Ta’lim va ilm-fan vazirligining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi
Ta’lim va ilm-fan tizimini boshqarishning yangi tartibi belgilandi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limdan keyingi ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yagona davlat siyosati yuritiladi.
Davlat universitetlari rektorlari besh yillik strategik rejalar asosida faoliyat yuritadi, oliy ta’lim muassasalari kuzatuv kengashlari tarkibida xususiy sektor va xorijiy universitetlar vakillarining ulushi oshiriladi.
Shuningdek, ta’limga oid hujjatlarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, sohada strategik tadqiqotlar olib borish va boshqaruv samaradorligini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash tartibi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi __-son qarori bilan yangi vazirlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, tashkiliy tuzilmasi, tizim tashkilotlarini qayta tashkil etish tartibi belgilandi.
Vazirlik tizimida qaysi tashkilotlar bo‘ladi?
Qaror bilan Ta’lim va ilm-fan vazirligi tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil etish dasturi va vazirlikning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Tuzilmada davlat oliy ta’lim muassasalari, Kasbiy ta’lim agentligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Bilim va malakalarni baholash agentligini ko‘rish mumkin.
Tashkiliy tuzilmada hududiy boshqaruv bo‘g‘inlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ta’lim boshqarmalari, tuman va shahar ta’lim bo‘limlari ham nazarda tutilgan.
Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi faoliyatini to‘liq tugatib, uning barcha vakolat va funksiyalari Bilim va malakalarni baholash agentligiga o‘tkazildi.
Endilikda Bilim va malakalarni baholash materiallarini ishlab chiqish hamda ushbu yo‘nalishda yagona tashkilot hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, vazirlik avvalgi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi joylashgan Toshkent shahri Olmazor tumani, Universitet ko‘chasi, 7-uy manzilidagi binoga joylashtiriladi.
Shuningdek, sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi joylashgan Toshkent shahri Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 2a-uy manzilidagi binoga vazirlik taqsimotiga muvofiq tizim tashkilotlari joylashtiriladi.
Vazirlik va uning huzuridagi agentliklar to‘g‘risidagi nizomlar loyihalari ikki oy muddatda tayyorlanadi. Uch oy muddatda esa qonunchilik hujjatlariga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi.
Vazirlik markaziy apparatida 404 ta shtat birligi bo‘ladi
Qaror bilan Ta’lim va ilm-fan vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari hamda idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlarda davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining shtat birliklari soni belgilandi.
Unga ko‘ra, vazirlik markaziy apparatining shtat birliklari soni 404 ta etib belgilandi. Ushbu tarkibga vazirning birinchi o‘rinbosari va olti nafar vazir o‘rinbosari lavozimlari ham kiradi.
Vazirlik tizimidagi ayrim tashkilotlar uchun quyidagi shtat birliklari belgilandi:
- Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi — 93 ta;
- Kasbiy ta’lim agentligi va uning hududiy bo‘linmalari — 207 ta;
- Innovatsion rivojlanish agentligi — 96 ta;
- Bilim va malakalarni baholash agentligi — 172 ta.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ta’lim bo‘yicha hududiy bo‘linmalarida jami 903 ta, tuman va shahar ta’lim bo‘limlarida esa 3 419 ta shtat birligi belgilangan.
Ushbu raqamlar boshqaruv xodimlarining shtat birliklariga taalluqli bo‘lib, pedagoglar va ta’lim tizimidagi barcha xodimlarning umumiy sonini anglatmaydi.
Qaror bilan ta’lim va ilm-fan vaziriga vazirlik tizimidagi tashkilotlarning tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirish kiritish vakolati berildi.
Shuningdek, ustuvor dastur va loyihalarni samarali amalga oshirish maqsadida vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan, tasarrufidagi jamg‘armalar hisobidan loyiha ofislarini tashkil etish, ularning vazifalari va tuzilmasini belgilash mumkin.
