Top.Mail.Ru
Maktablarda sport to‘garaklari faoliyati kengaytiriladi: iqtidorli o‘quvchilar “Sport akademiyasi” uchun saralanadi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Maktablarda sport to‘garaklari faoliyati kengaytiriladi: iqtidorli o‘quvchilar “Sport akademiyasi” uchun saralanadi

15:43 / 17.11.2026 20

Umumta’lim maktablarida sport to‘garaklari faoliyati kengaytiriladi, o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari oshiriladi. Maktab sport klublari va to‘garaklar faoliyati elektron platforma orqali yuritiladi. Iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularni professional sportga yo‘naltirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi.


Prezidentning 2026-yil 16-noyabrdagi PQ–396-son qarori bilan sport sohasini raqamlashtirish va samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi.


Qaror bilan “maktabdan Sport akademiyasigacha” g‘oyasi asosida maktab o‘quvchilarini sportga qiziqtirish, sport klublari va to‘garaklariga jalb qilish hamda iqtidorli yoshlarni sport seleksiyasi bazasini kengaytirish belgilandi.


Bunda umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan sport klublari va to‘garaklar ishini rivojlantirish, o‘quvchilarning sport mashg‘ulotlariga qatnashishini ta’minlash hamda ularning natijalarini kuzatib borish ko‘zda tutilgan.


Shuningdek, maktab sport klublari va to‘garaklari faoliyatini elektron shaklda yuritish, sport mashg‘ulotlari davomati, o‘quvchilarning sportdagi natijalari va boshqa ma’lumotlarni yagona tizimga kiritish rejalashtirilmoqda.


Maktab sport klublari faoliyati raqamlashtiriladi


Endilikda “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etish orqali davlat sport-ta’lim muassasalari, sport klublari va boshqa sport tashkilotlari faoliyatiga oid ma’lumotlar jamlanadi.


Jumladan, umumta’lim muassasalaridagi sport klublari va to‘garaklari, ularning murabbiylari, o‘quvchilar ishtiroki hamda sport mashg‘ulotlari davomati haqidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish yo‘lga qo‘yiladi.


Bunda “eMaktab.uz” elektron platformasini “ERP sport” tizimiga integratsiya qilinadi. Natijada maktab sport klublari faoliyatini kuzatish, o‘quvchilarning sport mashg‘ulotlaridagi ishtirokini hisobga olish va iqtidorli yoshlarni aniqlash imkoniyatlari kengaytiriladi.


Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini raqamlashtirish, sport klublari va to‘garaklar haqidagi ma’lumotlarni yagona tizimga kiritish, elektron nazorat mexanizmlarini joriy etish ishlari 2027-yil davomida amalga oshiriladi.


Sport bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaxshilanadi


Qarorda umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni sportga jalb qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish masalasi ham ko‘zda tutilgan.


Xususan, maktab sport klublari va to‘garaklarini zarur sport inventarlari bilan ta’minlash, mavjud sport infratuzilmasidan samarali foydalanish hamda sport mashg‘ulotlarini tashkil etish tizimini takomillashtirish rejalashtirilgan.


Shuningdek, maktablarda sport turlari bilan shug‘ullanish uchun universal qoplamalar yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yiladi.

“Maktabdan Sport akademiyasi” g‘oyasini amalga oshirish uchun 2027-yildan boshlab har yili 5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.


Bu mablag‘lar maktablarda sport to‘garaklarini rivojlantirish va o‘quvchilarni sportga keng jalb qilishga yo‘naltiriladi.


Sport-ta’lim muassasalari faoliyati ham o‘zgaradi


Qarorda sport-ta’lim muassasalarini boshqarish va ularning faoliyatini baholash tizimini takomillashtirishga ham e’tibor qaratilgan.


Jumladan, sport-ta’lim muassasalarida mavjud pullik xizmatlar, to‘lovlar va boshqa moliyaviy operatsiyalarni “ERP sport” tizimi orqali hisobga olish belgilanmoqda.


2027-yil 1-fevraldan boshlab sport-ta’lim muassasalarida mavjud pullik xizmatlar ko‘rsatilishi va tushumlarning to‘liq elektron nazoratini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.


Shuningdek, sport-ta’lim muassasalari xodimlari, murabbiylar va sportchilar haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron tizimda yuritish, ularning faoliyati samaradorligini baholash mexanizmlari joriy etiladi.


Sport maktablari va olimpiya zaxiralari muassasalari qayta tashkil etiladi


Qaror bilan Respublika oliy sport mahorati maktablari negizida Olimpiya terma jamoalari markazini tashkil etish belgilandi.


Ushbu markazning asosiy vazifalari sifatida milliy terma jamoalarni shakllantirish, sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash, ularning tayyorgarligini tashkil etish va zamonaviy moddiy-texnik bazani rivojlantirish etib belgilandi.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Physical education

Share