Top.Mail.Ru
Ta’lim vazirligida matbuot xizmati rahbariyati yangilandi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Ta’lim vazirligida matbuot xizmati rahbariyati yangilandi

12:48 / 11.11.2026 136

Soliyev Doniyor Faxriddinovich Ta’lim va ilm-fan vazirligi Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. 


Ta’lim va ilm-fan vazirligida navbatdagi tayinlov amalga oshirildi. Vazir Erkinjon Turdimovning tegishli buyrug‘i bilan Soliyev Doniyor Faxriddinovich Raqamli transformatsiya va axborot siyosati departamenti tarkibidagi Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.


Doniyor Soliyev ushbu tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalariga kontent tayyorlash markazida bosh mutaxassis lavozimida faoliyat yuritgan.


Yangi tayinlov 2026-yil oktabr oyida ikki vazirlik negizida tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligida boshlangan tarkibiy va kadrlar o‘zgarishlari doirasida amalga oshirildi.


Vazirlar almashinuvi ortidan matbuot kotiblari ham almashinib turadi


Ta’lim tizimining markaziy boshqaruv apparatida asosiy bo‘g‘inlardan biri hisoblangan axborot xizmati rahbarlari vazirlar o‘zgarganda almashinib turadi. Xususan, Xalq ta’limi vazirligi davridan boshlab bir necha jurnalist ushbu lavozimda faoliyat yuritgan.


2019-yil 23-oktabrda Anvar Abrorjonovich Umarov Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning matbuot kotibi etib tayinlangandi. U 2020-yilda, ayniqsa, pandemiya davrida ta’lim jarayoniga oid masalalar bo‘yicha brifing va intervyulari bilan jamoatchilikka tanilgan.


Keyingi davrda vazirlik axborot xizmati rahbarligi lavozimiga Laylo Rustamova kelgan. U uchta vazir – Sherzod Shermatov, Baxtiyor Saidov va Hilola Umarova vazirlik qilgan davrlarda matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritgan yagona matbuot kotibi hisoblanadi. 


2023-yil 6-martda esa Dilfuza Azimjonovna Sobirova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Jamoatchilik va OAV bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i – vazir Hilola Umarovaning matbuot kotibi lavozimi etib tayinlangandi. 


2026-yil oktabr oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Ushbu o‘zgarishdan keyin sobiq vazirliklarning axborot xizmati rahbarlari Dilfuza Sobirova va Nazokat Abduqunduzova ham o‘z faoliyatlarini yakunlaganini ma’lum qilishdi.


Endilikda yangi vazirlikning axborot siyosati va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishiga Doniyor Soliyev rahbarlik qiladi.


Yangi rahbar zimmasiga vazirlik faoliyatining ochiqligini ta’minlash, OAV va jamoatchilik bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritish kabi muhim vazifalar yuklatiladi.


Vazirlikning Raqamli transformatsiya va axborot siyosati departamentiga umumiy rahbarlik esa Mirzayev Manuchexr Boborahimovichga topshirilgan. Joriy yil 21-oktabrda Manuchexr Mirzayev mazkur lavozimga tayinlangandi.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Appointment

Share