Vazirlik mahalliy va xorijiy mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilishi, konsalting, ekspertlik, tahliliy xizmatlar hamda ta’lim menejmenti va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha malaka oshirish xizmatlarini belgilangan tartibda xarid qilishi mumkin.
Bundan tashqari, ayrim funksiyalar va xizmatlar, jumladan, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalarida belgilangan ayrim vazifalar ham shartnoma asosida yoki autsorsing orqali amalga oshirilishi mumkin.
Qaror bilan vazirlik markaziy apparatini malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish uchun 2027-yil 1-fevralga qadar istisno tariqasida tanlovsiz ishga qabul qilish imkoniyati ham berildi.
Ta’lim tizimida jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish maqsadida Ta’lim va ilm-fan vaziri huzurida Ta’lim bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.
Bunda ta’lim oluvchilar va pedagoglarning huquq hamda manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik kengashi muhokamasidan majburiy tartibda o‘tkaziladi.
Kengash tarkibiga ta’lim oluvchilar, talabalar, ota-onalar, pedagoglar va ish beruvchilar vakillari kiritiladi.
Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi tashkil etiladi
Ta’lim sohasidagi muammolarni aniqlash, islohotlar samaradorligini baholash va dalillarga asoslangan qarorlar ishlab chiqish maqsadida vazirlik huzurida Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi tashkil etiladi.
Markaz ta’lim va ilm-fan sohasidagi muammolar hamda ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash, muqobil siyosiy yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini baholash bilan shug‘ullanadi. Markaz vazirlik tizimidagi tashkilotlarning mavjud shtatlarini maqbullashtirish hisobidan tashkil etiladi.
Uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruhning asosiy vazifalari qatoriga vazirlik faoliyatini ilg‘or xalqaro tajriba asosida tashkil etish, boshqaruv jarayonlarini maqbullashtirish, vazirlikning vazifa va vakolatlarini aniq belgilash hamda ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kiradi.
Bundan tashqari, ishchi guruh inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mehnat bozori ehtiyojlariga mos ta’lim tizimini shakllantirish, ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Ishchi guruh tarkibi Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Uning tarkibiga xalqaro ta’lim tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari, olimlar, soha mutaxassislari, xalqaro ekspertlar va ta’lim sohasida ilg‘or boshqaruv tajribasiga ega tadbirkorlar jalb qilinishi mumkin.
Ishchi guruh faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun vazirlik huzurida yuridik maqomga ega bo‘lmagan Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlardan tushadigan homiylik hamda moliyaviy yordam mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Call-markaz va qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Ta’lim tizimida aholi va xodimlar bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida vazirlik faoliyatida autsorsing asosida call-markaz va qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Call-markaz aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirishni ta’minlaydi.
Feedback — qayta aloqa tizimi esa aholi, ta’lim oluvchilar va ta’lim hamda ilm-fan tizimi xodimlari bilan muntazam muloqot olib borish, ta’lim xizmatlari sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan tezkor axborot olish hamda mavjud muammolarni tahlil qilish uchun xizmat qiladi.
Bunda tizimning samaradorligi murojaatlarni qabul qilish bilangina emas, balki ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, tegishli tashkilotlarning mas’uliyati va muammolarning amalda bartaraf etilishi bilan belgilanadi.
Davlat universitetlari rektorlari besh yillik strategik reja asosida ishlaydi
Qarorning eng muhim yangiliklaridan biri davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari va ularning filiallari direktorlarini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod qilish tartibiga taalluqli.
Belgilangan tartibga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari va filial direktorlari bilan mehnat munosabatlari yangi mexanizm asosida tashkil etiladi.
Bunda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan taqdim etilgan nomzodlar kelgusi besh yil uchun o‘z strategik rejalarini taqdim etadi. Munosib deb topilgan nomzod bilan vazirlik o‘rtasida besh yil muddatga mehnat shartnomasi tuziladi.
Besh yillik muddat tugagach, rektor yoki filial direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasini uzaytirish yoki bekor qilish masalasi strategik rejada belgilangan vazifalarning bajarilganligiga qarab hal qilinadi.
