Top.Mail.Ru
Hokim Erkinjon Turdimov Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlandi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Hokim Erkinjon Turdimov Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlandi

18:33 / 09.10.2026 778

Surxandaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim va ilm-fan vazirligiga rahbar etib tayinlandi. Uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga ma’qullandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mazkur lavozimga tayinlandi.


Yangi vazirning zimmasiga endilikda mamlakatdagi ta’lim tizimining barcha asosiy bo‘g‘inlarini — maktabgacha ta’limdan boshlab umumiy o‘rta, professional va oliy ta’limgacha, shuningdek, oliy ta’limdan keyingi ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlarini yagona boshqaruv tizimi doirasida muvofiqlashtirish vazifasi yuklanadi.


Ta’lim va ilm-fan vazirligi 2026-yil 3-oktabrdagi Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida tashkil etilgandi. Endilikda esa Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtirilmoqda.


Yangi vazirlik maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, kasbiy ta’lim, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, qo‘shimcha va norasmiy ta’lim sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Bu esa Erkinjon Turdimov uchun avvalgi hokimlik davridagi faoliyatidan ko‘lam jihatidan ancha kengroq.


Erkinjon Turdimov kim?


Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov 1969-yil 10-iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. U 1991-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. “Mehnat shuhrati” ordeni va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.


Mehnat faoliyatini 1991-yilda «O‘zsanoatqurilishbank»ning Sirdaryo filialida bo‘lim bosh mutaxassisi sifatida boshlagan. Keyingi yillarda bank-moliya tizimida turli lavozimlarda ishlagan, 1995-yilda Zarafshon shahri hokimi o‘rinbosari bo‘lgan.


1996–2000-yillarda O‘zbekiston Milliy bankining Navoiy bo‘limida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2000–2008-yillarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hokimi bo‘lib ishlagan.


2008-yilda qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Shundan so‘ng Navoiy viloyatiga rahbarlik qilgan, 2016–2018-yillarda Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lgan. 2018-yildan Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritgan.


2025-yildan Surxandaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Comments 2

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Appointment

Share