaradi.
Tibbiy ta’lim xalqaro standartlarga moslashtiriladi
2027–2030-yillarda oliy tibbiy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) standartlariga bosqichma-bosqich moslashtiriladi va akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, tibbiyot oliygohlarining klinik bazalari, ilmiy-amaliy laboratoriyalari va simulyatsion markazlarini rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi.
Xalqaro hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv va stajirovkalar yo‘lga qo‘yiladi. Oliy va o‘rta ma’lumotli tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari 2030-yilgacha uzluksiz kasbiy ta’lim bilan 100 foiz qamrab olinishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktab va shifoxonalar hududidagi bog‘larni xususiylashtirish taqiqlanadi
“Yashil makon” loyihasi doirasida davlat ta’lim va tibbiyot muassasalari hududidagi yashil maydonlarni saqlab qolish bo‘yicha ham alohida vazifa belgilangan.
2027-yil 20-yanvargacha tegishli qonun loyihasi tayyorlanadi. Unga ko‘ra, davlat ta’lim va tibbiyot muassasalari hududida joylashgan, ularning balansidagi bog‘lar va yer maydonlarini xususiylashtirish taqiqlanadi.
Farmonda xorijda mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarning farzandlari sifatli ta’lim olishi, qobiliyat va iqtidorini rivojlantirish uchun tegishli tizim yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu yo‘nalish xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan milliy dastur doirasida amalga oshiriladi.
Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi har chorakda Vazirlar Mahkamasida muhokama qilib boriladi. Adliya vazirligi va Hisob palatasi esa maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi ustidan tizimli monitoring olib boradi.
2027-yildan 2031-yilgacha bo‘lgan davrda ta’lim tizimining maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarida bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Comments 0
Please register to comment!
News
6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov bilan to‘liq qamrab olinadi, 10 ta oliygoh Top-1000 ga kiritiladi — prezident farmoni
Ta’lim vazirligida matbuot xizmati rahbariyati yangilandi
Maktablarda dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasidan ustama belgilash tartibi avtomatlashtiriladi
19-noyabrdan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining hududiy bosqichi boshlanadi
News on the topic
News
Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’lim sohasidagi ustuvor vazifalar ham belgilandi.
Education policy
Toshkentda Markaziy Osiyo taʼlim forumi ish boshladi
Bugun, 28-oktabr kuni poytaxtdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida “Markaziy Osiyo: taʼlim, fan va innovatsiyalarning yangi makoni” mavzusidagi xalqaro forum ish boshladi.
News
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
Yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligida hududiy rahbarlar va boshqa mas’ul lavozimlardagi kadrlar faoliyati tahlil qilinadi.
Education policy
Ta’lim va ilm-fan vazirligining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi
Ta’lim va ilm-fan tizimini boshqarishning yangi tartibi belgilandi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limdan keyingi ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yagona davlat siyosati yuritiladi.
English
Edit your comment