Oliy ta’lim tashkilotlari boshqaruvini takomillashtirish doirasida kuzatuv kengashlari faoliyatiga ham yangi talablar joriy etildi. Qarorga ko‘ra, barcha davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a’zolarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillaridan iborat bo‘ladi.
Kuzatuv kengashlariga oliy ta’lim muassasalarining mutaxassislik yo‘nalishlari va o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, nufuzli xorijiy adabiyotlar mualliflari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yiliga kamida 50 ta darslik yaratish belgilandi.
Yana bir muhim vazifa — bitiruv malakaviy ishlari va dissertatsiyalarni iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolar yechimiga yo‘naltirish. Bu orqali oliy ta’lim muassasalarida bajariladigan ilmiy ishlarning amaliy ahamiyatini oshirishga e’tibor qaratiladi.
Kuzatuv kengashlari professor-o‘qituvchilar va salohiyatli talabalar ishtirokida kreativ klublar tashkil etish hamda xususiy sektor talablariga mos ilmiy ishlanmalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham faoliyat olib boradi.
Bundan tashqari, kuzatuv kengashlari a’zolari va jalb etilgan ekspertlar mehnati uchun haq to‘lash mexanizmi joriy etiladi.
Kuzatuv kengashlari tarkibida ish beruvchilar va xorijiy universitetlar vakillarining ulushini oshirishdan ko‘zlangan maqsad oliy ta’lim muassasalarini mehnat bozori bilan yaqinlashtirish, ta’lim dasturlarining amaliy ahamiyatini kuchaytirish va universitetlarning rivojlanishiga tashqi ekspertlarni kengroq jalb etishdan iborat.
Maktabgacha ta’limdan ilm-fangacha bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi
Qaror ilovasida Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari batafsil ko‘rsatilgan. Ular ta’limning barcha bosqichlari, tarbiya, pedagoglar malakasi, raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni qamrab oladi.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishida zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘rgatish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratiladi. O‘quvchilarning xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan.
Kasbiy ta’limda texnikumlar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, dual ta’limni kengaytirish va hayot davomida o‘qish tamoyilini joriy etish belgilangan. Ishsiz, ish izlayotgan va xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishni istagan fuqarolarni kasbga o‘qitish ham vazirlikning vazifalaridan biri hisoblanadi.
Oliy ta’lim va ilm-fan sohasida xalqaro mezonlarni joriy etish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash vazifalari belgilangan.
Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Ta’lim mazmuni va tarbiya sohasida bolalar huquqlarini himoya qilish, xavfsiz ta’lim muhitini yaratish, psixologik qo‘llab-quvvatlash, pedagog va rahbar kadrlar malakasini oshirish hamda pedagog kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish belgilangan.
Shuningdek, ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohani raqamlashtirish, sun’iy intellektni rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini kengaytirish, ma’lumotlar himoyasini ta’minlash, nodavlat ta’lim sektorini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish vazifalari ham belgilandi.
Comments 0
Please register to comment!
News
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari milliy sertifikat imtihonida nega 90 ta test topshiradi?
Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirilmoqda
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi
Prezident qarori bilan tashkil etilgan Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga rahbar tayinlandi
News on the topic
News
Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’lim sohasidagi ustuvor vazifalar ham belgilandi.
Education policy
Toshkentda Markaziy Osiyo taʼlim forumi ish boshladi
Bugun, 28-oktabr kuni poytaxtdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida “Markaziy Osiyo: taʼlim, fan va innovatsiyalarning yangi makoni” mavzusidagi xalqaro forum ish boshladi.
News
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
Yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligida hududiy rahbarlar va boshqa mas’ul lavozimlardagi kadrlar faoliyati tahlil qilinadi.
News
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziriga biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida rasman Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi joriy etildi. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha 12 ta shtat birligidan iborat kotibiyat tashkil qilinadi.
English
Edit your comment