Top.Mail.Ru
Maktablarda dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasidan ustama belgilash tartibi avtomatlashtiriladi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Maktablarda dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasidan ustama belgilash tartibi avtomatlashtiriladi

17:50 / 10.11.2026 6

Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida umumta’lim maktablarida dars soatlarini taqsimlash hamda direktor jamg‘armasi faoliyatiga oid me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. 


Bunda malaka oshirayotgan maktab rahbarlari va pedagoglar ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning takliflari o‘rganildi. Uchrashuvda, jarayonlarni raqamlashtirish, qarorlar qabul qilishda shaffoflik va xolislikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish masalalari ko‘tarilgan.


Ishtirokchilar amaldagi tartiblarni soddalashtirish, adolatli elektron mexanizmlarni joriy etish hamda mavjud muammolarni amaliyotchi mutaxassislarning takliflari asosida hal qilish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirgan.


Dars soatlari inson omilisiz taqsimlanishi mumkinmi?


Dars soatlarini taqsimlashda shaffoflikni ta’minlash va inson omilini kamaytirish maqsadida jarayonni bosqichma-bosqich avtomatlashtirish taklif etilmoqda. Taqdimotda ushbu mexanizmni 2027–2028-o‘quv yilidan boshlab joriy etish, bunda pedagoglarning malakasi, hujjatlari va belgilangan ustuvorliklarini hisobga olgan holda dars soatlarini elektron platforma orqali taqsimlash nazarda tutilgan.


Unda jarayonni besh bosqichda amalga oshirish taklif etilmoqda


  • Soatlar fondini aniqlash. Fanlar, sinflar va ta’lim yo‘nalishlari kesimida mavjud dars soatlarini aniqlash;


  • Hujjatlarni tekshirish. Pedagoglarning diplom, sertifikat, malaka toifasi va boshqa tegishli hujjatlarini hisobga olish;


  • Avtotaqsimot. Belgilangan ustuvorliklar va teng mezonlar asosida dars soatlarini avtomatik taqsimlash;


  • Tasdiqlash. Taqsimot natijalarini pedagogik kengashda ko‘rib chiqish va elektron shaklda tasdiqlash;


  • Murojaat va audit. Pedagoglarning murojaatlarini o‘rganish, o‘zgarishlar hamda nazorat tadbirlarini amalga oshirish.


Taqdimotda nizomga kiritilishi mumkin bo‘lgan ayrim takliflar ham aks etgan. Jumladan, avtomatik taqsimotda pedagogning bir yoki bir nechta mezon bo‘yicha ustuvor huquqini belgilash, qayta taqsimlash uchun aniq asos, muddat va elektron ro‘yxatni joriy qilish nazarda tutilgan.


Shuningdek, pedagogik kengash majlisida taqsimotga asos bo‘lgan ma’lumotlarni ochiq muhokama qilish, minimal yuklama me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish va 1,5 stavkagacha bo‘lgan cheklovni saqlash masalalari ilgari surilgan.


Tajriba-sinov jarayonining natijalarini baholash uchun esa avtomatik taqsimot ulushi, qayta taqsimlashlar soni va sabablari, asosli o‘zgarishlar bo‘yicha signal holatlari, e’tirozlar soni va ularni hal etish darajasi, shuningdek, taqsimotdan qoniqish darajasi kabi mezonlar taklif etilgan.


Bu mexanizmning amaliyotga joriy etilishi dars soatlarini taqsimlashda shaxsiy munosabatlar va subyektiv qarorlar ta’sirini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. 


Direktor jamg‘armasi mablag‘larini taqsimlashda ham shaffoflik zarur


Dars soatlarini taqsimlash bilan bir qatorda, direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pedagoglarga ustama belgilash tartibi ham yillar davomida muhokamalarga sabab bo‘lib kelayotgan masalalardan biri.


Xalqtaliminfo.uz bu boradagi takliflarni bundan avval ham ilgari surgan. Xususan, 2024-yil 29-iyunda “O‘qituvchilarga inson omilisiz ustama tayinlash tizimini yo‘lga qo‘yish lozim” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.


Unda direktor jamg‘armasi hisobidan ustama tayinlash jarayonida ayrim hollarda noxolis yondashuvlar, pedagoglar faoliyatini xolis baholamaslik va ishchi guruhlar qarorlariga tashqi aralashuvlar yuz berishi mumkinligi aytilgandi.


Ayni paytda amaldagi me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan maktab rahbarlari va pedagoglarning fikrlarini o‘rganish ishlari davom etyapti. 

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • surcharge
  • Lesson distribution

Share